O‘zbekistonda 2022 yilda aholi jon boshiga YaIM 2255 AQSh dollariga teng bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan Oliy Majlis Senatining yalpi majlisiga taqdim qilingan hisobotda aytiladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘tgan davrga nisbatan o‘sish qariyb 15 foizni tashkil qilgan.
Qayd qilinishicha, 2022 yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi 5,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, inflatsiya darajasi 12,3 foiz bo‘lgan. Bu esa, o‘z navbatida, aholi real daromadlarining yuqori sur’atlarda (o‘sishi 9,7 foiz) o‘sib borayotganligida hamda yil yakunida jon boshiga YaIM hajmining 2 255 AQSh dollariga yetganligida namoyon bo‘lgan.
2022 yilda ichki valuta bozorida, iqtisodiy faollikning ortib borishi ta’sirida, chet el valutasiga bo‘lgan talab va taklifning yuqori sur’atlarda o‘sishi kuzatilgan. Xususan, ichki valuta bozorida 2021 yilga nisbatan qariyb 1,3 barobarga ko‘p, 27,7 mlrd AQSh dollari sotilgan, valutalar xaridi hajmi esa, 1,4 barobarga oshib, 14,8 mlrd AQSh dollarini tashkil qilgan.
So‘mning almashuv kursi nisbatan barqaror darajada shakllanib, 12 oylik devalvatsiya ko‘rsatkichi 3,9 foiz doirasida qayd etilgan. Oltin-valuta zaxiralari esa, 36,4 mlrd AQSh dollari (2021 yilga nisbatan 1 mlrd AQSh dollariga ko‘p) miqdorida shakllanishiga imkon bergan.