BMT Shimoliy Koreya harbiy sun’iy yo‘ldosh uchirganini qoraladi

Jahon 14:43 / 31.05.2023 7050

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Shimoliy Koreya tomonidan harbiy sun’iy yo‘ldosh uchirilgan bo‘lishi mumkinligini keskin qoraladi. Guterrish matbuot kotibi Stefan Dyujarrik 31 may, chorshanba kuni ma’lum qilishicha, ballistik raketa texnologiyasidan foydalangan holda har qanday uchirish BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini buzadi.

«Bosh kotib KXDRni bu kabi harakatlarni to‘xtatish va Koreya yarimorolini to‘liq denuklearizatsiya qilish va mustahkam tinchlik o‘rnatish maqsadiga erishish uchun kechiktirmasdan muloqotni davom ettirishga chaqirishini takrorlaydi», — deyiladi xabarda.

Ayni vaqtda, Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Vashington va Seul bilan Koreya yarimorolida tinchlik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha uch tomonlama telefon orqali muzokaralar o‘tkazishini ma’lum qildi. Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Osiyo va Okeaniya mamlakatlari masalalari departamenti direktori Takexiro Funakoshi, AQShning Shimoliy Koreya bo‘yicha maxsus vakili Son Kim va Janubiy Koreya TIVning Koreya yarimoroli bo‘yicha maxsus vakili Kim Pxenyan sun’iy yo‘ldosh uchirganidan keyingi vaziyatni muhokama qilib, Shimoliy Koreya rahbariyatining harakatlarini qoraladi. Harbiy sun’iy yo‘ldoshning uchirilishi «mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy va to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid, shuningdek, xalqaro hamjamiyat uchun aniq va jiddiy xavfdir», deya ma’lum qildi Tokio.

Avvalroq Seul KXDR janub tomon obekt uchirgani, Pxenyanda uni « raketa tashuvchi» deb atagani haqida xabar bergan edi. Shu munosabat bilan Janubiy Koreya poytaxtida havo trevogasi e’lon qilindi, aholidan evakuatsiyaga tayyor turish va birinchi navbatda «bolalar va qariyalarni xavfsiz joylarga yetkazish» so‘raldi. Biroz vaqt o‘tgach, mamlakat Ichki ishlar vazirligi shahar hokimiyati tomonidan yuborilgan ogohlantirish «noto‘g‘ri tuzilgan»ligini bildirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: