Xalqaro valuta jamg‘armasi rahbari O‘zbekistonga keladi

Iqtisodiyot 21:14 / 05.06.2023 37561

O‘zbekiston Xalqaro valuta jamg‘armasiga 1992 yilning 21 sentabrida a’zo bo‘lgan. 1993 yil sentabrda Toshkentda XVJ vakolatxonasi ochiladi. Ammo 90-yillar oxiriga borib, O‘zbekiston hukumati va XVJ o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlasha boshlaydi. Xalqaro bozorda mamlakatning asosiy eksport mahsulotlari hisoblangan oltin va paxta narxi sezilarli arzonlashadi. Bu esa mamlakatda valuta nazorati va tashqi savdo siyosatida proteksionizm kuchayishiga sabab bo‘ladi. Rasmiy kurs va norasmiy bozor kursi o‘rtasida katta tafovut yuzaga kela boshlaydi.

2001 yilda Xalqaro valuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili sifatida faoliyat olib borgan Kristofer Rozenberg Karimov hukumatining olib borayotgan siyosati barqaror emasligi va iqtisodiy izolyatsiya kuchayib borayotgani sababli fondning O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyati to‘xtatilishini ma’lum qiladi.

O‘zbekistonda hokimiyat almashinuvidan keyin boshqa xalqaro tashkilotlar bilan bo‘lgani kabi, XVJ bilan ham munosabatlar yaxshilana boshlaydi. 2017 yil sentabr oyidan valuta kursini talab va taklifga asosan erkin belgilash tartibi joriy etildi. O‘sha yilning 19 sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va XVJ boshqaruvchi direktori Kristin Lagard o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi va bir qancha kelishuvga erishiladi.

XVJ qanday tashkilot?

Xalqaro valuta jamg‘armasi – BMTning ixtisoslashgan tashkiloti hisoblanib, 1944 yil 22 iyulda Bretton-Vudsda o‘tkazilgan konferensiyada valuta-moliya munosabatlarini tartibga solish maqsadida tashkil etilgan. 1947 yil mart oyidan o‘z faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda 190 ta tashkilot a’zo hisoblanadi va XVJning moliyaviy zaxiralari mazkur davlatlarning badal pullari evaziga shakllantiriladi. A’zolik badali mamlakatlar iqtisodiyotining nisbiy hajmidan kelib chiqib belgilanadi.

XVFning asosiy vazifalari:

  • mamlakatlar o‘rtasidagi qat’iy belgilangan valuta kursi tartibini nazorat qilish va bu orqali milliy hukumatlarga valuta kurslarini boshqarishda yordam berish, valutalar kursi barqarorligiga ko‘maklashish;
  • makroiqtisodiy barqarorlikka erishish va qashshoqlikni kamaytirishga yordam berish;
  • xalqaro savdo kengayishi va muvozanatli o‘sishi uchun qulay sharoitlarni yaratish;
  • a’zo mamlakatlarga o‘z to‘lov balanslarini tiklash, shuningdek, ularning xalqaro to‘lov balanslari taqchilligi davomiyligi va miqdorini qisqartirish uchun muddatli moliyaviy mablag‘lar berish;
  • ko‘p tomonlama to‘lovlar tizimini yaratishda va jahon savdosi rivojiga to‘siq qo‘yadigan valuta almashtirish bilan bog‘liq cheklovlarni bartaraf etish;
  • a’zo mamlakatlardagi qashshoqlik darajasini qisqartishga yordam va tavsiyalar berish.

2019 yil 1 oktyabrdan beri tashkilot boshqaruvchi direktori va ijroiya kengashi raisi lavozimida bolgariyalik iqtisodchi va professor, barqaror rivojlanish bo‘yicha mutaxassis Kristalina Georgiyeva ishlab kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: