Germaniya sudi Alisher Usmonov ishi bo‘yicha o‘tkazilgan tintuvlarni noqonuniy deb topdi

Jahon 19:26 / 26.05.2023 10164

Germaniyaning Frankfurt-Mayn okrugi sudi rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov ishi bo‘yicha mamlakat huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan bir qator tintuvlarni noqonuniy deb topdi. Sudning fikricha, Frankfurt prokuraturasi Usmonovni pul yuvishda gumon qilish uchun yetarli asoslar keltirmagan.

Usmonov manfaatlarini himoya qiluvchi «Gauweiler & Sauter» advokatlik idorasi sud qarorini tasdiqladi. Uning bayonotida «Frankfurt-Mayn sudi O‘zbekiston fuqarosi Usmonovning «pul yuvish»da gumon qilinayotgani haqidagi iddao asossiz ekanini va Frankfurt prokuraturasining barcha tintuvlari noqonuniy bo‘lganini «haqli ravishda tan oldi».

2022 yil sentabr oyida Federal jinoyat boshqarmasi (FJB) rasmiylari va soliq inspektorlari Usmonovning Tegernze ko‘li bo‘yidagi villasi, Frankfurt-Mayndagi kvartirasi va Bremen portidagi Dilbar yaxtasida tintuv o‘tkazgan va hujjatlar bilan san’at buyumlarini musodara qilgan edi.

Alisher Usmonov Germaniya sudining tintuv o‘tkazish noqonuniyligi haqidagi qarori munosabati bilan o‘ziga nisbatan jinoiy ta’qiblar tugatilishini kutmoqda.

«Biz uchun boshidanoq bu tergovga hech qanday qonuniy asoslar yo‘qligi ayon edi. Shu bilan birga Germaniyada A.B.Usmonovga nisbatan jinoiy ta’qibning siyosiy mohiyati hech qanday shubha tug‘dirmagan. <...> Biz Usmonovga nisbatan Germaniyada jinoiy ta’qib to‘xtatilishini kutamiz», deyiladi tadbirkor vakillarining bayonotida.

Ko‘proq yangiliklar: