Benzin ishlab chiqarish va import qilish keskin oshdi. Bunga sabab nimada?

Iqtisodiyot 14:12 / 30.05.2023 50707

Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda 504,6 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 32 foizga ko‘p.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda benzin asosan Buxoro va Farg‘onadagi neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqariladi (shuningdek, Oltiariqda ham NQZ bor).

Gazeta.uz’ning o‘zida mavjud ma’lumotlarga tayanib yozishicha, 2023 yil boshidan beri benzin importi miqdori bir necha barobarga oshgan. Dastlabki to‘rt oyda 335,2 mln litr benzin import qilingan, bu – o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobarga ko‘p.

Yetkazib berishning umumiy qiymati 136,67 mln dollarni yoki litri 0,4 sentni (Markaziy bankning joriy yilning yanvar-aprel oylari uchun o‘rtacha kursi bo‘yicha 4624,4 so‘m) tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizga arzon.

Mamlakatga olib kirilgan benzinning asosiy qismi (97,7 foiz) Rossiyadan import qilingan. O‘zbekiston Rossiyadan o‘tgan yilga nisbatan 2,3 baravar ko‘p – 327,8 mln litr benzinni 132,3 mln dollarga (litri 0,4 sentdan yoki 4579 so‘m) sotib olgan.

Avvalroq, Rossiya hukumati birja savdolarida narxlar oshishi sababli benzin eksportini qisqartirish masalasi muhokama etilayotgani ma’lum qilingandi. Bu O‘zbekistondagi narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin.

Shuningdek, Turkmanistondan 2,15 mln litr (0,6 foiz) benzin 1,41 mln dollarga (litri 0,65 sent yoki 7452 so‘m), Belarusdan 2,33 mln litr benzin 1,7 mln dollarga (litri 0,73 sent yoki 8316,7 so‘m) import qilingan.

Statagentlik hisobotida keltirilishicha, 2023 yilning dastlabki 4 oyida O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlarining importi 45,9 foizga ko‘payib 621,7 mln dollarni, eksporti esa 89 foizga oshib, 64,4 mln dollarni tashkil qilgan.

Import hajmi oshishiga nima turtki bo‘ldi?

2022 yil dekabr oyida metan-shoxobchalar faoliyatiga cheklov qo‘yilishi ortidan benzinga talab keskin oshib ketgandi. Shundan so‘ng 2022 yil 10 dekabrdan AI-80 avtobenzini uchun aksiz solig‘i nol stavkada qo‘llanishi va birjada narxlar o‘sish darajasi cheklanishi belgilangandi. Keyinroq, soliq imtiyozlarini qo‘llash muddati 2023 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi. Mazkur omil joriy yilda benzin importining sezilarli darajada oshishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Qo‘shni mamlakatlarda narxlar qanday?

Globalpetrolprices.com sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 22 may holati bo‘yicha yuqori sifatli 1 litr benzin narxi Turkmanistonda 4900 so‘mni, Qozog‘istonda 5590 so‘mni, Rossiyada 7340 so‘mni, Qirg‘izistonda 7900 so‘mni, Afg‘onistonda 8600 so‘mni tashkil etgan. Tojikistondagi narxlar bo‘yicha ma’lumotlar berilmagan. O‘zbekistonda esa 10640 so‘m ekani qayd etilgan.

Benzin narxi qanday shakllanadi?

O‘zbekistonda hukumatning tegishli qarorlari bilan (2017 yil 15 noyabrdan boshlab AI-92, AI-93, AI-95 va AI-98 markali, 2019 yil 15 avgustdan boshlab AI-91 markali, 2020 yil 1 maydan boshlab AI-80 markali) avtomobil benzini chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan va ushbu mahsulotlarni neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Ya’ni narxlar bozordagi erkin talab va taklif qonuniyati natijasida shakllanishi ko‘zda tutilgan. Shunday bo‘lsa-da, jahon bozorida neft narxining pasayishi doim ham ichki bozordagi narxlarga ta’sir qilavermaydi.

O‘zbekistonda benzin iste’molchilarga yetib borgunga qadar turli ko‘rinishlarda eng ko‘p soliq qo‘shiladigan tovarlardan biri hisoblanadi. Yuqori benzin narxi iqtisodiyot uchun juda ham xatarli. Chunki benzin narxi oshishi proporsional tarzda iste’molni kamaytirmaydi va barcha tovar va xizmatlar bahosiga bosim o‘tkazadi. Yonilg‘i energetika resurslari narxlari o‘sishi bilan birinchi navbatda oziq-ovqat, keyin xizmatlar narxlari qimmatlashishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: