Millat muammosi – nega o‘zbek bolalar adabiyoti “koma”dan chiqolmayapti?

O‘zbekiston 13:26 / 03.06.2023 14197

Yaqinda e’lon qilingan savodxonlik bo‘yicha xalqaro reytingda o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari 49-o‘rinni egalladi. Natija Afrika ayrim davlatlari o‘quvchilariniki bilan deyarli bir xil. Ta’lim uchun sarflanadigan milliardlar o‘zini qanchalik oqlayapti? Xalq, jamiyat kitobdan qachon bunchalik uzoqlashdi? Quyida mutaxassislar fikriga quloq tutamiz

Bolalar adabiyoti – bo‘shliq qayerda?

Muazzam Ibrohimova bolalar psixologi va yozuvchisi

— Bolalar adabiyotidagi muammo — millat muammosi. Muammo bolalar adabiyotiga past nazar bilan qarashdan boshlangan. Hozir ham shunday holat. Yozuvchilar uyushmasidagi Bolalar adabiyoti bo‘limi Anvar Obidjon, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Tursunboy Adashboyev davrida yaxshi ishladi. Hozir bolalar adabiyotiga hech qanday rag‘bat yo‘q.

O‘zim 3 ming nusxada kitob chiqardim, lekin sotolmadim. Hatto bolasini kitob olishdan qaytargan onalarni ham ko‘rdim. Ba’zi oilalarda ota-ona umuman kitob o‘qimaydi. Bolaga shunchaki kitob berib qo‘yish ish bermaydi, ular bilan birga o‘qish kerak. Sahna asarlari tarzida rol ijro qilib berib, hatto eng ko‘rimsiz kitobga ham bolani qiziqtirish mumkin.

Yoshligimda kitob do‘koniga kirib, pulim yetmagan kitoblarni o‘sha yerning o‘zida o‘qirdim. Uyimizdagi javonda kitoblar yoshimizga moslab terib qo‘yilardi. Dadam qaysi mamlakatga borsa, o‘sha yerdan kitob olib, telefon qilib kitobdan parcha o‘qib berardi. Safardan qaytgunicha intiqib kutardim. Hozir o‘zbeklar dunyoga tarqalib ketdi. Nega endi o‘sha yerdan kitob sotib olib, uyiga jo‘natmaydi, nega jo‘natgan pulidan kitob olib berishni aytmaydi? To‘yga, uyga, mashinaga pul ajratiladi, lekin bolaning o‘qishi uchun ajratilmaydi.

“Galaktikada bir kun”, “Koinot javohiri” kitoblari muallifi Sa’dulla Quronov

— Bolalar adabiyotini rivojlantirish niyatimiz bo‘lsa, urg‘uni har xil tadbirlar, kutubxonalarni ko‘paytirish, tarjima qilish, chop etishga bermaslik kerak. Ya’ni bu ham yechim, lekin asosiysi emas. Ilmiy tadqiqotlarga asoslangan rivojlantirish rejalarini tuzish kerak. Masalan, bolalar matnini o‘qish masalasi bor – matnni necha yoshli bola tushunadi, qanday anglaydi. Buning ustida tilshunoslar, psixologlar, adabiyotchilar ishlashi kerak. Har bir yosh toifasi uchun lug‘at yaratish va yozuvchilarga taqdim etish kerak. Va buni vakolatli tashkilot nazoratga olishi lozim. Xorijiy tajribada bu narsa bor, tekshiruvchi platforma saytlari ham mavjud. Bizda bunday imkoniyatlar yo‘q. Badiiy matnga ilmiy yondashmaslik bolalar adabiyotini oqsatayotgan omillardan.

 O‘zbekcha bolalar kitoblari qanday bo‘lishi kerak?

"Plastikakl kim?", "Doktor Chixaxl va uning mudhish siri" kitoblari muallifi Madina Mo‘minova

– Yoshlarga nasihat qilishmas, qanaqadir yo‘l bilan tushuntirish kerak. Bola bu narsalarni o‘zi tushunishi kerak, shunda uning aqliga, ko‘ngliga o‘rnashib qoladi. Ichki madaniyat bo‘ladi. Hozirgi bolalar juda tez va ko‘p narsani qabul qiladi. Ularga cho‘zilib ketgan asarlar yoqmaydi, kitoblar xuddi kino ko‘rgandek bo‘lishi kerak.

Asarni yozayotganimda bolalarim bilan maslahatlashib, fikr olib yozganman. Bolalar uchun asar yozganda ularni hammuallif darajasida jarayonga taklif etish kerak deb o‘ylayman. Bolalar uchun qiziq bo‘lgan kitob kattalar uchun ham shunday bo‘lishi kerak. Chunki bola kitob o‘qishi uchun ota-ona birga o‘qishi lozim. Ota-ona bola tiliga tushunib, kirib boradi.

Sa’dulla Quronov:

– Bolalar adabiyoti komada deyishadi. Yaqin o‘tmishda Anvar Obidjon, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Tursunboy Adashboyev kabi katta adiblardan ayrildik. Yangi nomlar yo‘qligi, bugungi kun bolasining estetik didiga mos asarlar yo‘qligi katta bo‘shliqni keltirib chiqaryapti. Bolalar adabiyoti maktabi so‘nib qolgan. Janr masalasi ham bor. Fantastika, komiks kabi yo‘nalishlarda asarlar yo‘q deyarli. Komiksdagi zamonaviy milliy qahramon yo‘q. Hatto multfilm qahramoni ham yo‘q.

Bolalar yoshiga mo‘ljallangan o‘zbekcha kitoblar bormi?

Sa’dulla Quronov:

– Dinara Mo‘minova kichik yoshdagi bolalar uchun rasmli kitoblar yaratdi, 3-5 yoshli bolalar uchun birinchi bo‘lib kitoblar yozdi. Qolaversa, Saida Rashidovaning «Do‘pka voqeasi» kitobi ham bor. Yaqin yillarda Erkin Malikning «Chumolilar mamlakati» kitobi, Qobiljon Shermatovning «Bobomning oshqozonidagi mamlakat» kitobi chiqdi. O‘zim esa ilmiy fantastika janrida yozaman, chunki o‘zbek adabiyotida bu yo‘nalish oqsayapti. Ilmiy fantastikada voqealar ilm-fan bilan asoslanadi. Fan haqida bilimga ham ega bo‘ladi bolalar. «Galaktikada bir kun» nomli kitobimda 12 yoshli Ahmad ismli bola haqida gap boradi. Unda Ahmad kemasi buzilib qolgan o‘zga sayyoraliklarga yordam beradi. Kitobda astronomiyaga oid ma’lumotlar berib o‘tilgan, bu esa bolalarga qiziqarli.

Muazzam Ibrohimova:

– Zamira Ibrohimovaning yosh toifalariga ajratilgan to‘plami bor. Bir marta nashr etildi xolos, hozir esa yo‘q. Gulnoza Tojiboyeva degan bolalar yozuvchisi ham shunaqa shaklda kitob qilyapti. Umuman olganda, harakatlar bor. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ham bolalar adabiyotiga bag‘ishlangan tanlovlar bo‘ldi. U yerda ham o‘ziga yarasha kamchiliklar bo‘ldi. Bolalar adabiyotini rag‘batlantirish uchun toza odamlar ishlashi kerak, moddiy manfaat o‘ylaydiganlar emas.

Turkiyada bolalar adabiyoti qanday rivojlandi?

Muazzam Ibrohimova:

– 20 yilcha oldin Turkiyada ham xuddi shunday kitobxonlik darajasi tushib ketgan. Anjuman o‘tkazilib, muhokamalar bo‘lgan. Bolalar adabiyoti uchun juda katta mablag‘ ajratilgan, hozir ham shunday.

Turkiyaga ko‘p boraman va u yerdagi bolalar adabiyotini o‘rganaman, kitob do‘konlariga kiraman. U yerda yozilgan asar chop etilishidan oldin bolalar yozuvchilariga va yoshi mo‘ljallangan bolalarga beriladi. Ular o‘qib xulosa berishadi, bolalar ham o‘z fikrini aytadi. Shunga ko‘ra yana o‘zgartirishlar bo‘ladi, kamchiliklar to‘g‘rilanadi. Kitob shu darajaga keltiriladiki, bola uni o‘qiydi, albatta. Do‘konlardan kitobsiz chiqib ketayotgan onani ko‘rmaysiz, kitob do‘konlarning eng yaxshi qismi ham bolalarga ajratilgan. Bundan tashqari, barcha kitoblar rang-barang, bir rangi yoqmasa, boshqasini oladi bola. Narxlar ham arzon.

Turkiyada «Diyonat vaqfi» fondi tomonidan juda katta ko‘lamda kitoblar chop etiladi. Ayniqsa, bolalar adabiyotiga e’tibor berilgan. Faqatgina latifalar qahramoni sifatida tushuntiradiganimiz Nasriddin Afandi nomidagi kutubxona ham bor. Bu qahramon aqlli, ma’rifatli, namunali inson sifatida tanitiladi.

Bundan tashqari, Anqaradagi Millat kutubxonasida kitob yozish bo‘yicha tanlov e’lon qilinib, o‘sha bolalar yozgan qo‘lyozmalar kutubxonaga qo‘yilgan. Kelajakda buyuk yozuvchi bo‘lib ketishsa, birinchi qo‘lyozma bizda deb maqtanamiz, degan gaplardan bola qanchalik ruhlanadi?! Kutubxonachilarga bibliopsixodogiya ham o‘qitiladi. Ya’ni kutubxonachilar bolaning psixologiyasini bilishi lozim, kerakli kitob tavsiya eta olishi, qiziqtirishi kerak bo‘ladi.

Kim nima qilishi kerak?

Sa’dulla Quronov:

– Rivojlangan mamlakatlarda bolalar adabiyoti katta subsidiya oladi. Soliqlardan ozod qilinadi. Loyihalar qilinadi, katta mablag‘ ajratiladi. Shu tomondan ham bizda aniq loyihalarni ko‘rmadim. Yoshlar ittifoqi tomonidan «Bolalar uchun eng yaxshi kitob» tanlovini o‘tkazdi. Yaxshi natija beruvchi tanlov bo‘ldi, yangi nomlar kashf etildi, yangi asarlar chiqdi. Katta mablag‘, rag‘bat ortida bo‘ldi bular.

Xorijda esa bolalar adabiyoti bo‘yicha alohida tashkilotlar mavjud. Barcha resurslar shunga yo‘naltirilgan alohida tashkilot yo‘q bizda. Xalq ta’limi vazirligi qoshida Respublika bolalar kutubxonasi bor faqat. Lekin uning asosiy ishi maktablarni kitob bilan ta’minlash, ijodiy, ilmiy izlanishlar yo‘q.

Men aytayotgan narsalarga ko‘p pul ketadi. Tadqiqotlar bo‘ladi, platformalar yaratiladi. Biror bir tashkilotga shu vakolat berilib, imkoniyat yaratilsa, yaxshi bo‘lardi.

Bizda intellektual mehnat yaxshi qadrlanmaydi. Nashriyot katta shartnoma taklif etolmaydi, barchasi xususiylashib ketgan. Oldin bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan Cho‘lpon nomidagi nashriyot bor edi. Shaxsiy nashriyotlar ham kitobxonlik madaniyati pasaygan jamiyatimizda o‘zining moddiy holatini zo‘rg‘a ushlab yuribdi. Davlat bolalar adabiyoti uchun alohida investitsiya kiritishi kerak.

Shu bilan birga, ma’lum bir asardan bolalarning estetik zavq olish darajasi baholanmagan bizda. Oliy ta’limga test topshirilganda ham faqat fakt ma’lumotlar so‘raladi. Ya’ni bolaning asarni tushunish darajasi baholanmaydi. Bola asardagi ma’lumotlarni yodlasa bo‘ldi hozir. Kitobxonlikka bo‘lgan muhabbat so‘nib qoldi o‘z-o‘zidan. Adabiyot darsliklarida berilgan asardan parchalar to‘liq asarni o‘qishga tortuvchi, qiziqtiruvchi bo‘lishi kerak. Kitobxonlik madaniyati so‘ndi. Yaqin 30 yilda ta’lim olgan insonlar kitob ahamiyatini his etolmasligi uzoqni ko‘rolmaslik xolos.

Nima qilsak kitobxon millat bo‘lamiz?

Muazzam Ibrohimova:

– 40 mlnga yaqinlashyapti xalqimiz. Faqatgina juda kam odam kitob o‘qiyversa, faqat mardikorlar chiqadi. Dunyoni ushlaydigan avlodlar yetishtirib bo‘lmaydi bu ketishda. Nashriyotlar chiqargan kitobi sotilmaguncha boshqa kitob chiqarishi qiyin. Chunki mablag‘ yetishmaydi. Nashriyotlarga eng kam foizlarda kreditlar berilishi, grantlar ajratilishi kerak.

Bolalar adabiyotiga kirishimga sabab bolalarimga ma’lum kitoblarni, ertaklarni o‘qib bergach, nima o‘qib berishni bilmay qolganman. Bolalarimga ertak to‘qirdim o‘zim... Harakatlarim besamar ketmadi, oliygohlarni a’lo baho tugatyapti farzandlarim. Hozir 4 yoshli kichkina o‘g‘lim dinozavrlarni nomma-nom biladi, turlarini aytib beradi. Shunchaki ma’lumotlarni o‘qib bermaymiz, singdiramiz, muhit yaratamiz. Shu dinozavrlarga qiziqish ortidan rus, turk tillarini o‘rganyapti. Biz ham bolaga qo‘shilib o‘sha olamga kirib tushuntiramiz, qiziqish bildiramiz, yana kitoblar olib kelib beramiz. Aytmoqchimanki, onalar o‘qishi kerak, o‘zi qiziqmasa ham qo‘liga kitob olsin. Ona o‘qimishli bo‘lsa, millat o‘qimishli bo‘ladi va shu millatning boshqa millatlar ichida o‘z o‘rni, hurmati bo‘ladi.

Zuhra Abduhalimova, suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: