Farg‘onada tuman hokimi lavozimiga tayinlash evaziga 80 ming dollar talab qilgan shaxslar ushlandi

O‘zbekiston 11:37 / 26.05.2023 23163

2023 yil 18 may kuni IIVga Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumani, yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilgan. 

Qayd etilishicha, joriy yilning aprel oyida o‘zini prezident administratsiyasi xodimi sifatida tanishtirgan shaxs va sherigi unga Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik va Beshariq tumanlari hokimlari 30 aprel kuni referendum o‘tganidan so‘ng lavozimidan bo‘shatilishlarini aytgan. 

Ular nomzod qidirib yurganliklarini, Uchko‘prik tumani hokimi lavozimiga tayinlanishini hal qilib berish evaziga 80 000 AQSh dollari, shundan hujjatlarni rasmiylashtirish uchun avvaldan 25 000 AQSh dollari talab qilayotganliklarini bayon qilgan ariza muallifi holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. 

Arizaga asosan, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat-qidiruv xizmati Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Mirobod tumanida ikki nafar shaxs ariza muallifidan talab etilgan pullardan 25 000 AQSh dollarini bo‘nak sifatida olgan vaqt ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Ularning yonidan bir nechta fuqarolarni rahbarlik lavozimlariga tayinlanishni so‘rab prezident administratsiyasi nomiga yozilgan ariza va ilova hujjatlari tekshirib ko‘rish uchun olingan. 

Mazkur holat yuzasidan shu kuni IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, xar ikki gumonlanuvchi JPKning 221-moddasi tartibida qamoqqa olingan.

Ko‘proq yangiliklar: