Eron harbiylari va toliblar o‘rtasidagi to‘qnashuvda uch kishi halok bo‘ldi

Jahon 19:51 / 28.05.2023 24602

27 may kuni Eron va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara punktida ro‘y bergan qurolli to‘qnashuv oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Erondagi IRNA davlat agentligi xabariga ko‘ra, jang vaqtida eronlik chegarachilardan ikki nafari halok bo‘lgan, tinch aholi vakillaridan yana ikki kishi yaralangan, toliblar esa «jiddiy yo‘qotishlarga uchragan».

Afg‘onistonda hokimiyatni egallab turgan «Tolibon» vakili har ikki tomondan bir nafardan kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Tomonlar bir-birini mojaro keltirib chiqarishda ayblagan va birinchi bo‘lib raqib tomon o‘t ochganini da’vo qilgan.

Toliblar ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtga kelib chegaradagi vaziyat nazorat ostida.

«Al-Jazira» telekanaliga ko‘ra, avvalroq Eron prezidenti Ibrohim Rais «Tolibon»ni suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha 1973 yilda tuzilgan kelishuvni buzishda ayblagandi. Bu kelishuv Hilmand daryosiga taalluqli bo‘lib, ikki mamlakatning chegara hududlaridan oqib o‘tadi. Afg‘oniston tomonida toliblar daryoni to‘sib qo‘ygan, to‘plangan suvdan elektr energiyasi ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi maydonlarini sug‘orishda foydalangan. Qurg‘oqchilik kuzatilayotgani tufayli Eron uchun ham ushbu daryo suvlari juda muhim hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: