Qrimda Zelenskiyning rafiqasiga tegishli kvartira sotib yuboriladi

Jahon 11:51 / 25.05.2023 7125

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning rafiqasi Yelenaga berilgan kvartira Rossiya Federatsiyasi tomonidan anneksiya qilingan Qrimning “Davlat kengashi deputatlari” qarori bilan “milliylashtirildi”. Yig‘ilish 24 may, chorshanba kuni bo‘lib o‘tdi. Yaltadagi kvartiraning taqdiri haqida "parlament rahbari" Vladimir Konstantinov xabar berdi.

Unga ko‘ra, mulk kimoshdi savdosiga qo‘yilishi rejalashtirilgan. “Interfaks-Yug” agentligi xabariga ko‘ra, 24 may kuni Qrimda 57 ta ko‘chmas mulk obekti “milliylashtirildi”.

“Pullar, birinchi navbatda, maxsus harbiy operatsiyada halok bo‘lganlarning oilalari, safarbar qilinganlarning oilalari ehtiyojlariga yo‘naltiriladi”, - dedi Konstantinov “Rossiya 24” telekanali efirida.

Vladimir Konstantinovning so‘zlariga ko‘ra, "milliylashtirish"dan keyingi tartib mulkni boshqarish uchun maxsus yaratilgan tuzilma tomonidan amalga oshiriladi.

Zelenskiyning o‘zi va uning rafiqasi ma’lumotlarga hozircha izoh bermadi va obekt Yelena Zelenskayaga tegishli ekanligini tasdiqlamadi.

Ko‘proq yangiliklar: