Bloomberg: Rossiyaga qarshi sanksiyalar dunyoda «dollar gegemonligi»ga salbiy munosabat keltirib chiqardi

Jahon 10:59 / 03.06.2023 16424

AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritib, uning valuta zaxiralarini muzlatib qo‘yganidan so‘ng, boshqa davlatlar dollarga qaramlikni kamaytirish ustida ishlay boshladi, deb yozadi Bloomberg. 

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, «dunyoda dollarning gegemonligiga salbiy munosabat bildirilmoqda». Bloomberg ta’kidlashicha, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va aslida uning jahon bank tizimidan chiqarilishi mamlakatlarga AQSh valutasiga qaramligini eslatgan. Siyosatshunoslik dotsenti, «Baksga qarshi kurash: AQSh moliyaviy sanksiyalari va dollarga qarshi xalqaro qarshilik» kitobi muallifi Deniyel Makdauell ta’kidlaganidek, davlat arboblari sanksiya ssenariylariga tayyorlana boshlagan, bu AQSh tomonidan tahdidlar va tiyib turish choralarini samarasiz qiladi. Makdauellaning fikricha, jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar kichik bo‘lishi mumkin, ammo bu «Amerikaning iqtisodiy qudratini pasaytiradi». 

Milliy valutalarda hisob-kitoblar bo‘yicha shartnomalar, xususan, Braziliya va Xitoy tomonidan tuzilgan. Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva aprel oyida BRICS mamlakatlari o‘rtasida savdo uchun dollarga muqobil valutani joriy qilishga chaqirgan edi. «Dollar oltindan keyin hisob-kitoblar uchun valutaga aylanishiga kim qaror qildi? Nega iyena emas, nega real emas, nega peso emas? Chunki bir paytlar bizning valutalarimiz zaif edi va boshqa mamlakatlarda hech qanday qiymatga ega emas edi», dedi Braziliya prezidenti. 

Hindiston va Malayziya o‘zaro savdoni rupiyda amalga oshirishga qaror qilishdi. Shunga o‘xshash mexanizm ustida ish Hindiston va Rossiya o‘rtasida ham olib borilgan, biroq may oyida Reuters uning to‘xtatilganini e’lon qildi. Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand, Filippin, Bruney, Laos, Singapur va Myanma) mintaqaviy savdo va sarmoya uchun a’zo mamlakatlar valutalaridan foydalanishni boshlashga qaror qildi. Indoneziya Janubiy Koreya bilan ham to‘g‘ridan to‘g‘ri rupiy va vonda ayirboshlash bo‘yicha shartnoma imzoladi.

Xalqaro hisob-kitoblar banki ma’lumotlariga ko‘ra, jahondagi barcha valuta operatsiyalarining qariyb 88 foizi dollarda amalga oshiriladi. Bloomberg agentligi qayd etishicha, transchegaraviy dollar oqimlarini qayta ishlovchi banklar AQSh Federal zaxira tizimida hisobraqamlariga ega bo‘lgani uchun ular AQSh sanksiyalariga duchor bo‘ladi. Aprel oyida AQSh moliya vaziri Janet Yyellen dollar bilan bog‘liq sanksiyalardan foydalanish AQSh valutasi «gegemonligiga putur yetkazishi» xavfi borligini tan oldi. Shu bilan birga, Yyellen ma’lum sabablarga ko‘ra dollar jahon valutasi sifatida qo‘llanilayotgani va davlatlar uchun bir xil xususiyatlarga ega muqobil variant topish qiyin bo‘lishini ta’kidladi. K2 Asset Management tadqiqot bo‘limi rahbari Jorj Buburasning aytishicha, u «hech bo‘lmaganda keyingi avlod uchun hukmron valuta sifatida dollar o‘rnini bosa oladigan hech qanday aktivlarni ko‘rmayapti». 

Ko‘proq yangiliklar: