XDP O‘zbekiston prezidentligiga nomzod va uning dasturini tasdiqladi

O‘zbekiston 13:50 / 29.05.2023 11389

Bugun, 29 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XIII qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoy kun tartibida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod ko‘rsatish hamda nomzodning dasturi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Qurultoyda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi masala atroflicha muhokama qilindi. Partiya Markaziy Kengashining joriy yil 12 may kuni bo‘lib o‘tgan plenumida Xalq demokratik partiyasidan partiya Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov nomzodini ilgari surish haqida qaror qabul qilingan edi.

Shundan so‘ng Saylov kodeksiga muvofiq, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi vakolatli vakili O‘zbekiston prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat so‘rab Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni topshirdi. Hujjatlarni o‘rganib chiqqan Markaziy saylov komissiyasi O‘zXDPning 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berdi.

So‘zga chiqqan partiya faollari Ulug‘bek Inoyatov nomzodini qo‘llab-quvvatladilar. Qurultoyda nomzod masalasi bo‘yicha muhokamalardan so‘ng O‘zbekiston prezidenti saylovida Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatovni nomzod sifatida ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi.

Qurultoyda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzodning Dasturi to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi. Nomzod dasturida ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatda ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligi mezonlariga mos keladigan demokratik ijtimoiy davlatni barpo etishdir, deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, dasturda davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish yo‘nalishlarida 100 ga yaqin taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda. 

Ijtimoiy davlatchilik poydevori, barqaror jamiyat va farovon turmush asosi sifatida kuchli ijtimoiy siyosat sohasida pensiya tizimini takomillashtirish, “Eng kam iste’mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida”gi, “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obektlarini ulush qo‘shgan holda qurishda ishtirok etish to‘g‘risida”gi, “Uy-joy qurilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish, tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, maktablar o‘quv dasturlarida chet tillar va IT bo‘yicha o‘quv soatlarini keskin ko‘paytirish, “maktab solig‘i”ni joriy etish, ijara kompensatsiya tizimini doktorantlarga nisbatan ham joriy etish, pensionerlarning hayot darajasini yaxshilash, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish kabi tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Barqaror taraqqiyot va ijtimoiy farovonlik asosi sifatida ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish maqsadida iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolish, mahalliy investorlarga xorijiy investorlar bilan bir xil imtiyozlar berish, qimmatbaho mol-mulk uchun soliq joriy etish, Internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali tijoriy faoliyat, reklama bilan shug‘ullanayotganlar daromadlarini soliqqa tortish, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sohalarni hamda o‘zini o‘zi band qilgan deb hisoblanadigan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish kabi tashabbuslar o‘rin olgan.

Qonun ustuvorligini, tenglik va inson huquqlarini ta’minlash garovi sifatida sud-huquq islohotlariga ham nomzod dasturida alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu yo‘nalishda viloyat, tuman (shahar) sudlari raislarining har yili rotatsiya qilish, odil sudlovni amalga oshirishda hakamlar hay’ati institutini joriy qilish, sohaviy nazorat organlari (inspeksiyalar) faoliyatini kuchaytirish, fuqarolarning mehnat huquqlari amalga oshirilishida jamoatchilik nazorati va mehnat inspeksiyasining rolini oshirish, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘laklarini xatlovdan o‘tkazib, svetoforlar bilan jihozlash bo‘yicha dastur qabul qilish kabi taklif-tashabbuslar o‘rin olgan.

Nomzodning dasturida ijtimoiy tenglikka va xalq hokimiyatchiligiga asoslangan demokratik boshqaruv tizimini isloh etish bo‘yicha ijro hokimiyati tomonidan muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish, ayrim davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga o‘tkazish, davlat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining bevosita ishtirokini kengaytirish hamda siyosiy partiyalar, ularning deputatlik birlashmalarining huquq va vakolatlarini yanada kengaytirish kabi takliflar ilgari surilmoqda.

Bildirilishicha, dasturda ochiqlik va milliy manfaatlar ustuvorligiga asoslangan konstruktiv tashqi siyosat masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu yo‘nalishda inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarga qo‘shilish, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi takliflar ilgari surilmoqda.

Qurultoyda O‘zbekiston prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatiladigan nomzodning dasturi ham tasdiqlandi.

Ko‘proq yangiliklar: