Da’vogarlar poygaga qo‘shilmoqda: Messining keyingi manzili qayer bo‘ladi?

Sport 18:41 / 05.06.2023 38811

6 iyun

Shanba kuni kechqurun Lionel Messining Parij bilan bog‘liq tarixi yakuniga yetdi. Xayrlashuv mavsumning ikkinchi qismi kabi yumaloq-yostiq bo‘ldi. Tarkiblarni e’lon qilish va chempionlarni taqdirlash marosimi vaqtida fanatlarning bir qismi tomonidan hushtakbozlik, hisob 2:2 ekanida yuz foizlik imkoniyatdan foydalana olmaslik va «Park de Prens»da ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqara olgan «Klermon»dan alamli mag‘lubiyat.

Messining «PSJ» futbolkasidagi so‘nggi daqiqalari ham ramziy kechdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda raqib darvozasi tomonidan jarima zarbasi belgilanganida, butun stadion undan mo‘jiza kutdi, ammo darvozaning yuqori burchagiga kirib ketayotgan to‘pni olib chiqqan darvozabonning mahoratiga guvoh bo‘ldi. O‘yin yakunlanganida esa shu kuni jamoadagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazgan afsonaviy futbolchi alam bilan stadionni barchadan oldin tark etdi. Bu yarim yil muqaddam boshi uzra jahon kubogini ko‘targan va dunyodagi eng baxtli odamga aylangan Leoga umuman o‘xshamasdi.

Endi Parij — allaqachon yopilgan sahifadir. Agar hissiyotlar chiqarib tashlansa, unda uchta sovrin (ikki chempionlik va Fransiya Superkubogi), 32 gol va 35 golli uzatmadan iborat raqamlar qoladi. Buyog‘iga — yangi hayot. Va voqealar rivoji bo‘yicha turli variantlarning muhokamasi Leo yangi klubi bilan shartnomaga imzo chekmagunicha to‘xtamaydi.

Yangiliklar poygasida birinchi bo‘lib Diario Sport nashri start oldi. Bir kun avvalroq «Inter Mayami» Messiga 200 million yevro evaziga to‘rt yillik shartnoma taklif etayotgani haqida xabar tarqatgandi. Bir kun o‘tib ma’lumot yangilandi — yangi xabarda «Al-Hilol» 6 iyun kuni Messini o‘zining yangi a’zosi sifatida tanishtirishi aytildi. Argentinalik bilan turizm sohasida tijorat shartnomalari mavjud bo‘lgan Saudiya Arabistonidagilar allaqachon ulkan taqdimot tayyorlashayotganini aytishgan.

Foto: Global Look Press

«Barselona» va moliya masalasi

Messining otasi o‘g‘lining «Barselona»ga qaytish xohishini aytdi. «Leo «Barsa»ga qaytishni istamoqda. Men ham uning bu klubga qaytishini istardim. Buni amalga oshirishimizga ishonaman», dedi Xorxe Messi Joan Laporta bilan uchrashuvdan keyin.

«Barselona»da esa allaqachon bu so‘zlar aytib bo‘lingan. Ko‘k-anorranglilarning Leo bilan do‘stona aloqalarga ega bo‘lgan bosh murabbiyi Xavi Ispaniya chempionatining so‘nggi turi arafasida Messi qaytishini juda istashini va bu klub uchun ustuvor vazifa ekanini aytdi.

«Men u bilan gaplashdim. Avval ham aytganimdek, barchasi Leoning o‘ziga bog‘liq», — deya tan oldi Xavi. Bu bilan u futbolchi istalgancha qaror qabul qilishi mumkinligini bildirdi. Nima bo‘lganda ham murabbiy klubdagi moliyaviy holatni va ligada moliyaviy feyr-pley bilan bog‘liq muammolardan yaxshiroq xabardor, Messi esa kutishni va qaror qabul qilishni cho‘zishni istamasligi mumkin.

Ammo dedlayn 6 iyunga belgilangani to‘g‘risidagi ma’lumot hozircha jiddiy manbalar tomonidan tasdiqlanmadi. Aksincha, hamma narsadan xabardor Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, bir hafta davomida argentinalik futbolchining vakillari «Barsa»dan rasmiy taklif kelishini kutadi. Kataloniyaliklar bu ishni mamnuniyat bilan qilgan bo‘lardi, ammo la ligadan Messining shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha kafolat olmasdan taklif yubora olmaydi.

Kataloniyaliklar moliyaviy ahvolini iyun oyi oxirigacha tartibga keltira olmasligi turgan gap. Ularning rejasi bunga yozning birinchi oyida bir necha jiddiy sotuvlarni amalga oshirgan holda erishishni ko‘zda tutgan, shuning uchun ular uchun ideal ssenariy — taxminlarga asoslangan. Bu liga bilan qandaydir kelishuv bo‘lib, unga ko‘ra, klub muayyan vaqtgacha bir necha futbolchilarini transfer qilib, belgilangan miqdordagi mablag‘ni ishlab olishi kerak bo‘ladi.

Ma’lum vaqt davomida gap 100 million yevro haqida borayotgani aytildi va bu «Barsa»ni tark etayotgan sport ishlari bo‘yicha direktor Mateu Alemani uchun jiddiy vazifa edi. Agar liga, avval ham bir necha bor ro‘y bergani kabi, prinsip qilib turib olsa, argentinalik insayderlarning prognozlari amalga oshadi, unga ko‘ra Messi ko‘k-anorranglilardan taklif kelib tushishini kutib o‘tirmasligi ham mumkin. Qolaversa, bu klubga qaytishi uchun maoshi miqdori sezilarli darajada qisqarishiga rozi bo‘lishi talab etiladigan vaziyat.

Foto: Global Look Press

Britaniyadagi muqobil variant

Agar «Barsa» bilan muzokaralar barbod bo‘lsa, voqealar rivoji uchun yana uch variant qoladi. Yoki apreldan buyon taklif miqdorini oshirmayotgan (yiliga 400 million yevro) «Al-Hilol». Yoki bundan sakkiz barobar kamroq taklif qilayotgan MLS chempionati. Ammo ikki variant ham Messining kamida Amerika Kubogi-2024 turniriga qadar Yevropada to‘p surish bo‘yicha rejasiga to‘g‘ri kelmaydi.

Ko‘hna qit’adan boshqa variant ham bo‘lishi shubhasiz. Romano, muayyan variantni keltirmagan holda, yulduzli futbolchi uchun kurashga qator klublar qo‘shilishga tayyorligini aytgan. Ammo nisbatan kichik manbalar bu bilan cheklanmasdan, futbolchi APL klubiga o‘tishi mumkinligi haqidagi mavzuni aylantirmoqda, bunday variant ilk bor may oyi oxirida Argentinadagi Ole nashrida yangragandi.

Hech kim «Manchester Siti» klubi nomini tilga olmayapti, lekin «Chelsi» va «Nyukasl» nomlari tilga olinmoqda. Ko‘klarning qiziqishiga ishonish mumkin, Todd Boeli kuchli marketing yurishlari qilishni istaydi, ammo Tomas Tuxel Krishtianu Ronaldu bilan shartnoma imzolashga veto qo‘ygandi. Lekin keyingi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etmasligi londonliklarning bu transfer uchun imkoniyatini keskin pasaytiradi.

Yaqinda Neymarga ham qiziqish bildirgan «Nyukasl» esa asosiy yevrokubokda qatnashish imkoniyatiga ega. «Qarg‘alar» tanilishi kerak, bu variantda ushbu klub xo‘jayinlarining pullari tufayli Saudiya Arabistoni reklamasi ham qochib ketmaydi. Umuman olganda, Messining kelajagiga qayg‘urayotgan muxlislar uchun kelayotgan haftalar juda qiziqarli kechishi tayin.

Ko‘proq yangiliklar: