Ukraina Rossiyada agentlar tarmog‘ini yaratib, dronlar orqali hujum uyushtirmoqda – CNN

Jahon 19:06 / 05.06.2023 14416

Ukraina Rossiya hududida qo‘poruvchilik faoliyatini amalga oshiruvchi agentlar tarmog‘ini yaratdi va ularni hujumlarni tashkil qilish uchun dronlar bilan ta’minladi, deb xabar berdi CNN AQSh razvedka ma’lumotlari bilan tanish manbalarga tayanib.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, Rossiya hududidan uyushtirilgani aytilayotgan Kremlga dron hujumi ortida aynan shu agentlar turibdi. Bu agentlar 30 may kuni Moskvaga dron hujumida ishtirok etganmi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lumligicha qolmoqda.

CNN suhbatdoshlarining iddao qilishicha, Rossiya ichidagi «sabotaj uyalari» ukrainaparast faollar va «ushbu turdagi urush bilan shug‘ullanish uchun tayyorlangan operativ xodimlardan» tashkil topgan. Ukraina ularni o‘zida ishlab chiqarilgan dronlar bilan ta’minlayapti. Ikki amerikalik mulozimning aytishicha, zarbalar AQSh tomonidan taqdim etilgan dronlar yordamida amalga oshirilgani haqida hech qanday dalil yo‘q.

CNN suhbatdoshlari dronlarni yetkazib berishning aniq yo‘nalishlarini bilmaydi, biroq ular Kiyevda dronlar yoki ularning tarkibiy qismlarini Rossiya hududiga o‘tkazishda foydalanish mumkin bo‘lgan samarali kontrabanda yo‘llari borligini aytishdi.

Yevropa razvedkasi vakili Rossiya-Ukraina chegarasi juda uzun ekanini qayd etdi, bu esa nazoratni qiyinlashtiradi va yuk kontrabandasi uchun qulay qiladi. «Shuningdek, bu Rossiyaning chekkasidagi hududlar ekanini tushunish kerak. Tirikchilik qilish bu joylarda hamma uchun muammo, shuning uchun naqd pul mo‘jizalar yaratadi», dedi manba.

Agentlarni kim nazorat qilishi aniq ma’lum emas. CNN manbalarining fikricha, ular bilan Ukraina razvedkasi xodimlari aloqada bo‘lishi mumkin. Telekanalning ikki suhbatdoshi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina razvedkasi va xavfsizlik xizmatlari qila oladigan «umumiy parametrlar»ni belgilab qo‘yganini, biroq har bir operatsiya davlat rahbarining roziligini talab qilmasligini tushuntirdi.

Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) rasmiysi CNN telekanaliga Rossiya ichidagi «sirli portlashlar va dron hujumlari» davom etishini aytdi. «Biz bu «portlashlar»ni faqat g‘alaba qozonganimizdan keyin izohlaymiz», dedi agentlik vakili.

AQSh razvedka ma’lumotlari bilan tanish bo‘lgan manba so‘zlariga ko‘ra, Kremlga dron hujumlari ukrainaliklarning bunday diversiya uchun infratuzilma qurish bo‘yicha «bir necha oylik sa’y-harakatlarining cho‘qqisi».

AQSh yuqori martabali rasmiylari Rossiya ichidagi zarbalarni ochiq qoralab, urush yanada kuchayib ketishi mumkinligidan ogohlantirgan. Biroq, CNN bilan yuzma-yuz suhbatda AQSh va G‘arb rasmiylari bunday zarbalarni oqlagan va Rossiya resurslarini o‘z hududini himoya qilishga yo‘naltirish mumkin bo‘lgan oqilona harbiy strategiya ekanini aytgan.

CNN suhbatdoshlaridan biriga ko‘ra, Kiyev Rossiya ichida hujumlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda – bu esa Rossiya rasmiylarini ichki xavfsizlik haqida qayg‘urishga majbur qiladigan samarali chalg‘ituvchi taktika.

Ko‘proq yangiliklar: