Italiyada sayyohlar bo‘lgan kichik kema ko‘lda po‘rtana tufayli cho‘kib ketdi

Jahon 08:12 / 29.05.2023 9130

Italiyada, Lago-Majore ko‘lida qayiqda sayohat qilgan bir necha kishini qidirish ishlari olib borilmoqda. Kema 28 may, yakshanba kuni kechqurun Lombardiya mintaqasidagi ko‘lning janubiy qismida po‘rtana oqibatida ag‘darilib ketdi. Qayiqda 23 nafar sayyoh va ikki ekipaj a’zosi bo‘lgan.

Mahalliy favqulodda xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, voqeadan so‘ng kamida 19 nafar qayiq yo‘lovchisi qutqarib olindi – ulardan ba’zilari o‘zlari qirg‘oqqa suzib borishga muvaffaq bo‘lishgan. Ayni vaqtda mahalliy OAV bir kishi halok bo‘lgani haqida xabar bermoqda.

Avvalroq Italiya shimolida kuchli suv toshqinlari sodir bo‘lgan edi. Ikki hafta ichida mintaqada yarim yillik yog‘ingarchilik miqdori qayd etildi, 20 dan ortiq daryo qirg‘oqlaridan toshib ketdi, tog‘li hududlarda 300 ga yaqin ko‘chki tushib, ko‘plab yo‘llar to‘sib qo‘yildi. Lombardiya bilan chegaradosh Emiliya-Romanya provinsiyasi so‘nggi 100 yilda mamlakatdagi eng kuchli suv toshqinidan zarar ko‘rgan.

Natijada 36 mingdan ortiq odam uylaridan evakuatsiya qilingan, rasmiylar kamida 14 kishi halok bo‘lgani va bir necha kishi bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan. Suv toshqini Italiyaning Imola shahrida bo‘lib o‘tadigan "Formula-1" bo‘yicha jahon chempionatining ham bekor qilinishiga olib keldi.

Ko‘proq yangiliklar: