Olaf Shols Ukrainada «sovuq tinchlik» o‘rnatilishi ehtimolini rad etdi

Jahon 13:54 / 26.05.2023 7501

Germaniya kansleri Olaf Shols Moskvani Ukrainadagi urush Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlari chegaralarida muzlatib qo‘yilishi mumkinligi haqidagi umidlari bo‘yicha ogohlantirdi. «Rossiya tushunishi kerakki, Rossiya va Ukraina o‘rtasida hozirgi front chizig‘i bo‘ylab «chegara» o‘tkazish orqali «sovuq tinchlik»ka erishish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Bu bosqinchilik urushini qonuniylashtiradi», - dedi Shols Kölner Stadt-Anzeiger nashriga 26 may, juma kuni bergan intervyusida.

«Biz adolatli dunyo haqida gapiryapmiz va bunday dunyoning kaliti Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketishdir», dedi federal kansler. Shu bilan birga, Shols bu talab 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimga ham tegishlimi, degan savolni ochiq qoldirdi. 

Aniqlik beruvchi savolga kansler o‘z so‘zlarini takrorladi, xolos: «Qo‘shinlarni olib chiqib ketish. Ukraina qanday bitimlar tuzmoqchi ekanligini shakllantirish bizning ishimiz emas». Shu bilan birga, Shols qo‘shinlarni olib chiqib ketish haqida gapirar ekan, grammatik jihatdan noaniq iborani ishlatgan, unda barcha rus qo‘shinlarinimi yoki ularning faqat bir qismini olib chiqishni nazarda tutganmi, bu aniq emas. 

Shols, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hokimiyatdan chetlatish kerakmi, degan savolni chetlab o‘tdi. «Men bunday spekulyatsiyalarga unchalik ishonmayman. Oxir-oqibat, Moskva va Kiyev hukumatlari kelishuvga erishishlari kerak», - dedi u. 

Ko‘proq yangiliklar: