Ukraina kutayotgan F-16’lar: Amerika qiruvchilari urushning borishiga qanday ta’sir ko‘rsata oladi?

Jahon 14:45 / 26.05.2023 21006

«Biz F-16 samolyotlariga ega bo‘lsak bu urushda yengib chiqamiz», — dedi 20 may kuni Ukraina harbiy havo kuchlari spikeri Yuriy Ignat. O‘sha kuni AQSh rasman Yevropa davlatlariga Ukrainaga o‘z ixtiyorlaridagi F-16 harbiy samolyotlarini yetkazishga ruxsat berajagini va uchuvchilarni tayyorlashda ishtirok etishini e’lon qildi. O‘shandan buyon Ukraina qurolli kuchlariga F-16 samolyotlarini yetkazib berish haqidagi gap-so‘zlar tinmayapti. Ayni paytdagi bosh vazifa — yetarli miqdordagi ukrain uchuvchilarini zudlik bilan bu samolyotlarni boshqarishga o‘rgatishdir. 

Ukraina F-16 samolyotlarini qachon qo‘lga kiritishi va jangovar harakatlarda ularning qanday yordami tegishi haqida «Vajniye istorii» nashri ukrainalik harbiy ekspert, sobiq uchuvchi, Ukraina QKning zaxiradagi polkovnigi Roman Svitan bilan suhbatlashdi.

Ukraina qachon F-16’larni oladi?

Qiruvchi samolyotlarni yetkazib berish muddatlari ukrainalik uchuvchilar ularni boshqarishni qanchalik tez o‘rganib olishiga bog‘liq.

Shunchaki «ko‘chadan kelib» samolyotni boshqarishga o‘rganish uch-to‘rt yil vaqtni oladi. Lekin Ukrainada hozir MiG-29, Su-20 va MiG-21 kabi sovet samolyotlari, shuningdek, Chexiyaning L-39 samolyotlarini boshqarishni eplaydigan bir necha yuz uchuvchi bor. Ularni uch-to‘rt oy ichida o‘rgatish mumkin.

Svitanning so‘zlariga ko‘ra, tajribali qiruvchi uchuvchi har qanday samolyotni boshqara oladi.

«So‘nggi 30 yil ichida Ukrainada aynan qiruvchi samolyotlarni boshqara oladigan yuzlab uchuvchilar tayyorlandi. Sovet ittifoqi davridan buyon parvoz qilib yurgan yetarlicha kadrlar bor. Ularning barchasi professionallar, chunki so‘nggi sakkiz-o‘n yil ichida eski, ahvoli abgor sovet samolyotlarida uchishgan, biroq yangi sharoitlarda parvoz qilishgan. Agar inson «Jiguli»ni boshqarib yurgan bo‘lsa, «Mersedes»ni albatta hayday oladi. F-16 samolyotlarida richag o‘rniga joystikni boshqarishni o‘rganish kerak, xolos. Buni trenajyorda ham o‘rganish mumkin. Joystikni boshqarishni o‘rganganingdan so‘ng samolyotda bir-ikki marta parvoz qilib ko‘rib, jangovar vazifalarga kirishaverish mumkin», — deydi ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘rganish uchun ukrainalik uchuvchilarga yetarlicha trenajyorlar taqdim etilgan. 

«Bunaqa trenajyorlar o‘zi kam. Jahon bo‘ylab terib chiqilsa, yuztacha chiqsa kerak. Shu sababli o‘nlab davlatlar o‘z trenajyorlarini parvoz tarkibiga taqdim etishi uchun koalitsiya tuzilgan. Bizga yuzlab uchuvchilar kerak — bu sondagi mutaxassislar bizda bor va ular qayta tayyorlovdan o‘tish uchun shay. O‘nlab davlatlar birdan ishga kirishsa, ularni uch-to‘rt oyda o‘rgatish mumkin. Fikrimcha, yozning oxiriga borib bizda yetarlicha uchuvchilar bo‘ladi. Bir mamlakatda ekspluatatsiya qilishdan ma’no bo‘lgan samolyotlarning minimum soni 40 ta bo‘lishi kerak. Bu — brigada. Yozning oxirlarida biz tayyorgarlikdan o‘tgan, jangovar vazifalarni bemalol bajara oluvchi brigadani kutmoqdamiz. Qarshi hujumning ikkinchi bosqichigacha», — deydi Roman Svitan.

Qiruvchi samolyotlarni yetkazib berish bo‘yicha koalitsiya tuzilgani haqida o‘tgan haftada Buyuk Britaniya va Niderlandiya e’lon qildi. Ukrainalik uchuvchilarni qayta tayyorlovdan o‘tkazishga tayyorligi haqida dastlab Polsha rasman mamlakat mudofaa vaziri Mariush Blashchak siymosida e’lon qilgan bo‘lsa-da, AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Daniya va Niderlandiya ukrainalik harbiy uchuvchilarini F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishga o‘rgatuvchi ilk davlatlar bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi. Keyinroq ularga Norvegiya va Belgiya qo‘shiladi, deya qayd etadi New York Times.

AQSh harbiy havo kuchlari uchuvchilari ukrainaliklarni Yevropada shug‘ullantirishi ehtimoli yuqori. AQShning Yevropadagi ikkita aviabazasi — Germaniya va Italiyada Amerika qiruvchi samolyotlari bor.

F-16’dan qanday foydalanishadi?

F-16 samolyotlari Ukrainaning ixtiyoriga kelib tushgach, ulardan ikkita muhim vazifani hal qilishda foydalaniladi — Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash hamda yerusti qo‘shinlarining hujumini o‘t ochish bilan qo‘llab turish, deydi Svitan.

«F-16 ko‘p funksiyali mashina bo‘lib, havo hujumidan mudofaa tizimlari vazifasini ham bajarishi mumkin. Ular juda zo‘r radar bilan ta’minlangan — 300 kilometrni «ko‘ra» oladi, raketalari 200 kilometrdagi nishonni ura oladi. Ya’ni, u uzoq masofadan turib barcha turdagi uchuvchi apparatlarni tutib olishga qodir qiruvchi samolyot hisoblanadi», — deya tushuntiradi ekspert.

F-16 qiruvchi samolyotlari Gretsiyada o‘tkazilgan o‘quv mashqlari jarayonida. Foto: Florian Fergen / PLANET PIX / SCANPIX / LETA

F-16 Rossiyaning Ukrainaga qanotli raketalar uchirayotgan strategik bombardimonchi samolyotlarini urib tushira olmaydi. Biroq Amerika uchoqlari o‘sha raketalarni hali Rossiya hududi ustida uchayotgan chog‘da urib tushira oladi.

«F-16 raketani Rossiya hududiga kirmasdan turib, o‘sha yerda tuta oladi. Ya’ni samolyot Xarkivda turib Belgorod, yoki Kursk, yoki Voronej ustidagi raketani muammosiz urib tushira oladi», deydi Svitan.

Svitanning aytishicha, qarshi hujumni qo‘llab-quvvatlashda F-16 qiruvchi uchoqlari uchta eskadrilya bo‘lib harakat qiladi. Birinchisi dushmanning havo hujumidan mudofaa tizimini ishdan chiqaradi, ikkinchisi dushman istehkomlari, texnikasi va tirik kuchlariga zarba beradi, uchinchisi himoya qilish bilan mashg‘ul bo‘ladi.

«Dastlabki vazifa— dushmanning havo hujumidan mudofaa qurilmalarini ishdan chiqarish. Bu ish bilan maxsus F-16 samolyotlari — uchar radioelektron kurash stansiyalari shug‘ullanadi. Har bir samolyot to‘qqizta osish nuqtasida to‘qqizta aksilradiolokatsion HARM raketalarini olib yura oladi. Dushmanning havo hujumidan mudofaa tizimi ishdan chiqarilmagunicha, birorta samolyot «yerga qarata» jangovar o‘t ochish uchun parvoz qilmaydi.

Tor uchastkada HHM tizimi yo‘q qilingach, bomba va raketalar bilan yuklangan F-16 eskadrilyasi osmonga ko‘tarilib, qarshi hujumga o‘tgan qismlar oldidagi barcha narsani kunpayakun qiladi, dushmanning qarshilik ko‘rsatish liniyasini parchalaydi. Har bir bomba «yarimtonnali» deb ataladi va o‘n metr chuqurlikdagi voronkalarni vujudga keltiradi. Bu hali chuqurlikning o‘zi, zarar yetkazuvchi elementlar yuzlab metrlarga uchadi. Bombaning jangovar yuklamasi ichida piyodalar, texnikalarga bevosita zarar yetkazuvchi juda ko‘p narsalar bor. Bunda dushmanning qarshilik ko‘rsatuvchi kuchlarini yo‘q qilish bo‘yicha zargarona ishlashga to‘g‘ri keladi.

Tabiiyki, aviatsiya tomonidan «shudgorlangan» yo‘nalishda yerusti qo‘shinlari osonroq harakat qiladi, qolgan-qutgan narsalarni chertib yiqitaveradi.

Uchinchi eskadrilya bu paytda osmondan turib qiruvchi sifatida bularning barchasini himoyalab turadi — radioelektron kurash olib borayotganlarni ham, bombardimonchilar eskadrilyasini ham. Ya’ni, uzoq masofani ko‘rsatib turuvchi lokatorlari bilan bu eskadrilya jang maydoniga dushmanning birorta qiruvchi uchog‘ini ham, birorta raketasini ham yaqinlashtirmaydi», — deydi Svitan.

Ekspert Ukraina qurolli kuchlarining yozgi qarshi hujumini F-16’larning yordamisiz ham amalga oshirishi mumkinligiga ishonchi komil. U ukrainaliklar Azov dengiziga chiqib olish va Rossiyaning Qrimga quruqlikdagi yo‘lini kesish uchun bosh zarbani Zaporijjya oblastiga beradi, deb hisoblaydi.

«Azov dengiziga chiqish vazifasini biz zenit-raketa komplekslari va yetarli artilleriya tayyorgarligi himoyasi ostida uddalashimiz mumkin. Chunki hudud tep-tekis, dengizoldi hududlari stoldek tekis. U yerda texnika oson yuradi, artilleriya ham osongina ergashadi. Dushmanning aviatsiyasidan esa zenit-raketa komplekslari yordamida himoyalanish mumkin. Tanklar va «o‘tli devorlar» bilan samolyotlar yordamida bo‘lganidek 100 km masofa bo‘lmasa ham, oldindagi 30 km masofani kuydirish mumkin. Buning uchun yetarli miqdordagi snaryadlar kerak, bunga egamiz va yetarli miqdorda stvollar kerak, bunga ham egamiz.

Donbassni ozod qilish esa aviatsiyasiz qiyin bo‘ladi, chunki u yerda tog‘li tepaliklar, ko‘llar va daryolar ko‘p. Qrim bilan ham mana shunday holat. Menimcha, Qrimni ozod qilishga kirishganimizda samolyotlar yetib kelgan bo‘ladi», — deydi ekspert.

F-16’larni aerodromda qanday asrasa bo‘ladi?

F-16 samolyotlarini Rossiya qanotli raketalaridan yashirish bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligi kerak, deb hisoblaydi Svitan. 

«Bir necha oy, hattoki so‘nggi bir yilda Rossiyaning birorta raketasi yerdagi birorta ukrain samolyotiga zarar yetkaza olgan emas. Bunga aviatsiya sochib yuborilgani tufayli erishilgan. Agar bir eskadrilya bitta aeroportda to‘plangan bo‘lsa, samolyotlarni shunday sochib yuborish mumkinki, raketa bilan ularni urish imkonsiz bo‘ladi. Ming kilometr naridan turib X-101 raketasini uchirgan uchuvchi ayni paytda samolyot qaysi buta oldida turganini qayoqdan bilsin?

Samolyotlar joylarini mudom almashtirib turadi. Ular bir joyda turib qolmaydi. Agar pilotsiz boshqariluvchi qurilma uchib kelib, samolyotlarning joylashuvini ko‘rgan taqdirda ham, u qaytib borguncha, ma’lumotlarni uzatguncha, marshrutizatorlar nuqtalarni qayta ishlaguncha samolyot u joyda bo‘lmaydi. Ularni bir joydan ikkinchisiga o‘tkazib qo‘yishadi. Hattoki HHM tizimini ovora qilib o‘tirishmaydi.

Aynan shu yo‘l bilan barcha samolyotlarimizni saqlab qolganmiz. Samolyotlar bir joyda emas, sochilib turgan bo‘lsa, uni qanotli raketa bilan nishonga olib bo‘lmaydi. Agar F-16’lar Patriot yoki SAMP-T kabi HHM tizimlari bilan himoyalangan bo‘lsa-chi? Bu holda Kiyevdagidek, birorta raketa yaqinlasha olmaydi. U yerga shturmchi samolyotlar-ku aslo yaqinlasha olmaydi, darhol urib tushiriladi. Ya’ni osmondan bo‘ladigan hujumdan himoyalanish mutlaqo muammo emas». 

Ko‘proq yangiliklar: