Qilichdoro‘g‘li Erdo‘g‘anni feyk video uchun sudga berdi 

Jahon 21:30 / 25.05.2023 22185

Turkiya muxolifatidan prezidentlikka nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li amaldagi davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni sudga berdi. Bu haqda uning advokati Jalol Qilich ijtimoiy tarmoqda ma’lum qildi. 

Da’voga Erdo‘g‘an tomonidan saylovoldi munozaralarida ko‘rsatilgan videolavha sabab bo‘lgan. Videoda kurd jangarilari Qilichdoro‘g‘lini qo‘llab-quvvatlaganini e’lon qilgani aytiladi. Nomzodning advokati video soxta ekanligini aytdi. 

«Biz Erdo‘g‘anga 1 million turk lirasi (573 mln so‘m) miqdorida ma’naviy zararni qoplashni talab qilib, sudga murojaat qildik. Biz bu pulni ota-onasi terrorchilar harakatidan halok bo‘lgan bolalarni o‘qitishga sarflashni rejalashtirganmiz», dedi advokat. 

U o‘z postida Qilichdoro‘g‘lini nomzod emas, «Turkiyaning 13-prezidenti» deb atadi. 

Turkiyadagi saylov kampaniyasida soxta videolardan keng foydalanilmoqda. Prezidentlik poygasining yana bir ishtirokchisi Muharrem Injye o‘z ishtirokidaligi iddao qilingan shahvoniy videolar tarqalgach, hatto nomzodini qaytarib olishga majbur bo‘ldi. Bu videolar soxta bo‘lib, «dipfeyk» texnologiyasidan foydalangan holda yaratilganini aytdi. 

28 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi, unda ikki nomzod: Qilichdoro‘g‘li va amaldagi davlat rahbari Erdo‘g‘an qatnashadi. Birinchi turda ularning hech biri g‘alaba uchun zarur bo‘lgan 50 foizlik ovoz to‘plash chegarasidan o‘ta olmadi. Ikkinchi turda bunday chegara bo‘lmaydi va ko‘pchilik ovozga ega bo‘lgan nomzod g‘olib deb topiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: