Navoiyda xalqning puliga qurilgan sport majmuasi xalqdan tortib olinmoqda

O‘zbekiston 15:50 / 24.05.2023 13438

Bundan 11 yil oldin, “Umid nihollari-2012” sport musobaqalarining final bosqichi o‘tkazilishi munosabati bilan Navoiy shahrida qariyb 20 mlrd so‘m (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha taxminan 11 mln AQSh dollari) miqdorda davlat budjeti mablag‘lari hisobiga “Yoshlar” sport majmuasi barpo etilgandi. Umumiy hududi 15 gektarni tashkil qiluvchi majmuada sportning o‘ndan ortiq turi bo‘yicha mashg‘ulot olib borish imkoniyatlari mavjud.

Ko‘plab sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionlari yetishib chiqqan sport majmuasining katta qismi hukumat farmoyishi bilan “Qizilqum” futbol jamoasi balansiga bepul o‘tkazib berilishi kutilyapti. Majmuada mashg‘ulot olib boruvchi yuzlab sportchilar, ularning murabbiylari va ota-onalari, ishchi-xodimlar bundan norozi.

“Yoshlar” sport majmuasi hozirgi kunda Navoiy viloyati sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi balansida. Majmuani saqlab turish harajatlarining bir qismi davlat budjeti, qolgan qismi ixtisoslashtirilgan sport maktabi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Ixtisoslashtirilgan sport maktabida 10 ta olimpiya sport turidan bo‘limlar (yengil atletika, futbol, voleybol, basketbol, gandbol, chim ustida xokkey, tennis, badminton, stol tennisi, regbi-7) faoliyat ko‘rsatadi. Ularda 31 nafar malakali trener o‘qituvchilar nazorati ostida 486 nafar sportchi mashg‘ulot olib boradi. Sportchilar orasidan ko‘plab chempionlar, yuqoridagi sport turlaridan milliy terma jamoa a’zolari yetishib chiqqan.

Sport majmuamiz shaharning markaziy o‘yingohi hisoblanadi. Unda standartga mos futbol maydonlari, viloyatda yagona bo‘lgan rezin qoplamali yugurish yo‘laklari, ikkita universal zal mavjud. Hozirgi kunda ushbu yaratilgan sharoitlardan sportning olimpiya turkumiga kiruvchi yengil atletika, futbol, regbi-7, chim ustida xokkey va paratletika kabi turlaridan yuzlab sportchilar foydalanib, shug‘ullanib kelishmoqda. 

Ayni kunlarda sportchilarimiz Osiyo va jahon musobaqalariga hamda 2024 yil Parijda o‘tkaziladigan Olimpiyada va Paralimpiadaga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasiga ko‘ra, sport majmuasining katta qismi PFK “Qizilqum” MChJga moddiy texnik baza yaratishga ajratilishi, ma’muriy bino va ikkita universal zal esa viloyatning Gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktabiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bizni esa hozirgi kunda juda achinarli holatga kelib qolgan “Kimyogar” o‘yingohiga ko‘chirishmoqchi. Ushbu o‘yingoh aslida “Navoiyazot” AJ xodimlari uchun barpo qilingan. U yerga qatnash jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar uchun noqulayliklar tug‘diradi. Qolaversa, sanoat hududiga yaqin bo‘lgani sababli havosi ham notoza.

Agar sport majmuamiz “Qizilqum” futbol klubi balansiga olib berilsa, bu yerda mashg‘ulot olib borayotgan 500 nafarga yaqin sportchi, ishchi-xodimlar, murabbiylar ko‘chada qolishi mumkin”, — deydi Navoiy viloyati sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi murabbiyi Sanjar Aslonov.  

Ixtisoslashtirilgan sport maktabi jamoasiga ko‘ra, majmua joylashgan hudud atrofida 6ta mahalla, 4ta maktab bor. Turli yoshdagi aholi ham jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanib turish uchun majmuaga keladi. Agar u “Qizilqum” futbol klubiga o‘tkazilsa, o‘z-o‘zidan yopiq inshootga aylanadi.

“Yoshlar” sport majmuasini yer maydoni va yordamchi xonalari bilan “Qizilqum” futbol klubi balansiga, 2 ta sport va badiiy gimnastika zalini esa yordamchi xonalari bilan birgalikda Gimnastika sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi balansiga bepul berish haqidagi Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasi 2022 yilning oktyabr oyida ishlab chiqilgan. Loyihada ushbu taklif o‘sha paytdagi Moliya vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan berilgani aytiladi.

Loyihaga ko‘ra, sport majmuasida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning homiylik mablag‘lari hisobidan “Qizilqum” klubi futbolchilari uchun zarur infratuzilma yaratish, jumladan futbol maydonini zamonaviy talablar asosida ta’mirlash, yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmat, o‘quv mashg‘ulotlari uchun qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish ko‘zda tutilgan. Bu hozircha hamma uchun ochiq bo‘lgan sport majmuasi keyinchalik xalqqa “yopiladi” degani.

Ma’lumot uchun, PFK “Qizilqum” MChJ 100 foizlik ulush bilan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJga tegishli.

Holatdan yuzasidan izoh olish maqsadida Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan bog‘landik. Vazirlikning ta’lim muassasasalari bilan ishlash va uslubiy ta’minlash bo‘limi bosh mutaxassisi Akbar Urazbayev hukumat farmoyishi loyihasi ishlab chiqilganini tasdiqladi hamda bu ishlar xalq manfaati uchun amalga oshirilayotganligini ma’lum qildi. 

Butun majmuani berayotganimiz yo‘q, faqat stadionni moddiy texnik bazasini rivojlantirish bo‘yicha “Qizilqum” futbol klubiga o‘tkazib beryapmiz. Buni berish orqali “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ bizga zamonaviy va xalqaro talablarga javob beradigan 2 ta tabiiy va bitta sun’iy qoplamali futbol maydoni qurib beradi. Qolaversa, futbolchilar uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Futbolni qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish maqsadida qilinayotgan ishlar bu.

Majmuaning bir qismini “Qizilqum” futbol klubiga berdi degani, u yerga futbolchilardan boshqa odam kirmaydi degani emas. Qolaversa, majmuni saqlab turish harajatlari kam emas. Uni ta’mirlash uchun investitsiya dasturiga kiritilgan taqdirda ham birdaniga 40-50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi qiyin. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ esa katta mablag‘ aylanmasiga ega bo‘lgan korxona. Shuning uchun, bularning bari xalq manfaatlari yo‘lida amalga oshirilmoqda”, — deya ta’kidladi vazirlik bosh mutaxassisi.

Sport majmuasi xalqning puliga qurilib, xalqdan bu shaklda “tortib olinayotgani” adolatsizlik, ushbu taklif ortida aynan sportga aloqador vazirlik va hokimlik turgani esa biroz g‘alati. Qolaversa, bu maqsad orqali birgina futbol uchun o‘nlab olimpiya sport turlarining “qurbon” qilinayotgani tushunarsiz.

Tegishli vazirliklar va mas’ullar bu masalani chuqurroq o‘rganib ko‘rishi zarur.

Kun.uz mavzuni kuzatib boradi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: