RFning AES iddaosi, kamaygan gaz qazib chiqarish va erkinlashadigan narxlar - iqtisodiy taymlayn

Iqtisodiyot 15:40 / 27.05.2023 36144

Gaz, neft, ko‘mir – ishlab chiqarish qanday o‘zgardi?

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning 4 oyida gaz qazib chiqarish kamaygan. Yil boshidan aprel oxirigacha 16,2 mln kub metr gaz qazib olingan, bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,5 foizga kam.

Gaz kondensati ishlab chiqarishda ham pasayish bo‘lgan: yanvar–aprel oylarida 423 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarilgan, bu bir yil oldingiga nisbatan 7,7 foizga kam degani. Ko‘mir bilan ham holat shunday, ishlab chiqarish 7,4 foizga kamaygan. Faqatgina neftda biroz siljish bor – o‘tgan yilning to‘rt oyiga nisbatan 4,3 foiz ko‘proq – 258,5 ming tonna neft ishlab chiqarildi.

Ayni paytda, O‘zbekiston Xitoyga gaz eksportini davom ettirayotgani ma’lum bo‘ldi. Aprelda O‘zbekiston Xitoyga 40,5 mln dollarlik gaz sotgan. O‘zbekistondan Xitoyga gaz eksporti oxirgi marta o‘tgan yili dekabrda ro‘y bergandi.

Gaz va elektr narxlarini liberallashtirish dasturi qabul qilinadi

Ichki bozorda esa gaz va elektr narxlarini liberallashtirish dasturi sentabrgacha qabul qilinishi mumkin. Bu haqda energetika vaziri o‘rinbosari Azim Ahmedxo‘jayev ma’lum qildi.

Hozirda har bir korxona uchun gaz va elektr energiyasiga bitta tarif belgilangan. Shuning uchun biz ularni ajratib, O‘zbekistondagi har bir sub’yekt, har bir biznes va jamiyat qatlamiga alohida yondashmoqchimiz”, dedi vazir o‘rinbosari.

O‘tgan yili 1 iyuldan aholi uchun bazaviy tariflarni 10 foizga oshirib, tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tish rejalashtirilgan, lekin bu amalga oshmay qolgandi. Tariflarni tabaqalashtirish – iste’molchilarni tejashga majbur qilishi bilan birga, nisbatan badavlat va eng ko‘p energiya sarflaydigan aholi qatlamiga budjetdan subsidiya to‘lashni qisqartirish imkonini berishi ko‘zda tutilgan.

Iqtisodchilar elektr uzilishlari va gaz o‘chishlari bo‘yicha muammolarni tubdan hal qilish uchun ochiq va raqobatli energetika bozorini tashkil etish kerakligini aytib keladi.

AQSh kompaniyasi “Uzbekistan GTL”ga investitsiya kiritadi

Energetika mavzusidan uzoqlashmaymiz. Qurib bitkazilganiga endi 2 yil bo‘lgan “Uzbekistan GTL” zavodining uchta uskunasi AQShning “Air Producs” kompaniyasiga sotilmoqda. Kompaniya zavodga 1 mlrd dollar investitsiya kiritadi. Bu orqali zavodning samaradorligi oshishi, mahsulot tannarxi tushishi va zararli chiqindilar kamayishi ko‘zda tutilgan. Shartnoma qiymati uskunalarni qurishga ketgan xarajatlarni to‘liq qoplashi, bitim GTL loyihasining xalqaro kreditorlari bilan kelishilgani ma’lum qilindi.

Air producs’ning rasmiy relizidan ma’lum bo‘lishicha, gap zavodning bir qismini – tabiiy gazni sintetik gazga aylantirish kompleksini sotish haqida ketyapti.

O‘zbekneftgaz matbuot xizmatiga ko‘ra, “Uzbekistan GTL” loyihasining umumiy qiymati 3,4 mlrd dollarni tashkil etib, “Air Producs” kompaniyasi bilan tuzilgan bitim doirasida zavodning faqat uchta – havoni ajratish, vodorod va sintetik gaz ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish va foydalanish huquqi berilmoqda.

Rossiya O‘zbekistonda AES qurish kelishuvi deyarli tayyorligini iddao qildi

Yakunlanayotgan haftada Rossiya TIV O‘zbekistonda Rossiya dizayni bo‘yicha AES qurish kelishuvi deyarli tayyor ekanini ma’lum qildi. Diplomatik idora xabarida Bosh shartnomaning asosiy shartlari bo‘yicha kelishuv yuqori darajada tayyorligi aytilgan.

Biroq O‘zbekiston tomoni bu haqda hech qanday ma’lumot bermadi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi rasmiy xabarida aytilishicha, ikki tomon tashqi ishlar vazirlarining 22 maydagi uchrashuvida iqtisodiy diplomatiyani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Kun.uz manbalariga ko‘ra, bu uchrashuvda AYeS masalasi umuman muhokama qilinmagan.

2017 yil dekabrda Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha kelishuv imzolagan. O‘zbekistonda quriladigan birinchi AESning qiymati 2018 yilda taxminan 11 mlrd dollarga baholangan edi. Rossiya tomon o‘tgan yillarda loyiha shartnomasi deyarli tayyorligi haqida bir necha marta bayonotlar bergan, ammo O‘zbekiston buni rad etgan.

Madina Ochilova tayyorladi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov
Montajchi – Muhiddin Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: