OTB bilan hamkorlikda 13 ta maktab quriladi

O‘zbekiston 16:42 / 26.05.2023 4426

25 may kuni “Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2023-2024 yillarda OTB tomonidan Toshkent shahrining Yangihayot tumanida bitta, Toshkent viloyati Zangiota tumanida 5 ta, O‘rta Chirchiq tumanida 2 ta, Qibray tumanida 3 ta, Toshkent tumanida esa 2 – jami 13 ta maktab qurilishi belgilandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bank tomonidan loyiha ishtirokchilariga texnik xizmat ko‘rsatish va tender hujjatlarini ishlab chiqish uchun qaytarib berish sharti bilan 1,1 mln dollar ajratiladi. Shuning 150 ming dollari davlat budjeti hisobidan, 950 ming dollari esa xususiy sheriklar tomonidan bankka qaytariladi.

Yangi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini tashkil etish bo‘yicha davlat sherigi etib Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi belgilandi. Xususiy sherik xalqaro tender natijalari bo‘yicha aniqlanadi. Dastlabki tenderlar shu yil avgust oyidan e’lon qilinishi belgilangan.

Tender orqali maktablarni keyinchalik tasarruf etish huquqisiz qurish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish yuzasidan DXSh to‘g‘risidagi bitim tuziladi.

Xususiy sherik o‘z mablag‘lari va kreditlarini jalb qilish hisobiga maktablarni loyihalashtirish, qurish va jihozlash ishlarini amalga oshiradi. Vazirlik esa davlat budjeti va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan topshirilgan maktablarda ta’lim jarayonini tashkil etadi.

Qayd etilishicha, yangi maktablar qurilishi uchun Toshkent viloyatidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan jami 67,55 gektar yer ajratilgan. Shuning 66,98 gektari sug‘oriladigan yer uchastkalari hisoblanadi. Hujjatga ko‘ra, mazkur sug‘oriladigan yerlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan aholi punktlarining yerlari toifasiga o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, OTB bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida DXSh asosida maktablar qurilishi bo‘yicha qaror loyihasi 2020 yil avgust oyida e’lon qilingandi.

O‘tgan hafta Yevropa va tiklanish taraqqiyot banki o‘zining 55-75 mln dollar mablag‘i hisobidan vodiy viloyatlarida 15 ta maktab qurib berishi ma’lum bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: