Rossiya qisman harbiy safarbarlik e’lon qilingan 2022 yilda 60 mingdan ortiq norezidentlar o‘zbek banklarida hisobvaraq ochgan. Bu haqda Senatning 41-yalpi majlisida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov ma’lum qildi.
Majlisda Nurmurodov Markaziy bankning 2022 yildagi faoliyati yuzasidan hisobot berdi. Senator Shavkat Jalolov o‘tgan yili aholi banklarga qo‘ygan omonatlar tarkibida xorijiy valutadagi omonatlar ulushi kamayganiga e’tibor qaratdi.
“Hisobot yilida aholi omonatlari qoldig‘i 1,7 barobarga oshib, 63 trln so‘mga yetgani qayd qilingan. Bu yaxshi tendensiya. Lekin omonatlarning tarkibi bo‘yicha xorijiy valutada qo‘yilgan omonatlarni bir yildan yuqori muddatga qo‘yish 2021 yilga nisbatan 9 foizga kamaygan, talab qilib olguncha bo‘lgan muddatga qo‘yish, aksincha, 9 foiz oshgan. Hozirgi kunda aksariyat aholi o‘zining xorijiy valutasini uyda saqlashga harakat qilyapti. Ya’ni aholi xorijiy valutadagi mablag‘larini bankka qo‘yishdan manfaatdor emasdek. Aholining tijorat banklariga ishonchini qay darajada baholaysiz?” – dedi Senat a’zosi.
Markaziy bank raisining aytishicha, valutadagi depozitlarda, ya’ni muddatli depozitlarda kamayish sodir bo‘lganini ikkita holat bilan izohlash mumkin.
“Birinchisi, dedollarizatsiya. Ya’ni dollar kursidagi kichik tebranishlar saqlanib qolishi va omonatlar bo‘yicha foizlarning 21-22 foizga shakllanishi valutadagi mablag‘larini olib, so‘mda depozit qo‘yishga qiziqishlarni oshiryapti. Banklardan depozitlar o‘sish manbalarini so‘raganmiz: valutadagi depozitni so‘mga o‘tkazish kuchaygan. Bu yaxshi holat deb baholaymiz.
Bu banklarga ishonch pasaygani yoki odamlar dollarni uyda saqlayotgani bilan bog‘liq desak to‘g‘ri bo‘lmaydi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, aholi qo‘lida 12 mlrd dollarga yaqin [naqd] dollar bor. Biz ularning hammasini jalb qila olmaymiz. Lekin bankda dollarni so‘mga aylantirib, muddatli omonatga qo‘yish jarayoni boshlangan. Bu banklarga milliy valutada kredit berishga imkon yaratadi”, – dedi u.
Mamarizo Nurmurodovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilgi geosiyosiy vaziyat tufayli o‘zbek banklarida hisobraqam ochgan norezidentlar soni 60 mingdan oshgan. Ular qariyb 892 mln dollarga yaqin ekvivalentdagi mablag‘larni banklarga qo‘ygan.
“Bu o‘z-o‘zidan norezidentlar depozitlar qo‘yishining keskin o‘sishi hisobiga qariyb 9,5 barobarga oshdi. Shuning hisobiga talab qilib olinguncha valutadagi depozitlarimiz oshdi”, – dedi regulyator rahbari.