Oyligi pastlagan shifokorlar: sog‘liqni saqlash vaziri o‘z buyrug‘ini himoya qiladimi?

O‘zbekiston 17:32 / 05.06.2023 18456

 

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 16 iyunda “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilinadi. Unga ko‘ra, tuman-shahar shifoxonalarining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlaridagi o‘rinlar soni pediatriya, terapiya va xirurgiya bo‘limlari tarkibiga o‘tkazilgan. Shu vaqtgacha shoshilinch tibbiy yordam tarkibiga kirgan reanimatsiya bo‘limlari ham to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqa bo‘limlarga qo‘shilgan. Qo‘pol qilib aytganda, reanimatsiya bo‘limlari ikkinchi guruhga tushirilgan holda joriy yil boshidan ularning mehnatiga haq to‘lab boshlangan. Shifokorning oyligi ko‘tarilishi o‘rniga kamaygan.

Payariq tuman tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limi hamshiralari Prezident qarorida bizning toifamiz tushirilgan, biroq Sog‘liqni saqlash vazirining 2023 yil 21 fevraldagi buyrug‘iga asosan bizning darajamiz saqlab qolingan deyishmoqda. 

Shifoxonaning reanimatsiya bo‘limi hamshirasi Iroda Abishevaga ko‘ra, tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilingunga qadar to‘rt million so‘mdan ortiq oylik olib kelgan. Hozirgi vaqtda reanimatsiya bo‘limlari xodimlari 2-guruhga tushirilib, maosh qariyb bir million so‘mgacha kamaygan.

Biroq bizning ish tartibimiz o‘zgargani yo‘q. Eng og‘ir bo‘limda ishlaymiz, jiddiy kasalliklarni yuqtirib olish ehtimolimiz yuqori. Bu vaziyat inobatga olinib, prezident qaroridan so‘ng sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i chiqdi. Unga ko‘ra biz, reanimatsiya bo‘limi xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tartibi o‘zgarmasligi kerak. Biroq ushbu buyruq ijrosi ta’minlanmayapti”, – dedi Abisheva.

Shoira Eshbekovaning aytishicha, Sog‘liqni saqlash, Adliya vazirliklariga va boshqa yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilingan.

Murojaatchilarga tuman adliya bo‘limi tomonidan 2023 yil 15 may kuni javob xati kelgan. Unga ko‘ra, Payariq tuman tibbiyot birlashmasiga 25 aprel kuni “Qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida” taqdimnoma kiritilgan. Biroq taqdimnoma bilan ham vaziyat o‘zgarmagan.

Murojaatdan xabar topgan Payariq tuman moliya bo‘limi mas’ul xodimi Jahongir Niyatov bizga vaziyat bo‘yicha yuqori turuvchi idoralarga xabar berilganini ma’lum qildi. U bizga Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga chiqarilgan xatni taqdim qildi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirining 2023 yil 21 fevraldagi 36-sonli buyrug‘i Adliya va Moliya vazirliklari bilan kelishilmagan hamda Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tmagani aytilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tuman tibbiyot markazlarida ish yuklamalari qayta ko‘rib chiqilib, takliflar, tahliliy materiallar va boshqa zarur ma’lumotlar bilan taqdim qilinsa, o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023 yil 25 apreldagi xatidan anglash mumkinki, Sog‘liqni saqlash vazirining 36-sonli buyrug‘i sabab barcha hududlardagi tibbiyot birlashmalari tomonidan e’tirozlar ko‘paygan. Tibbiyotchilar vazirimizning buyrug‘i bor deyishsa, moliyachilar prezident qarori bor, deyishmoqda. Garchi prezident qarori bilan shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari tarkibida bo‘lgan reanimatsiya bo‘limlari 2-toifaga tushirilgan bo‘lsa-da, amalda ularning ishi ancha og‘irligi sir emas. Buni bevosita reanimatsiya bo‘limlariga aloqasi bo‘lmagan tajribali shifokorlar, birlashma rahbarlari ham tasdiqlashmoqda.

Xulosa qilish mumkinki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu boradagi takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor ekan, Sog‘liqni saqlash vazirligi ham o‘z pozitsiyasini himoya qilib, quyi tizimlardagi xodimlari manfaatdorligi uchun tezroq harakat qilishi lozim bo‘ladi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: