«Uch tomonlama» gaz ittifoqi loyihasi parametrlari ishlab chiqilayotgani aytildi 

Jahon 23:19 / 25.05.2023 15663

Hozirda Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning «uch tomonlama» gaz ittifoqi parametrlari ishlab chiqilib, kapital qo‘yilmalar hajmi aniqlanmoqda. Bu haqda RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin aytib o‘tdi. 

«Hozirgi vaqtda ehtimoliy loyiha parametrlari ekspertlar darajasida ishlab chiqilmoqda. Hamkorlarning real ehtiyojlarini, bo‘lajak investitsiyalar hajmini aniqlashtirish zarur», dedi diplomat. 

U barqaror va uzoq muddatli gaz yetkazib berish butun Markaziy Osiyo mintaqasining energiya xavfsizligi va barqaror rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Galuzin gaz sohasida uch tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini «yaxshi» deb atadi. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev o‘tgan yil noyabr oyi oxirida Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston ishtirokida gaz sohasida «uch tomonlama» ittifoq tuzish masalasini muhokama qilgan edi. «Ittifoq»ning maqsadi gazni Rossiyadan Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlariga tashish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirishdan iboratligi aytildi. 

14 aprel kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mamlakatlar ittifoq g‘oyasini muhokama qilishda oldinga siljishga muvaffaq bo‘lganini aytdi. Uning qayd etishicha, «tomonlar ham tranzit shartlari, ham narx shartlari bo‘yicha kelishib olsa, hamma barcha narsadan qanoatlansa, hamma yutadi». Moskva, Ostona va Toshkent hamkorligining boshqa tafsilotlari keltirilmagan. 

Ko‘proq yangiliklar: