Qashqadaryo viloyat IIB tezkor xodimlari DXX viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qamashi tumanida yashovchi 32 yashar erkak qo‘lbola usulda yasagan qurolini 19 mln so‘m va 100 dollarga sotayotganda qo‘lga olingan.
IIV Tergov departamentining xabar berishicha, qonunbuzar xaridorning talabiga ko‘ra qurolni yashirib qo‘ygan joyini unga aytgan. Tezkor guruh tomonidan aytilgan manzil ko‘zdan kechirilgach, u yerdan qo‘lbola usulda yasalgan 16 kalibrli o‘qotar qurol va 4 dona patron topilgan.
Qurolni yasagan shaxs kelishilgan pulni olayotgan vaqtda qo‘lga olinadi.
“Oddiy trubalar, tunuka-prujinadan yasadim shu narsani. Otib ko‘rsatmasang bo‘lmaydi deyishdi. Ishlaydi deganimda: “Otib ko‘rsataver, sendan nima ketdi” deyishdi. Xo‘p, deb otib ko‘rsatdim.
Xaridor ikki ming dollar beraman degandi. Telefon qilib: “Pulni chiqarvordim, odamim Qamashini bilmaskan, pulni olib qol. 19 mln so‘m va 100 dollar bervorganman” deb aytdi.
Pulni olayotgan vaqtimda ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olindim. Boshimni devorga urib, qilgan ishimdan ming marotaba afsuslanib o‘tiribman. Baribir jinoyat jazosiz qolmas ekan” degan qurol sotuvchi “O‘zbekiston24” telekanali tomonidan efirga uzatilgan videolavhada.
Qamashi tumani IIB huzuridagi tergov guruhi katta tergovchisi Ahror Fayziyevning ta’kidlashicha, mazkur holat yuzasidan qonunbuzarga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ayni paytda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda. 32 yashar erkak ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Avvalroq Termizda 39 yashar erkak qo‘lbola usulda tayyorlangan o‘qotar qurol va uning 12 patronini 1 mln 750 ming so‘mga sotmoqchi bo‘lganda ushlangandi.
Toshkentda «Stechkin» rusumli, 9 mm kalibrli jangovar qurolni 1500 dollarga sotmoqchi bo‘lgan jinoiy guruh qo‘lga tushgandi.