Beqarorlik namunasi – toshbaqa tezligida qurilayotgan Nurafshon

Jamiyat 18:17 / 31.05.2023 23849

Oxirgi yillarda respublikada qurilish, obodonlashtirish masalasiga katta urg‘u berilyapti. Bu yo‘nalishga ajratilayotgan mablag‘lardagi nollar hisobi ko‘zni qamashtiradi. Shu bilan birga, aynan shu qurilishlar joylarda hokimlar o‘zgarishi bilan loyihalarning ham o‘zgarib ketayotganini yaqqol ko‘rsatib qo‘yyapti.

Ayni holatni Toshkent viloyatidagi “Nurafshon siti” taqdirida ham kuzatish mumkin.

Yangi hokim, yangi loyiha, yangi hamkorlar

Avvalo Nurafshonni rivojlantirish voqealari xronologiyasi bilan tanishsak.

Uzoq yillar To‘ytepa deb atalgan shaharning nomi 2017 yilda Nurafshon deb o‘zgartirildi va viloyatning ma’muriy markaziga aylantirildi. Bu vaqtda viloyatga Shukrullo Boboyev hokimlik qilayotgandi. Shaharning bosh rejasi ishlab chiqilib, Nurafshonda tubdan o‘zgarishlar sodir bo‘lishi aytildi. Bu qurilishlarga sarflash uchun jami 2 mlrd dollar ajratildi. Bu yerda koreyaliklar bilan hamkorlikda smart shahar barpo etilishi haqida xabar berildi.

2018 yilda Nurafshonning O‘zbekistondagi birinchi “smart sity”, ya’ni aqlli shahar bo‘lishi ma’lum qilindi. Bu paytda hokim G‘ulomjon Ibragimov edi.

Ammo 2019 yilda viloyatda hokimlikka Rustamjon Xolmatov tayinlandi va loyihada o‘zgarish bo‘ldi. Endi bu yerda “smart sity” emas, “Nurafshon siti” qurilishi uchun yangi loyiha imzolandi. Bu loyihani Singapurning "Universal Success Enterprises Limited" kompaniyasi amalga oshirishi aytildi.

2021 yilga kelib viloyatda yana hokim o‘zgardi va shu bilan birga loyiha ham o‘zgardi. Endi bu yerda “Nurafshon business city” konsepsiyasi asosida sport-sog‘lomlashtirish va ijtimoiy soha obektlari barpo qilinishi aytildi.

Viloyat hokimi vazifasida 9 oydan oshiqroq o‘tirgan Davron Hidoyatov o‘z o‘rnini Zoyir Mirzayevga bo‘shatib berishi bilan investorlar ham, loyiha ham yangisiga joy bo‘shatdi. Endi singapurlik hamkorlar emas, yana janubiy koreyalik hamkorlar bilan ishlanishi, loyihaning nomi Nurafshon-Korea New City bo‘lishi ma’lum bo‘ldi. Bu kompaniya sitiga 5 mlrd dollargacha sarmoya kiritishi aytildi.

O‘zbekistondagi eng yirik yangi shaharsozlik namunasi qanday ahvolda?

Bu loyiha O‘zbekistondagi eng yirik shaharsozlik loyihalaridan biri bo‘lishi aytilgan. Quruvchilar ikki smenalab ishlab, binolar jadal sur’atlarda qad rostlayotgani, loyihaning amalga oshirilishi rahbariyat nazoratida ekani va 2025 yilda siti suratlardagidek ko‘rinishda foydalanishga topshirilishi ma’lum qilingan.

Yuqorida sog‘lomlashtirish va ijtimoiy soha obektlari quriladi dedik. Bular nimalar? Loyihaga ko‘ra, Nurafshon sitida viloyat hokimligi, huquq-tartibot idoralari (sud, prokuratura) binolari qurilishi kerak edi. Yana kutubxona, amfiteatr, yoshlar ijod markazi, prezident maktabi, bank, soliq idorasi, turizm boshqarmasi, poliklinika, ko‘ptarmoqli shifoxona, TATU filiali, biznes markazlar va ko‘p qavatli turar joy majmualari, sport arenasi, matonatli ona Zulfiya Zokirova xotirasiga bag‘ishlangan xotira majmuasi va boshqa ko‘plab binolar qurilishi kerak edi. Aytish mumkinki, bu haykal masalasida ham chiqarilgan qarorlardagi beqarorlik haykal taqdirini mavhumlikka qo‘ygan. Haykal majmuasi quriladi, qurilmaydi, keyin esa qurilish kechiktiriladi, deyildi. Ajratilgan joy esa hamon tashlandiq holatda huvillab turibdi.

Mana, 2023 yil ham yarimlab qoldi. Ammo Nurafshonni yangilashga kelishib olish qancha uzoq cho‘zilgan bo‘lsa, uni o‘zgartirish undan ham ko‘proqqa cho‘ziladiganga o‘xshaydi. Ro‘yxatda aytib o‘tilgan binolarning aksariyati hali qurilmagan. Masalan, hozirning o‘zida faqat viloyat prokuraturasi, prezident maktabi va yana ayrim binolarni ko‘rish mumkin xolos. Qolganlari esa hozircha afsona.

Davlat organlarining binolari respublika budjeti va Toshkent viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Boshqa obektlarni qurish – investorlarning o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda ishtirok etuvchi investorlar, quruvchi tashkilotlar va norezidentlarga soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilgan.

“Bayramga topshiriladi”

Shahar nomi va viloyat markazi o‘zgarganiga naq besh yil bo‘ldi. Aytilgan rejalar, amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarning katta qismi nima sababdan bajarilmayotgani yuzasidan izoh so‘rab Nurafshon biznes siti investitsiya va savdo bo‘limi bilan bog‘landik. Bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Boynazarovning so‘zlariga ko‘ra, viloyat huquq-tartibot idoralari binosi va TATU filiali joriy yilning mustaqillik bayramiga qadar qurib topshiriladi. Shuningdek, prezident maktabi ro‘parasida qurilishi kutilayotgan Zulfiya Zokirova haykali ham o‘sha vaqtga tayyor bo‘lishi ma’lum qilindi. Ammo u yerda haykalning qurilish ishlarini ko‘rmadik.

Mutasaddining aytishicha, hozir Amerika va Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik olib borilyapti.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, hokimlar o‘zgarishi bilan eski hokim davridagi loyiha o‘zgarishga uchrab, yangi qarorlar qabul qilingan, hamkorlar ham o‘zgargan. Eslatib o‘tamiz, aynan Toshkent viloyati hokimlar almashish bo‘yicha yetakchi hudud sanaladi.

Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi: Boymirza Xalilov

Ko‘proq yangiliklar: