Rad etilayotgan «Bir mamlakat – ikki tizim» – Xitoy va Tayvan mojarosi tarixi

Jahon 11:58 / 03.06.2023 18583

Bugun dunyoning turli burchaklarida bir-biriga hudud da’vo qilib yurgan davlatlar yetarlicha bor. Ular orasida eng keskini va jahon bo‘ylab eng ko‘p muhokama qilinadigani Xitoy va Tayvanning bir-biriga o‘zaro da’volari.

Xitoy Tayvan «Chin yurti»ning bo‘linmas qismi ekanini da’vo qiladi. Qachon bo‘lsa ham bu davlatni o‘z safiga qo‘shib olishini aytadi. Biroq Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng mustaqil boshqaruvga ega bo‘lib kelayotgan Tayvan rahbariyati buning teskarisini aytadi va materik Xitoy o‘zlariga tegishli bo‘lganini da’vo qiladi.

Qolaversa, bu davlat aholisi ham Xitoyga qo‘shilishga qarshi. Quyida Xitoy va Tayvan mojarosi tarixini hikoya qilamiz.

Tayvan yoxud Xitoy Respublikasi tarixi

Xitoy Respublikasining tarixi XX asr boshlariga borib taqaladi. 1911 yilda Xitoyni Gomindan partiyasi boshqara boshlaganda u Xitoy Respublikasi deb atala boshlanadi.

O‘sha paytda bu respublika Xitoyni, yana Mug‘ulistonning bir qismini va bir qancha orolni nazorat qilgan. O‘sha paytda Xitoy kommunistlari bu respublikaga qarshi chiqqan, biroq hokimiyatni tortib olishga kuchi yetmagan.

1930 yillar boshida Yaponiya Xitoy Respublikasi hududlarini egallay boshlaydi. Bir necha yil davom etgan urushda Xitoy Respublikasi yengiladi va 1937 yilda Xitoydagi boshqaruv to‘liq yaponlar qo‘l ostiga o‘tadi.

Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng quvg‘indagi Xitoy Respublikasi rahbarlari Xitoyga qaytadi va mamlakatni o‘z nazoratlariga oladi.

Biroq sovetlardan harbiy yordam olgan Mao Tszedun boshchiligidagi Xitoy kommunistik partiyasi yana Xitoy Respublikasiga qarshi chiqadi. O‘rtada fuqarolar urushi boshlanib ketadi. O‘shanda Moskva Xitoy kommunistlari yordamida bu davlatni o‘z nazorati ostiga olishni maqsad qilgandi.

Urush bir necha yil davom etadi va 1949 yilda Mao Tszedun boshchiligidagi kommunistlar g‘alaba qozonadi.

Shundan so‘ng 1950 yilda Chan Kayshi boshchiligidagi Xitoy Respublikasi hukumati 2 milliondan oshiqroq tarafdorlari bilan Tayvan va Penxu orollariga ko‘chib o‘tadi. Hukumat Tayvan orolidagi Taybey shahrini poytaxt sifatida tanlaydi. Bu ikki orol 1895 yildan buyon Yaponiya tarkibida bo‘lgan va Ikkinchi jahon urushi oxirida ozod qilingandi.

Xitoyni egallagan Mao Tszedun boshchiligidagi kommunistlar Tayvan va uning atrofidagi bir nechta orolga egalik qilgan Chan Kayshi hukumatiga jiddiy xavf tug‘dira boshlaydi. Tayvanni AQSh himoya qiladi va hanuzgacha shunday bo‘lib kelmoqda.

O‘sha paytda Xitoy Respublikasi Tayvan va Penxudan tashqari, Janubiy Xitoy dengizidagi Tszinmen, Matszu va yana bir qator orolni o‘z nazorati ostida saqlab qoladi. Bundan tashqari, respublika Xitoyning materik qismiga ham da’vo qiladi.

O‘sha paytda Xitoy Respublikasi Mao Tszedsun boshchiligida tashkil etilgan Xitoy Xalq Respublikasidan farqli ravishda fuqarolarga keng miqyosda erkinlik bergan edi.

Mamlakat siyosati erkin bozor tamoyillari asosida bo‘lgani uchun Xitoy Respublikasi juda tez sur’atda rivojlana boshlaydi.

Xitoy Respublikasi BMT ta’sischilaridan biri

1945 yil 25 aprelda AQShning San-Fransisko shahrida dunyoning 50 davlatidan kelgan delegatsiya Birlashgan Millatlar Tashkilotini tuzish uchun xalqaro konferensiyaga yig‘iladi.

Konferensiya ikki oy davom etadi va 26 iyun kuni delegatsiyalar tomonidan BMT ustavi imzolanadi. 1945 yil 24 oktyabrdan ustav kuchga kiradi va BMT shu sanadan o‘z faoliyatini boshlaydi.

BMTning ilk ta’sischilari va a’zolari San-Fransiskodagi konferensiyaga vaqtida yetib bora olmay, o‘sha yili ustavni 1945 yil 15 oktyabrda imzolagan Polsha bilan 51 nafar bo‘lgan.

BMT ilk tashkil etilganda hali Xitoy Xalq Respublikasi degan davlat bo‘lmagan, mamlakatni Chan Kayshi boshchiligidagi Xitoy Respublikasi boshqarardi.

Shu sababli San-Fransiskodagi yig‘ilishda Xitoy Respublikasi vakillari qatnashadi va bu davlat BMTning ilk ta’sischilari ro‘yxatiga kiradi.

BMT ustaviga ko‘ra uning xavfsizlik kengashi tarkibida besh nafar doimiy, 10 nafar vaqtinchalik a’zo bo‘lishi belgilangandi. O‘sha paytda BMTning doimiy a’zolari ro‘yxatiga asosan Ikkinchi jahon urushi g‘oliblari AQSh, SSSR, Fransiya, Britaniya kiritiladi.

Dunyodagi aholi soni jihatdan eng yirik davlatlardan biri bo‘lgan Xitoy Respublikasi ham AQSh, Fransiya va Britaniyaning qo‘llovi bilan xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari safiga kiritiladi. O‘sha paytda bu juda katta voqelik edi.

Xitoy Respublikasining BMT va uning xavfsizlik kengashidan chiqarib yuborilishi

Keyinchalik Mao Tszedun boshchiligidagi kommunistlar Xitoydagi boshqaruvni Chan Kayshidan tortib oladi va bu yerda xalq respublikasini tuzadi. Biroq dunyoning ko‘p davlatlari Mao Tszedun hukumatini tan olmaydi.

Mao Tszedun boshchiligidagi XXR hukumati BMTga a’zo bo‘lish uchun bir necha marta ariza topshiradi. SSSR va boshqa sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar qo‘llaganiga qaramasdan arizalar rad etiladi. BMTda Tayvan va uning atrofidagi orollarga qochib o‘tgan Xitoy Respublikasi a’zo bo‘lib qolaveradi.

Biroq 1970-yillar boshiga kelib vaziyat o‘zgaradi. Endi G‘arb davlatlari ham aholisi mlrd nafarga yaqinlashib qolgan Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlikdan manfaatdor edi. Ular BMT va uning xavfsizlik kengashida doimiy a’zolikka Xitoy Respublikasi o‘rniga XXRni o‘tkazishga rozi bo‘lishadi.

1971 yil 25 oktyabr kuni BMT bosh assambleyasi 2758-sonli rezolyutsiyani qabul qiladi. Rezolyutsiyada XXRni BMT a’zoligiga qabul qilish va Xitoy Respublikasining xavfsizlik kengashidagi o‘rnini unga berish ko‘zda tutilgandi.

1971 yil 25 oktyabr kuni BMT bosh assambleyasida Xitoy respublikasi o‘rniga tashkilotga Xitoy xalq respublikasi qabul qilinadi. Bundan quvonayotgan Xitoy vakillari

Bosh assambleyadagi ovoz berishda dunyoning 76 ta davlati rozi, 35 davlati qarshi bo‘ladi. 17 ta davlat betaraf qoladi. Rozi bo‘lganlarning aksariyati sotsialistik lagerga kiruvchi va SSSR ta’siri ostida bo‘lgan davlatlar edi.

Biroq ular orasida Fransiya, Kanada, Avstriya, Niderlandiya, Belgiya, Britaniya, Daniya, Irlandiya, Islandiya, Italiya, Norvegiya, Portugaliya va Shvetsiya kabi g‘arb davlatlari ham bor edi.

Yirik davlatlar AQSh, Avstraliya, Braziliya, Yaponiya kabilar rezolyutsiyaga qarshi chiqishganiga qaramasdan ko‘pchilik rozi bo‘lgani uchun u qabul qilinadi.

Shu tariqa Xitoy Respublikasi BMT a’zoligidan chiqarib yuboriladi va u xavfsizlik kengashining doimiy a’zoligini ham yo‘qotadi.

Shundan so‘ng Xitoy Respublikasining mustaqilligini tan olgan barcha davlatlar buni bekor qilishadi. Diplomatik munosabat o‘rnatganlar siyosiy aloqalarni uzadi. Shu jumladan, har doim Xitoy Respublikasi taraf bo‘lib kelgan AQSh ham.

XXR va Xitoy Respublikasining bir-biriga da’volari

Xitoy Mao Tszedun boshchiligidagi kommunistlar boshqaruviga o‘tgan paytdan boshlab bu davlat Tayvanni o‘zining ajralmas qismi deb hisoblab keladi. Biroq turli sabablarga ko‘ra uni o‘z safiga qo‘shib ololmaydi.

Tayvan BMT xavfsizlik kengashining beshta doimiy a’zolaridan biri bo‘lgan yillarda Xitoy iqtisodiy jihatdan juda qoloq, SSSR yordamida turli harbiy texnika va yadro quroliga ega bo‘lganini aytmaganda qariyb bir mlrd aholining asosiy qismi juda nochor yashardi.

Tayvan esa erkin bozor munosabatlariga asoslangan davlat shakllangani uchun tezda rivojlanib ketadi. Shu sababli nafaqat Chan Kayshi, shuningdek Tayvan aholisi ham aynan boshqaruv shakli va iqtisodiy holat keskin farq qilgani uchun ham qoloq Xitoy tarkibiga kirishni xohlamasdi.

1960 yilda Tayvanga tashrif buyurgan AQSh prezidenti Duayt Eyzenxauer katta dabdaba bilan kutib olingandi. 

O‘sha paytlarda hali BMTga a’zo bo‘lmagan Xitoyning Tayvanga nisbatan da’volarini hech kim jiddiy olmasdi. Biroq Mao Tszezunning vafotidan keyin mamlakatda keng ko‘lamli islohotlar boshlanadi va oradan yigirma yildan sal ko‘proq vaqt o‘tib, 2000-yillar boshida Xitoy dunyoning qoloq davlatidan rivojlangan davlatiga aylanadi.

Biroq shunda ham tayvanliklarning fikri o‘zgarmaydi va ular Xitoy tarkibiga kirishni xohlamaydi.

Bu orada 1997 yilda Xitoy Britaniyadan Hongkongni qabul qilib oladi. Shundan so‘ng XXRning Tayvanga nisbatan da’volari ham keskinroq chiqa boshlaydi.

Bugun Xitoy Tayvanni o‘zining ajralmas bo‘lagi deb biladi. Bu orol davlat Xitoy tarkibida bo‘lishi kerak deb hisoblaydi.

Biroq Tayvanning ham Xitoyga nisbatan olib borayotgan siyosatida o‘z haqiqatlari bor. Unga ko‘ra, Xitoy Respublikasi XX asr boshida tuzilgan va Xitoyda hukmronlik qilgan.

Ikkinchi jahon urushidan keyin esa Mao Tszedun boshchiligidagi kommunistlar Xitoy Respublikasining qonuniy hokimiyatini kuch bilan tortib olgan.

Aynan Tayvan bugun ham ana shu faktlarni ushlab olgan va u hanuzgacha materik Xitoyga o‘zini haqdor deb biladi. Shuningdek, tayvanliklar 1971 yilda BMT va uning xavfsizlik kengashidagi doimiy a’zolikdan chiqarib yuborishlarini nohaqlik bo‘lgan deb hisoblashadi.

Tayvan haqida umumiy ma’lumotlar

Tayvanda erkin bozor iqtisodiyotga asoslangan tuzum bo‘lgani uchun bu davlat tez sur’atlarda rivojlanadi. 1960-yillarda hali Xitoy aholisining juda katta qismi ocharchilik sharoitida yashab yurgan paytida Tayvan juda yuqori iqtisodiy taraqqiyotga erishadi.

Tayvan 1960-70 yillardayoq ancha rivojlanib ketgandi.

Shu sababli bu davlat 1960-yillarda Janubiy Koreya, Hongkong va Singapur bilan birgalikda «Osiyoning to‘rt yo‘lbarsi» deb atala boshlanadi.

  • Tashkil topgan yili: 1911 yil 10 oktyabr;
  • Poytaxti: Taypey shahri;
  • Yirik shaharlari: Yangi Taypey, Taychjun, Gaosyun;
  • Boshqaruv tuzumi; Parlament-prezident respublika;
  • Hududi; 36 ming 197 kilometr kvadrat (O‘zbekiston hududining 9 foiziga teng);
  • Aholisi: 23 mln 332 ming nafardan oshiqroq;
  • Aholi zichligi; 1 kilometr kvadrat hududga 645 kishi to‘g‘ri keladi;
  • Yalpi ichki mahsulot hajmi: 800 mlrd atrofida;
  • Pul birligi: Yangi Tayvan dollari;

Hududi kichik va unda foydali qazilmalar umuman yo‘qligiga qaramasdan Tayvan juda taraqqiy etgan. Mamlakat iqtisodiyotida elektron buyumlar, neftni qayta ishlash, IT-xizmatlar eksporti va boshqa ko‘plab tarmoqlar yaxshi rivojlangan.

Jumladan, Tayvanda bugun dunyoda ishlab chiqarilayotgan mikrosxemalarning yarmidan ko‘prog‘i tayyorlanadi. Apple va boshqa yirik kompaniyalar o‘zlari ishlatayotgan mikrosxemalarni asosan Tayvan kompaniyalaridan sotib olishadi.

Xitoy va Tayvanni ajratib turgan Tayvan bo‘g‘ozidan G‘arb va Sharq o‘rtasidagi muhim dengiz yo‘li o‘tgan. Bo‘g‘ozdan har yili Tayvan, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiyaga turli yuklarni tashiydigan va bu davlatlarning eksport tovarlarini olib chiqib ketadigan minglab yirik kemalar o‘tib qaytadi.

Masalan, 2022 yilda bu yerdan dengiz bo‘ylab harakatlangan yirik kemalarning 88 foizi, yirik konteyner tashuvchi kemalarning 48 foizi o‘tgan.

Garchi Tayvan mustaqilligini dunyoning aksariyat davlatlari tan olmagan bo‘lsa-da, bu davlat juda ko‘plab xalqaro tashkilotga, banklarga a’zo hisoblanadi.

Aksariyat xalqaro tashkilot va banklar, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy hamkorligi tashkiloti va yana boshqalar Xitoyning talabi bilan bu davlat nomini «Xitoy Taypeyi» deb yozadi.

Tayvanliklar o‘z davlatlari bunday nomlanishiga qarshi bo‘lsa ham xalqaro tashkilotlar a’zoligi uchun shunga chidashga majbur.

Tayvan «Bir mamlakat – ikki tizim» taklifini rad etadi

1975 yil 5 aprel kuni Tayvan prezidenti Chan Kayshi, oradan bir yarim yil o‘tib 1976 yil 9 sentabrda Mao Tszedun vafot etdi. Natijada Xitoyda va Tayvanda tashqi siyosat masalalarida o‘zgarishlar ro‘y berdi. Jumladan, Xitoy tashqi dunyo uchun ochila boshladi.

Tayvanda Chan Kayshining o‘g‘li Chiang Chingko mamlakat rahbari bo‘ladi. Shundan so‘ng Xitoyda islohotlar boshlagan Den Syaopin 1977 yilda Tayvanga «Bir mamlakat – ikki tizim» deb nomlanuvchi dasturni taklif qiladi.

Bu dasturga ko‘ra, Tayvan Xitoy tarkibiga qo‘shilsa, ichki va tashqi siyosatni mustaqil belgilashi mumkin bo‘lgan kengaytirilgan avtonomiya berish ko‘zda tutilgandi. Biroq Tayvan bu taklifni rad etdi.

Oradan 20 yil o‘tgach Xitoy Britaniyadan Hongkongni o‘z tarkibiga qo‘shib olar ekan, hongkongliklar bunga qarshi chiqadi. Shunda rasmiy Pekin ularga Hongkongni aynan «Bir mamlakat – ikki tizim» dasturi bo‘yicha boshqarishini, bunda mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga aralashmaslikka va’da beradi.

Bundan tashqari, Xitoy Hongkongga 50 yil, ya’ni 2047 yilgacha mudofaa va tashqi siyosatdan boshqa masalalarda, ijtimoiy-iqtisodiy tizim, shuningdek mahalliy turmush masalalarida mustaqil bo‘lishi kafolati berilgan.

Biroq ko‘p o‘tmay Xitoy Hongkongga bergan va’dalarini buza boshladi va unga bosimni oshirib bormoqda. Oqibatda, so‘nggi yillarda Hongkongda Xitoy tuzumiga qarshi noroziliklar kuchayib bormoqda.

Bundan tashqari, Xitoy «Bir mamlakat – ikki tizim» dasturini yana bir hudud Makaoga ham qabul qildirgan va u yerda ham aynan hongkongliklar duch kelayotgan muammolar bor.

Xitoyning Honkong va Makaoga nisbatan tutgan yo‘li ham tayvanliklarni hushyor torttirdi va ular Xitoyning taklifini hech qachon qabul qilmasliklarini aytib kelishmoqda.

Jumladan, 2022 yil 11 avgust kuni Tayvan tashqi ishlar vazirligi vakili Joan Ou mamlakat poytaxti Taybey shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Bir mamlakat – ikki tizim» dasturi Tayvan tomonidan hech qachon qabul qilinmasligini yana bir bor takrorladi.

AQSh – Tayvanning asosiy himoyachisi

Xitoy Xalq Respublikasi tuzilib, bu davlat Tayvanga da’vo qila boshlagandan buyon orol davlatni AQSh qo‘llab kelmoqda. Amerika Tayvanni himoya qilishda asosiy rolni o‘ynamoqda.

2022 yil may oyida prezident Bayden Tokioda Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida bilan uchrashuv chog‘ida jurnalistlarning savollariga javob bera turib, agar Xitoy Tayvanga hujum qilsa AQSh orol davlatga harbiy yordam ko‘rsatishini aytadi.

Albatta, Baydenning bu gapi Xitoy tomonidan keskin tanqidlar bilan qarshilandi. Ko‘p o‘tmay AQSh mudofaa vaziri Ostin Lloyd Amerika yagona Xitoy siyosatini davom ettirishini ta’kidladi.

1979 yilda AQSh Pekin rahbariyatini Xitoyning yagona hukumati sifatida tan oladi. Biroq shu bilan birga Amerika siyosatchilari Xitoy Tayvanni kuch bilan egallashiga yo‘l qo‘ymasliklarini ta’kidlab keladi.

AQSh 1971 yilda XXR BMTda Tayvanning o‘rnini egallagandan keyin bu davlat bilan rasman diplomatik aloqalarni uzgan. Biroq Amerika qonunchiligi AQShning Tayvanga o‘zini o‘zi mudofaa qilish vositalari yetkazib berishni talab qiladi.

Bundan tashqari Amerika Tayvanning tashqi savdo aylanmasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Har ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi so‘nggi yillarda 100 mlrd dollardan oshmoqda.

AQShning yuqori lavozimli shaxslarining Tayvanga tashrif buyurishi har safar juda katta voqelikka aylanadi va bu Xitoyning tanqidiga sabab bo‘ladi.

Jumladan, 2022 yil iyul oyi oxirida AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlariga tashrifini boshladi. Tashrifdan avval u boradigan davlatlar orasida Tayvan yo‘q edi.

Nensi Pelosi o‘tirgan samolyot Tayvan poytaxtiga qo‘nayapti

Pelosi Singapur va Malayziyaga borganidan so‘ng Tayvanga tashrif buyurishi haqida e’lon qildi. O‘sha zahoti Xitoy tomonidan tahdidiy bayonotlar berila boshlandi.

O‘shanda Bayden Pelosining Tayvanga borishini ma’qullamagan, bu masalada ular o‘rtasida tushunmovchilik ham kelib chiqqandi. Biroq Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi Pelosi Tayvanga borish huquqiga egaligi, Oq uy esa AQSh Kongressi mustaqilligini hurmat qilishini aytib chiqdi.

«Spiker Tayvanga tashrif buyurish huquqiga ega. AQShning ko‘p yillik siyosatiga muvofiq, Pekinda ushbu ehtimoliy tashrifni qandaydir inqirozga aylantirish uchun hech qanday sabab yo‘q», degandi u jurnalistlarga.

Pelosi Tayvanga qarab jo‘nar ekan, Xitoy harbiylari Tayvan bo‘g‘ozida faollashadi, harbiy manyovrlar o‘tkazishadi.

Xitoy tomoni har qancha tahdid qilmasin Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurdi. U o‘tirgan samolyot 2022 yil 2 avgust kuni tunda Tayvanga qo‘ndi.

Samolyot qo‘ngach Pelosining ofisi rasmiy bayonot berdi. Unda Kongress delegatsiyasi tashrifi Amerikaning Tayvan demokratiyasini «qo‘llab-quvvatlashda ikkilanmasligi» hamda bu tashrif AQShning Xitoy bo‘yicha siyosatiga «hech qanaqasiga zid emasligi» aytilgandi.

Pelosining tashrifi davomida The Washington Post gazetasida «Men nima uchun Tayvanga Kongress delegatsiyasiga rahbarlik qilyapman?» sarlavhali maqola chiqdi.

Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurgach Xitoyda bunga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkaziladi va uning portreti oyoqosti qilinadi.

Maqolada kongressvumen AQSh Tayvan xavfsizligini ta’minlashga va’da bergani va hozirda Tayvan demokratiyasi Xitoy tomonidan xavf ostida qolganini unutmaslik kerakligini aytadi: Pelosining so‘zlariga ko‘ra, Pekin so‘nggi yillarda orol atrofida harbiy faollikni shu qadar oshirganki, bu AQSh Mudofaa vazirligini Xitoy Tayvanni kuch bilan qo‘shib olishga tayyorlanayotgani haqida xulosa chiqarishga majbur etgan.

«Bizning tashrifimiz Tayvan o‘zini va o‘z erkinligi himoya qilar ekan, Amerika uning yonida turishi haqidagi aniq bayonot sifatida qabul qilinishi kerak. Bugun, dunyo avtokratiya va demokratiya tanlovi qarshisida turganida, Amerika Tayvanning 23 millionlik xalqi bilan birdamlik ko‘rsatishi har qachongidan muhim», degan u.

Spiker 1991 yilda Xitoyga Kongress delegatsiyasi bilan tashrif buyurgani hamda Tyananmen maydonida «Xitoydagi demokratiya uchun qurbon bo‘lganlar xotirasiga» yozuvi tushirilgan lentani ko‘targani haqida eslatgan. U Xitoyda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat tobora yomonlashayotganini ta’kidlagan.

1991 yilda, Pekindagi Tyananmen maydonidagi namoyishlar shafqatsizlik bilan bostirilganidan ikki yil o‘tib, o‘shanda Kaliforniya shtatidan kongressmen bo‘lgan Pelosi Xitoy poytaxtiga kelgandi.

O‘shanda u rasmiy eskortdan ajralib chiqib, yana ikki nafar kongressmen bilan birgalikda Xitoy tomoni ruxsatisiz shahar maydoniga kirgan va kameralar qarshisida «Xitoydagi demokratiya uchun qurbon bo‘lganlar xotirasiga» yozuvi tushirilgan kichik qora bannerni ko‘tarishgandi.

O‘shandan buyon 30 yildan ko‘proq vaqt o‘tdi va Pelosi Xitoyga nisbatan tanqidiy qarashlarini o‘zgartirgani yo‘q. U doim Xitoyni inson huquqlarini buzib kelayotganlikda ayblab keladi.

Umuman olganda AQShning Tayvan hamda Xitoy bilan munosabatlari shu – Vashington «Yagona Xitoy» siyosatini davom ettiradi. Shu bilan birga hech qachon Xitoy Tayvanni kuch bilan egallashiga yo‘l qo‘ymaydi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: