Navalniyga qamoqdagi «jinoyatlari» tasvirlangan jildlar ko‘rsatildi, ammo ayblov xulosasi berilmadi 

Jahon 23:42 / 26.05.2023 10420

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy qamoqxonada «sodir etgan jinoyatlari» sanab o‘tilgan 3828 sahifadan iborat jildlar o‘ziga ko‘rsatilganini tasdiqladi. Biroq, unga ayblov xulosasi berilmagan, shu sababli, nimada ayblanayotganini bilmasligini aytdi. 

«Ha, shuncha jinoyatni sodir qilibsan, dedim o‘zimga-o‘zim juda katta jildlarga qarab. Bosh prokuratura qamoqda bo‘lganimda sodir etgan jinoyatlarimning 3828 sahifali tavsifini rasman taqdim etdi. Ular bo‘yicha sud jarayoni 31 may kuni boshlanadi. Jildlarning kattaligidan murakkab va qaysar jinoyatchi ekanligim ayon bo‘lsa-da, aynan nimada ayblanayotganimni aniqlab bo‘lmaydi. Ular ayblov xulosasini oddiy odamlarga berishadi va mana o‘qib o‘tiring, deyishadi», dedi u. 

Navalniy so‘zlariga ko‘ra, unga ayblov xulosasi jarima izolyatorida «taqiqlangan predmet» ekanini aytishgan. O‘z navbatida juda katta jildli jinoyat ishlari esa «unday emas». 

«Ayblov xulosamni koloniya ma’muriyati olib qo‘ydi, chunki u jarima izolyatorida taqiqlangan narsa. Ro‘yxatda krujka (1 dona) va kitob (1 dona) bor, lekin ayblov xulosasi yo‘q. Sudlanishing va 30 yilgacha qamalishing mumkinligi, nimada ayblanayotganingni bilishni xohlayotganing bilan hech kimning ishi yo‘q. - Sizga kitob berishdimi, mahkum Navalniy? Shunday ekan, o‘tiring va o‘qing, nimada ayblanayotganingizni hukm chiqqan vaqtda bilib olasiz», deb yozdi u. 

22 may kuni Navalniy 16-marta jarima izolyatoriga 15 sutkaga jo‘natildi. Vaholanki, u bir kun oldin u yerdan chiqarilgan edi. 

Avvalroq, u koloniya ma’muriyati o‘zi sotib olgan oziq-ovqatlarni ko‘rsatishini va muddati o‘tib ketgani uchun tashlab yuborishini ham aytib bergan edi. 

«Buni kim o‘ylab topgan bo‘lsa, hurmat yuzasidan shlyapamni yechaman. Siz nafaqat hamma pulni sarflab, hech narsa olmadingiz, balki olmagan ovqatingizga ham qarab turdingiz», dedi Navalniy. 

Ko‘proq yangiliklar: