Yurtda baraka yo‘q. Savdo sust. Qimmatchilik... Xo‘sh, sabab nimada?

Jamiyat 14:34 / 27.05.2023 26380

Qurilish boshlagandim, taxta bozorga bordim. Ustalar «5x3 reyka kerak», dedi. Bozordan reyka qaradim. Narxi 5500 so‘m ekan. Bir sotuvchi «Aka, sizga 5x3 kerakmi? Bular 5x3 degani bilan shuncha chiqmaydi. Mana...», deb o‘lchab berdi. Haqiqatda 4x2 ekan. 5x3 olish uchun 6x4 deganidan olish kerak ekan. Rozi bo‘lib, 6x4 oldim. Ustalar bo‘yini 6 metrlik bo‘lsin degan edi. 6 metrlik so‘radim. «Mana», deb darrov yuklashni boshladi. Birdan kallaga fikr kelib qoldi: «uka shoshmang, metrni oling», dedim-da, o‘lchadim. 6 metr deb sotilgan reka 5,70 sm ekan. Ham enidan, ham bo‘yidan....

Yurtda baraka yo‘q. Savdo yo‘q. Qimmatchilik...

* * *

Ustalar bilan g‘isht urishga shartnoma qildim. G‘ishtni urganidan emas, mashinada kelganidan sanar ekan. Zilda kelgan g‘ishtni erinmay donalab sanadim. 2500 ta deyilgan g‘ishtdan insofligi 200 ta, standarti 350 ta kam kelar ekan. Usta shuni bilgani uchun urganidan emas, kelganidan hisob olar ekan. Ham mashinada kelganidan, ham ustadan zarba yeysiz.

Yurtda baraka yo‘q. Savdo yo‘q. Qimmatchilik...

* * *

Ustalar hammasi qurilish materiallari sotadigan qaysidir do‘konga yetaklaydi. Ustalar u yerdan karta ochib olgan. Plastikka o‘xshagan. Uyni egasi borib savdo qiladi. Ustaga o‘n foiz kartasiga pul kelib tushadi.

Yurtda baraka yo‘q. Qimmatchilik...

* * *

Bir aka antifriz chiqardilar. Antifriz qog‘ozda yozilgani kabi -20 gradus va -40 graduslik chiqdi. Bozordagi hamma mahalliy antifrizdan qimmat. Sababini tushunmay, hamma antifrizlarni olib kelib, -5 gradus xolodilnikka qo‘ygan. Uch soatda hamma antifriz taxta bo‘lib qolgan. Ishlab chiqaruvchilarga holat videoga olib yuborilgan. Hoji akalar parvoyiga ham olmagan.

Yurtda baraka yo‘q. Qimmatchilik... ekanini aytishadi.

* * *

O‘rtog‘im benzin zapravkada ishlaydi. Eng insofli zapravka o‘niga bir litr, qolganlari ikki litr urar ekan. «Meni bilganim urmaydigani yo‘q», deydi. Hamma bilar ekan shundayligini.

Yurtda baraka yo‘q, hammayoq qimmatchilik emish.

Boshqa bir tanishimning ishi porasiz, otkatsiz bitmas emish. Pora bermasa, davlat tashkilotlari olmas emish.

Aytishicha, yurtda baraka yo‘q. Avvalgiday savdo yo‘q emish.

* * *

Uyfurushlarga uyingizni sotmoqchi ekaningizni aytasiz. Bo‘ldi, naqdga o‘zimiz olamiz, deb baholaydi. Tabiiyki siz qimmatroq narx xohlaysiz. Uyog‘iga tuzog‘iga tushganingiz shu. Kanalida e’lon beradi uyingiz sotilishi haqida. Siz mijoz kutasiz. Uyingizni olmoqchi bo‘lgan xaridor uyfurushga telefon qiladi. Uyfurush u uy sotilganini, istasa boshqa uy borligini aytadi. Sizga esa hamtovog‘ini jo‘natadi. Hamtovoq uyingizni ko‘rib, dastlabki uyfurush aytgan narxdan ancha past baho aytadi. Shu tariqa uchinchisi, to‘rtinchisi kelib arzon narx aytaveradi. Toqatingiz toq bo‘lib, birinchi aytgan narxingizga o‘zingiz olib qo‘ya qoling, deysiz. Xo‘p, deydi deb o‘ylaysizmi? Sodda bo‘lmang. Endi uyingizni birov olmayotganini, boshida berganda mayli deb olishini, hozir esa yana besh yuz yoki ming arzonga olib qolishini aytadi. Pul zarurligidan rozi bo‘lib yuborasiz. Bu «priyom»ni hammaga ham qilmaydi. Pul zarur, «pojar» degan odamlar «jirniy kliyent».

Ha, aytgancha, juma kuni makler akalarimiz ishlashmaydi. Dam olish kuni...

* * *

Bozorda kabelchilar bor. Davlat muassasalariga, qurilish obektlariga sim sotishadi. Ulgurji. Zavoddan kabelni olib, cho‘zishadi. Xato eshitmadingiz. Eshiladi. 2x2.5 kabel, 2x2 yoki undan ham kamroqqa, metri ko‘proqqa aylanadi. Zavod upakovkasini qaytadan qilib, sizga berishadi. Butun boshli katta zavodlar qurib, kabel sotib yotishibdi. Tsexda qilingan, birortasi aytilgan talabga javob bermaydigan kabellar. Lekin tonnalab, navbatga qo‘yib sotishadi. Otkat bor ekan, kabel sotilaveradi.

Lekin avvalgiday savdo yo‘q. Baraka yo‘q ekan.

* * *

Bu kabi ishlarning sanog‘i yo‘q. Oddiy soda bor. Sovet davridan beri 500 grammli qadoqda bo‘lar edi. Grammi kamayib, kamayib, 250 grammga tushgan. Bilmagan «haqiqiysi falonchida qimmat ekan, mana bu arzon sotadi», deb olaveradi. Ichi to‘la bo‘ladigan gugurt yarim bo‘lib qolgan. Santimetrlab, milligrammlab urilaveradi. Kamayaveradi.

Tsementga qum qo‘shayotganlar, sutga suv qo‘shayotganlar hech kimga sir bo‘lmay qolgan.

Mashina bozorga chiqsangiz, hamma mashinani doktor yoki o‘qituvchi mingan. Ishga borib kelgan bo‘ladi. Uch marta dumalagan mashinada ozgina «petno» bo‘ladi. Bozorda dumalagan, qattiq zarba yegan mashina yo‘q. Siz yo‘llarda ko‘rgan dumalab ketgan, pachoqlanib, majag‘lanib ketgan mashinalar bozorga kirmaydi. Metallolomga ketadi.

OLX, avtoe’lon kabi narsalar savdoni o‘ldirganmish. Baraka yo‘q emish...

* * *

Qo‘qonda mashhur «zapchast bozor» bor. Bozorga chiqib, ulgurji sotadiganlardan narx so‘rasangiz, begonaga narx aytmay qo‘yibdi. Nimaga, deb tanishdan qiziqdim. Menga raqobatchilarim odam yuborib, narx so‘rayapti. Narxni aytsam, Xitoyga borib, xuddi shu narsani sifati past, lekin narxi arzon qilib chiqarib kelib, tagimdan qo‘yyapti, deyapti.

Ehtiyot qismlar savdosida ham avvalgiday baraka yo‘q emish. Savdo o‘lgan emish. Monopoliya qilib olib, soqqani qilayotgan hoji aka yoki boy akalarga qulluq qilib, havas qilamiz. Monopolistga xizmat qilib, soqqani qiladiganlar adolat istaydi. Nolib qo‘yadi.

* * *

Sanaganlarim davlat tashkilotlaridagi haromxo‘rliklar emas. Yurt ichidagi oddiy odamlarning ishlari. Bir-birimizga bo‘lgan munosabat.

Men burnimni tiqmagan, yuqorida keltirmagan ishlarni, sohalarni siz yaxshi bilasiz. Hamma menga o‘xshab farishta bo‘lsa, yuqoridagi ishlarni qaysi ola bo‘ji qilyapti?

Sayyid Islom

Ko‘proq yangiliklar: