«Kambag‘allikdan chiqqanman va hashamatga o‘chlik menga begona» – Singapurning kamtar prezidenti haqida

Jamiyat 14:44 / 24.05.2023 54184

Bu yerda muhim bir jihatni unutmaslik lozim: Singapurda prezident mutlaq hokimiyatga ega emas. Boshqaruvning asosiy richaglari bosh vazir qo‘lida va prezident ko‘proq ramziy rahbar hisoblanadi. Ammo bu Singapur davlati o‘z prezidentiga samolyot olib berishga qodir emas, degan ma’noni anglatmaydi. Singapur shu qadar boy davlatki, istasa har bir amaldoriga alohida samolyot ajratishi mumkin. Lekin prezident Halima Yoqubning o‘zi an’analarga amal qiladi va ortiqcha xarajatlardan qochadi.

Katta vakolatlarga ega bo‘lmasa-da, prezidentning mamlakatdagi nufuzi juda yuqori. Garchi iqtisodiyot va kuchishlatar tizimlar faoliyatiga bevosita aralashmasa-da, tashqi siyosat, ichki osoyishtalik, fan, ta’lim, dinlararo munosabatlarni mustahkamlash, madaniyat va san’at kabi yo‘nalishlarda uning o‘rni beqiyos. Ma’lumki Singapur aynan ilm-fan ortidan taraqqiyotga erishgan davlat hisoblanadi.

Singapur:

  • Aholisi: 5,8 mln;
  • Hududi 734,3 km² (jahonda 171-o‘rin);
  • YaIM 400 mlrd dollar atrofida;
  • Jon boshiga YaIM 73 ming dollar atrofida (jahonda kuchli beshlikda);
  • Ishsizlik 1 foizgacha.

Kambag‘allikdan chiqqan prezident

Dunyoda nochor oilalarda ulg‘aygan davlat rahbarlari ko‘p. Ammo ular orasida Halima Yoqubning o‘rni bo‘lakcha. Uning otasi Yoqub hind musulmoni bo‘lib, qorovullik qilib kun kechirgan. Onasi esa malay millatiga mansub ayol bo‘lgan. Qizaloq 8 yoshligida otasi yurak xurujidan vafot etadi. Qorovullik ortidan haminqadar o‘tib turgan ro‘zg‘orlarini tebratish qiyin bo‘lib qoladi.

Onasi besh farzandini boqish uchun ko‘chada taom sotib kun ko‘ra boshlaydi. Halima onasiga bu ishda ko‘maklashadi. Halima Yoqub o‘zining yoshlik yillari haqida shunday deydi: «O‘n yoshimdan boshlab, maktabdan bo‘sh vaqtlarimda onamga yordamlashishga majbur bo‘lganman, stollarni artish, idishlarni yuvish, tozalash, kelganlarga xizmat ko‘rsatish kabi ishlarni yaxshi uddalay olganman. Men o‘zim kambag‘allikda hayot kechirdim, yashash uchun kurash qanchalik qiyinligini juda yaxshi bilaman va hashamatga o‘chlik menga begona».

Halima Yoqub xonim din ahkomlariga to‘liq rioya qiladi va o‘zga din vakillariga ham go‘zal munosabat ko‘rsatadi. U o‘zining yordamchilari bilan ishxonasi yonidagi masjidning ayollar uchun ajratilgan bo‘limda besh vaqt namoz o‘qiydi.

Siyosat sari qadamlar

Yo‘qchilik sabab maktabga borishda qiyinchiliklarga uchragan bo‘lsa-da, qizaloq o‘qishga uquvli chiqadi. U fanlarni juda yaxshi o‘zlashtiradi va maktabni imtiyoz bilan tamomlaydi.

Keyin u Singapur universitetiga kirib, 1978 yilda huquqshunoslik bo‘yicha tahsil oladi. 47 yoshida, ya’ni 2001 yilda Singapur Milliy universitetida huquq magistri darajasini oladi. U 2016 yil 7 iyulda bu universitetning faxriy huquq doktori unvoniga sazovor bo‘ldi.

Qahramonimiz mehnat faoliyatini Milliy kasaba uyushmalari kongressida huquqshunos sifatida boshlagan. Tizimdagi namunali faoliyati ortidan, ayollarni rivojlantirish kotibiyati va uyushma yuridik xizmatlarining turli yo‘nalishlari bo‘yicha direktori bo‘ldi. U Xalqaro mehnat tashkilotining boshqaruv organiga saylangan birinchi singapurlik edi.

Halima turli kengashlarda, shu jumladan Singapur Uy-joy va taraqqiyot kengashi, Adolatli bandlik amaliyotlari bo‘yicha uch tomonlama ittifoq, Ayollar uchun bandlikni tanlash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhi, Ijtimoiy xizmatlar milliy kengashi kabilarda ishlagan.

Ilk siyosiy debyuti 2001 yildagi saylovlarga to‘g‘ri keldi, o‘shanda u Jurong regioni kengashi a’zoligi saylangan. Siyosiy faoliyati davomida keyinroq jamiyatni rivojlantirish, yoshlar va sport vaziri, keyin esa ijtimoiy va oilani rivojlantirish vaziri etib tayinlangan.

2013 yilda u Singapur parlamenti spikeri bo‘lgan birinchi ayol edi. To‘rt yildan so‘ng, 2017 yil sentabr oyida u Singapurning birinchi ayol prezidenti bo‘ldi va ayollar huquqlarini himoyalash, jamiyatdagi birlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi.

Halima Yoqub va O‘zbekiston

Singapurning amaldagi prezidenti joriy yilning 23-25 may kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirmoqda. Bu – Singapur prezidentining Markaziy Osiyo davlatlariga ilk tashrifi hisoblanadi.

Bundan avval, 2023 yil yanvar oyida, Singapurga qilgan tashrifi chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Halima Yoqubni yurtimizga taklif etgan, xonim bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilgan edi. Halima Yoqub Singapur-O‘zbekiston biznes forumida ishtirok etadi. Shuningdek, mehmon Samarqandga ham tashrif buyuradi.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: