Ukraina mudofaa vazirligi: Ukraina hamon Baxmutning bir qismini nazorat qilmoqda

Jahon 15:44 / 25.05.2023 6960

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyarning tasdiqlashicha, Ukraina qurolli kuchlari hamon Baxmut shahrining bir qismini nazorat qilmoqda. U bu bilan shahar to‘liq egallanganini da’vo qilgan RF mudofaa vazirligi bayonotini yana bir bor rad etdi.

«Bizning himoyachilarimiz shahar janubi-g‘arbiy qismidagi «Samolyot» rayonini nazorat qilmoqda», deya yozgan Malyar o‘z telegram-kanalida.

«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin uning qo‘shini Baxmutni egallagani haqida 20 may kuni e’lon qilgandi. Keyinroq shunga o‘xshash bayonot Rossiya mudofaa vazirligi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan ham e’lon qilindi.

Ukraina hukumati Baxmut uchun janglar davom etayotganini bildirgan.

Malyarning so‘zlariga ko‘ra, «kun davomida [24 may kuni] Baxmut atrofidagi qanotlarda janglar intensivligi pasayishi kuzatilgan». «Shu bilan birga, bizning qo‘shinlarimiz biroz ilgarilashga muvaffaq bo‘lgan», deya tasdiqlaydi vazir o‘rinbosari.

Prigojinning Baxmut to‘liq egallangani haqidagi bayonotidan oldinroq ukrain harbiylari shaharni qurshab olish uchun qanotlardan hujum qilishda davom etayotgani xabar qilingandi. Prigojin bu hududlarni qo‘riqlashi kerak bo‘lgan Rossiya muntazam armiyasi bo‘linmalari qochib ketayotganini aytgandi.

Malyar «dushman artilleriya zarbalariga tayanib, muntazam zarbalar berayotgani»ni aytdi.

«Baxmut shahrida dushmanning shturm harakatlari kamaydi. Dushman bo‘linmalarni almashtirmoqda», deya yozgandi Malyar.

25 may kuni esa Yevgeniy Prigojin o‘z jangchilarini Baxmutdan olib chiqish boshlanganini ma’lum qildi. Uning qo‘shini 1 iyunga qadar pozitsiyalarini RF bo‘linmalariga topshirib, shaharni to‘liq tark etadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Baxmutdan olib chiqilganidan «Vagner» XHK bo‘linmalariga dam beriladi, texnikalar ta’mirlanadi, yangi jangchilarni yollash ishlari olib boriladi, keyin esa «yangi vazifalarni bajarish»ga kirishiladi.

Ko‘proq yangiliklar: