Taniqli qilichboz, xalqaro toifadagi hakam Aida Hasanova 39 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi rasmiy saytida uning vafoti munosabati bilan ta’ziya e’lon qilingan.
Gazeta.uz nashri ma’lumotiga ko‘ra, u 23 may kuni Toshkentdagi xususiy klinikalardan birida kosmetologik jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan, shundan keyin ayolning ahvoli og‘irlashgan. U shifokor qarori bilan boshqa shifoxonaga ko‘chirilgan, biroq kechqurun u jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
O‘lim sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Ayni paytda Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.
- Ma’lumot uchun, Aida Hasanova qilichbozlik faoliyatida ko‘p karra O‘zbekiston chempioni, Markaziy Osiyo chempioni, 2005 yilda Angliyada o‘tkazilgan turnir oltin medaliga ega chiqqan. 2014 yilda uch turdagi qurollardan foydalangan holda qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston tarixidagi birinchi xalqaro hakam bo‘ladi. 2017 yildan O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga bosh hakam etib tayinlangan. 2019 yilgi Tokioda Olimpiadasida O‘zbekiston va Markaziy Osiyodan birinchi hakam etib saylangan, qolaversa o‘sha turnirda Osiyo sharafini himoya qilgan yagona ayol qilichboz hakam bo‘lgandi.
- Eslatib o‘tamiz, shu yilning 5 mart kuni Mittivine yumoristik loyihasi asoschisi, taniqli bloger Farhod Mannopov rinoplastika operatsiyasidan so‘ng vafot etgandi. Tekshiruvdan so‘ng 27 yashar vaynerni operatsiya qilgan jarroh, tibbiy xizmat ko‘rsatgan anestiziolog va reanimatolog, laborant shifokor hamda ultratovush tekshiruvlari shifokorida malakaviy toifa bo‘lmagani aniqlangandi.