O‘n million dollar evaziga bir dona non: jamiyatni zo‘riqtirgan inflatsiyalar

Iqtisodiyot 17:30 / 06.06.2023 46834

Pulning juda tez sur’atda va tinimsiz qadrsizlanib borishi, xarid qobiliyatining tushishi, oziq-ovqat kabi birlamchi mahsulotlarning o‘ta qimmatlashuvi – bir so‘z bilan aytganda, giperinflatsiya yoqimsiz jarayon, albatta.

Noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat oqibati bo‘lgan bu ko‘rgilikni qator xalqlar o‘z boshidan o‘tkazgan.

Aslini olganda, pulning qadrsizlanishini to‘xtatish deyarli imkonsiz ish va bu barcha jamiyatlarga xos. Hatto eng baquvvat valutalardan sanalgan yevro bir yilda bir foiz, dollar 1,7 foizgacha qiymatini yo‘qotadi. Yiliga 2 foizgacha pul qadrsizlanishi normal jarayon hisoblanadi.

Lekin tarixda shunday paytlar ham bo‘lganki, insonlar bittagina non yoki kartoshka sotib olish uchun dasta-dasta pul ko‘tarib yurishga majbur bo‘lishgan. Bugungi kunda dunyoning eng kuchli iqtisodlaridan biri bo‘lgan Germaniya ham bir asr muqaddam pulning keskin qadrsizlanishidan aziyat chekkandi.

Hozirgi kunda yuqori darajadagi inflatsiya asosan rivojlanayotgan davlatlarda qayd etilmoqda.

Inflatsiya – iqtisodiy bo‘hron

Inflatsiya yoki uning «katta akasi» – giperinflatsiya o‘zidan o‘zi sodir bo‘lib qolmaydi. U ko‘pincha noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat, korrupsiya, zaif iqtisod, resurslar yetishmasligi, urush, ocharchilik, qurg‘oqchilik va boshqa ofatlar ta’sirida ham yuzaga kelishi mumkin.

Giperinflatsiya quyidagi mezonlarga qarab aniqlanadi:

  • 3 yil davomida har oyda narxlarning 2 foizga oshishi;
  • birdaniga bir oyning o‘zida narxlarning 50 foizga qadrsizlanishi;
  • narxlarning yiliga 90 foizga oshishi.

Biz yuqorida tilga olgan, bir dona non 10 million dollarga sotilgan Zimbabve atalmish davlatda kaltabin siyosat giperinflatsiyani keltirib chiqargan edi.

Boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, Zimbabveda oq tanli aholi qishloq xo‘jaligida 1980 yillargacha hal qiluvchi rolni o‘ynab kelgan. 1987 yilda hokimiyatga kelgan Robert Mugabe oqlarning yerlarini oddiy xalqqa tarqatib berdi. Afsuski, yer islohoti o‘ta muvaffaqiyatsiz bo‘lib chiqdi: mamlakat jar yoqasiga kelib qoldi. Nochor mamlakatni amal-taqal ushlab turgan tirgak ham sindirib tashlangandi.

Davlat xarajatlari va boshqa to‘lovlarni yopish uchun hukumat sharaqlatib pul bosib chiqara boshladi. Narxlar shu darajada oshib ketdiki, qog‘oz pul hatto hojatxona qog‘ozidan battar qadrsizlanib ketdi. Natijada hukumat puldan hojatxonada foydalanishni taqiqlash borasida maxsus qonun chiqarishga majbur bo‘ldi.

Giperinflatsiya esa shiddatli edi: 17:00ga qadar 100 mlrd Zimbabve dollari bo‘lgan ichimlik bir soatdan keyin 150 mlrdgacha ko‘tarilib ketardi. 2009 yil yanvarida inflatsiya 321 mln foizga yetgandi. Mamlakatda 1 AQSh dollarining qiymati 25 mln Zimbabve dollarigacha yetgan.

Natijada 2009 yilda Zimbabve o‘z banknotalarni chop etishni to‘xtatdi, 2015 yildan to‘liq AQSh dollariga o‘tishini e’lon qildi. Mugabeni esa xalq 2017 yilda ag‘darib qutuldi.

Jafokash Venesuela uchun yana bir balo

Neftga boy Venesuela no‘noq siyosat, betartibliklar, iqtisodiy cheklovlar, nochorlik, jinoyatchilikning yuqori darajasi yetmaganday, pulning qadrsizlanishi borasida bir necha yillardan beri jahon reytinglarida peshqadamlik qiladi.

Ekspertlar respublikada pulning qadrsizlanishi neft narxining tushishi, noto‘g‘ri siyosat, davlatning katta xarajatlari, aholiga pul tarqatish uchun pul bosib chiqarilgani hisobiga ro‘y berdi, deya izohlaydi.

Lekin so‘nggi yillarda ahvol biroz o‘nglangandek, o‘tgan yil hukumat inflatsiya darajasi 234 foizni tashkil etganini e’lon qildi (mazkur ko‘rsatkich 2018 yilda 130 ming foizni tashkil etgan).

Venesuela 2018 yilda ayniqsa katta giperinflatsiyani boshdan kechirdi. O‘sha paytga kelib, bir kilogramm mol go‘shtining narxi 9,5 million bolivargacha ko‘tarilib ketdi (o‘sha paytda 1,45 AQSh dollari). Bir kilo sabzi 3,5 million bolivar, guruch 2,5 million bolivarni tashkil etdi. 2,4 kilogramm tovuq go‘shti esa 14,6 million bolivar turardi (2,22 AQSh dollari).

Natijada prezident Maduro 2018 yil 25 iyulda denominatsiyani e’lon qildi va yangi pul – suveren bolivarni muomalaga kiritdi. Avvalgi pullar 100 000:1 nisbatda almashtirila boshlandi.

Pul ko‘p bo‘lsayam, bir muammo

Shunchaki pulning ko‘p bo‘lishi ham nafaqat shaxslarga, balki butun jamiyatga zarar keltirishi mumkin ekan. Bundan roppa-rosa yuz yil avval Germaniyada ro‘y bergan giperinflatsiya fikrimizni tasdiqlaydi.

Birinchi jahon urushidagi mag‘lubiyatdan keyin qudratga kelgan Veymar Respublikasi zimmasiga yaxshigina reparatsiya yuklandi. Ko‘mirga boy Rur shaxtalarida ishchilar g‘oliblarga shunchaki ko‘mir va boshqa mahsulotlarni qazib berishga qarshi chiqdilar va ish tashlay boshladilar. Namoyishchilarni qo‘llash uchun hukumat pul stanogini ishga qo‘shdi. Natijada giperinflatsiyani nemis hukumati o‘z qo‘li bilan yaratdi, deydi nemis iqtisodchisi Yutta Xoffrits.

O‘sha 1923 yilda Germaniyada bitta buxankaning narxi yuz millionlab reyxsmarkaga oshib ketdi. «Urushlar inflatsiyaga olib keladi», deya yozadi Yutta Xoffrits va fikrini Rossiya–Ukraina qarama-qarshiligidan so‘ng narxlar oshishi bilan dalillaydi.

Dunyoda tarixidagi eng katta kupyura – sekstillion

Ikkinchi jahon urushidan keyin Vengriya o‘ta qiyin ahvolda qoladi. Infrastruktura urushda qattiq zararlangan, bundan tashqari hitlerchilar bilan ittifoq sabab davlat SSSRga reparatsiya to‘lashi kerak edi.

Oqibatda 1945 yil oxiriga borib, 128 ming pyonge bir dollarga tenglashadi. Ahvol shu darajaga boradiki, bir sutkada inflatsiya 400 foizga oshib, bir kunda narxlar besh martalab ko‘tariladi. Hatto bir sekstillion pyongelik (milliard trillion) banknota tayyorlanadi, ammo muomalaga chiqarilmaydi.

Vengriyadagi inflatsiya dunyo tarixidagi barcha pul qadrsizlanishi bo‘yicha rekordlarni parchalab tashlaydi. 1946 yil 1 avgustdan yangi valuta – forint muomalaga chiqadi va 400 oktillion (4⋅1029:1) nisbatdan pyongega almashtiriladi.

O‘zbekiston va uning qo‘shnilarida nima gap?

Venesuela, Zimbabve, Livan, Surinam kabi davlatlardagidek bo‘lmasa ham, inflatsiya muammosi o‘zbek jamiyatida ham mavjud.

Birgina o‘tgan 2022 yilda inflatsiya darajasi 12,25 foizni tashkil etgan (ayrim rahbarlar aytganidek – solishtirish uchun Venesuelada 234 foiz). Yuqoridagi ko‘rsatkich oxirgi uch yildagi eng balandi sanaladi. Lekin shunga qaramay 2023 yil yanvar oyida eng past inflatsiya darajasi qayd etildi – 0,82 foiz. Xususan, 2022 yil yanvar oyida inflatsiya 0,87 foizni, 2021 yilning ilk oyida esa 1 foizni tashkil etgan.

O‘tgan yili MDHda pul qadrsizlanishi bo‘yicha yuqori darajalar Qozog‘iston (20,3 foiz) va Qirg‘iziston (14,7 foiz)da kuzatilgan. Pul qadrsizlanishining nisbatan past darajasi Xitoyda qayd etildi (1,8 foiz).

Abror Zohidov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: