Erdo‘g‘an deklaratsiyada 259 ming dollar qarzi borligini ko‘rsatdi

Jahon 23:30 / 01.06.2023 24306

Turkiyaning qayta saylangan prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning 5 million 390 ming turk lirasi (259 ming dollar yoki qariyb 3 milliard so‘m) qarzi bor. Bu haqda hukumat axborotnomasi Resmi Gasete tomonidan e’lon qilingan hujjatda (.pdf) keltirilgan. 

Deklaratsiyaga ko‘ra, hozirgi kunda Turkiya rahbarining hisob raqamida 1,8 million liradan (86 ming dollar yoki 980 million so‘m) ortiq mablag‘ bor. 

Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning 5 million lira miqdoridagi kreditori sifatida Mustafo Erdo‘g‘an ko‘rsatilgan. Hujjatda uning kimligiga aniqlik kiritilmagan. Turkiyaning Diken nashri Mustafo Erdo‘g‘an prezidentning ukasi ekanini ta’kidlaydi. 

Deklaratsiyaga ko‘ra, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an oilasi Istanbulning Osiyo qismidagi Uskudor tumanida 7 million 695 ming turk lirasi (382,9 ming dollar yoki 4,3 milliard so‘m) qiymatidagi uy va Rize viloyatidagi Dumonqoya qishlog‘ida 2 ming kv.m. yer uchastkasiga ega (u 10 ming lira, 480 dollar yoki qariyb 5,5 mln so‘mga baholangan). 

Deklaratsiyaga ko‘ra, Erdo‘g‘anning shaxsiy avtomobili yo‘q. U Turkiyaning uchta bankida hisob raqamiga ega va mablag‘larini faqat lirada saqlamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: