«Kutubxonalar har bir qishloq, har bir mahallada bo‘lishi kerak» – Buxoroning chekka mahallasida kutubxona ochgan qiz

O‘zbekiston 19:00 / 27.05.2023 16499

Shahnoza Navro‘zova 1989 yilda Buxoro viloyati Olot tumanida eski Tomjiq qishlog‘ida (hozirgi Muxtor mahallasi) tug‘ilgan. U 5 yoshida qishloqdagi maktabga chiqqan, keyinroq ta’limni Qorako‘ldagi litseyda davom ettirgan. 2005 yili 16 yoshida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti talabasiga aylangan. 2013 yil magistraturani tamomlaydi, 2017 yilda esa doktoranturada o‘qish uchun Istanbulga ketadi. Hozirda ilmiy ishi izlanishlari bilan band.

Uning tashabbusi bilan o‘zi tug‘ilib o‘sgan chekka mahallada kutubxona ochildi. Shahnoza Kun.uz muxbiri bilan suhbatda kutubxonani ochishda qanday jarayonlardan o‘tilgani, bunda kimlar yordam bergani va loyihaning maqsadi haqida gapirib berdi. 

«Kutubxona orzum edi»

Oxirgi 5 yildan beri Istanbulda yashab, ishlayman. Anchadan buyon ko‘plab kitob loyihalarida ko‘ngilli bo‘lib qatnashib kelaman. Jamoaviy tarzda dunyo adabiyoti bessellerlari bo‘lgan bir nechta kitobni tarjima qilganmiz. Bunday loyihalarda qatnashishdan hech qachon to‘xtamaganman.

6-7 yoshimdan beri kutubxona ochishni orzu qilganman. 5 yoshda maktabga berishgani uchun erta savod chiqarganman. Kichkinaligimdan o‘qish uchun faqat kitob qidirardim. U vaqtlar bizda internet yoki boshqa vositalar bo‘lmagan, oddiy qishloq qizi edim, qishda ko‘chaga chiqolmasdik, shunga qiladigan ishim ham faqat kitob o‘qish bo‘lgan. Kerakli kitoblarni topishga juda qiynalardim. Kinolarda ko‘rganimizdek kutubxonalar yo‘q edi, shuni o‘ylab ba’zida yig‘lagim ham kelardi. 

Dadamga kitoblar olib kelishlari uchun ro‘yxat qilib berardim, ular tuman, viloyat markazlariga borib, kitoblarni qidirardilar. Hatto shu yerlarga borib ham kitob topa olmay, qaytib kelardilar. Shunday vaziyatlar bo‘lgani uchun o‘sha paytlardan kutubxona ochishni orzu qila boshlaganman, mana orzum ham ichimda yig‘ilib-yig‘ilib, nihoyat amalga oshdi. 

«Nima qilasan? Baribir hech kim kitob o‘qimaydi»

Orzuni amalga oshirish uchun birinchi ishni kitoblar yig‘ishdan boshlaganman. Qaysi davlatga sayohatga borsam, kitob olib kelaverardim. Ancha yillar davomida o‘zimning soham, filologiya bo‘yicha yoki turli tillardagi badiiy kitoblarni yig‘ib yuraverdim. Ko‘plab kitoblar yig‘ilgach, joy masalasi bo‘yicha 2022 yil avgustdan boshlab turli tashkilotlarga murojaat qilishni boshladik. Men Istanbulda bo‘lganim sababli bu taklifni masofadan turib, telefon orqali yuborardim, shuningdek, bu jarayonda mening nomimdan dadam ham tashkilotlarga borib, kutubxona uchun joy ajratilishini so‘rardi. Tuman hokimiyatiga, tuman yoshlar ittifoqi kabi tashkilotlarga uchrashdik, ulardan ijobiy javoblarni ham olganmiz. Lekin bu javoblar bizni qoniqtiradigan darajada bo‘lmadi, chunki boshida joy topish qiyin bo‘ldi, topilganda esa kutubxona uchun juda kichik xonalar ajratildi. 

Shahnoza Navro‘zova

Shuning uchun bu masala 1 yilgacha cho‘zildi, oxiri o‘zim O‘zbekistonga kelib, buni hal qilishga qaror qildim. Ko‘zlagan maqsadimizga erishmaguncha yana shu tashkilotlarga qayta-qayta murojaat qilishni boshladim. Albatta, ijobiy javoblardan tashqari, juda xafa qiladigan holatlar ham bo‘ldi. Ammo to‘xtab qolmadik.

Kim bilan gaplashsam: «Nima qilasan? Baribir hech kim kitob o‘qimaydi», – deb gap boshlardi. O‘shanda ham bu gaplarga mutlaqo qo‘shilmagandim, harakatda davom etdik. 

Bu ishni amalga oshirishda Twitterʼdagilarning o‘rni kattaroq, chunki kutubxona ochishdagi ilk maslahatlarni, kitoblarni yig‘ish va moliyaviy ko‘makni aynan shu tarmoq foydalanuvchilaridan olganman. Kitoblarni yig‘ib, kutubxona uchun joy masalasini ham hal qildik, endigi bosqich mablag‘ yig‘ish edi. Shunda Twitterʼga moliyaviy yordam kerakligi haqida e’lon joyladim. E’lonni bir qancha bukblogerlar ham o‘z sahifalarida joylashtirdi. Bukblogerlardan, ayniqsa, Mahin Nursaidova va Madina Musayevalarning yordami katta bo‘ldi. Shundan keyin bizga juda ko‘p murojaatlar va ijobiy javoblar keldi, O‘zbekistonda va mamlakatdan tashqarida yashaydigan, ta’lim oladigan, kitob o‘qishni yaxshi ko‘radigan do‘stlarimiz, turli tadbirkorlar yana qo‘shimcha kitob yig‘ishga yordam berishdi, ularning qo‘llashi bilan mablag‘ ham yig‘ildi. 

Bir nechta nashriyot bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik va ular bizga kitoblar xaridida chegirma berdi. Loyihani juda ko‘pgina mutolaani sevuvchi va buni qo‘llab-quvvatlovchi do‘stlar, blogerlar va tadbirkorlar bilan birgalikda amalga oshirdik desam bo‘ladi. Ularning barchasidan minnatdorman.

Ochilmasidan gavjumlashgan kutubxona

Nihoyat yaqinda Olot tumanidagi 29-maktab binosida mahalla kutubxonasi sifatida ochildik. Uncha katta bo‘lmagan xona ajratildi, lekin maktab va mahalladagilar kelib-ketishi uchun hech qanday to‘siq bo‘lmaydigan joyda joylashgan, yorug‘ va shinam kutubxona bo‘ldi. 

Ayni vaqt kutubxonamizda mingdan ortiq kitob bor. Ular orasida jahon, o‘zbek adabiyotiga tegishli badiiy kitoblar ham mavjud. Bundan tashqari, xorijdagi hamyurtimiz yordami bilan Kanadadan Harvard klassikasidan 26 tomli kitob, Istanbuldan ham turkcha kitoblar olib kelingan. Shuningdek, maktab darsliklari, fanlarga oid kitoblarimiz ham bor, deyarli hamma sohaga oid kitoblarni topish mumkin. Kutubxonamizning rasmiy ochilishi bo‘lgani yo‘q, hozircha kitoblarni javonlarga to‘laqonli joylashtirib ham olmadik, ammo shunga qaramay, ayni vaqt keluvchilar soni ko‘p, kutubxonamiz juda gavjum. 

Kelgusida kutubxonamiz yanayam gavjumlashib, odamlar ko‘payadigan bo‘lsa, uni kengaytirishni ham reja qilyapmiz. Bundan tashqari, turli tadbirlar, bukbloger, tarjimonlar bilan suhbatlar uyushtirishni ham niyat qilib turibmiz. 

«Kitoblar va kutubxonalarga bo‘lgan talab hech qachon yo‘qolmaydi»

Tuman, viloyat markazlarida bir nechta kitob do‘konlarini ko‘rdim, ahvol 30-25 yil oldingidek emas. Lekin Olot tumani ancha chekka hududda joylashgan, hatto viloyat markaziga borish uchun ham 80 kmni bosib o‘tishga to‘g‘ri keladi. 7-8 yoshli bolaning u yerga borib kelishi qiyin, qolaversa, tuman markaziga ham borishini o‘ylab ko‘rish kerak. Agar chekka hudud uchun kutubxona ochish qo‘limizdan kelar ekan, nega buni qilmasligimiz kerak edi?! 

Biz taraflarda aksariyat oilalar farzandining bilimli, ilmli bo‘lishini juda ham qattiq istashadi, garchi bu moliyaviy jihatdan qiyin bo‘lsa-da, maksimal ravishda ularga sharoit yaratishga urinishadi. Mana shu jarayonda kutubxonamiz bolalarni, yoshlarni qo‘llab-quvvatlasa, mahalla a’zolarining bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tkazishiga sababchi bo‘lsa, umuman, kitob topishda oz bo‘lsa-da hissamizni qo‘shsak, bundan juda ham xursand bo‘laman. Loyihamizning asosiy maqsadi ham aslida shu – kitobxonlikni ommalashtirish. 

Kichik-kichik kutubxonalar har bir qishloq, har bir mahallada bo‘lishi kerak. Bolalar o‘zida yo‘q kitoblarini mahalla kutubxonalaridan topa olishi, u yerdan topa olmagandan keyingina tuman yoki viloyat markazidagi kattaroq kutubxonalarga ehtiyoj sezishi kerak. Kitoblar va kutubxonalarga bo‘lgan talab hech qachon yo‘qolmaydi va kitoblar inson ongining ma’naviy yetilishida eng muhim manba bo‘lib qolaveradi.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: