O‘tgan hafta Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya doirasida YeTTB Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 15 ta maktab qurilishiga grant ajratishi e’lon qilindi. Loyihaning kapital qiymati 55-75 million AQSh dollarini tashkil qiladi.
Yangi maktablar qurilishi yaxshi xabar bo‘ldi, albatta. Ammo raqamlarni butun respublika miqyosida oladigan bo‘lsak, bu yetarlimi? Umuman, maktablarning hozirgi xo‘jalik faoliyati qay ahvolda? Bunda mahalliy hokimliklarning roli qanday bo‘lyapti?
Kun.uz bu dolzarb mavzuda iqtisodchi Otabek Bakirov va ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov bilan suhbatlashdi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘z vakilini yuborishni so‘rab qilgan murojaatimizga ijobiy javob bo‘lmadi.
– Hozirda O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab 5 mln 200 ming o‘quvchini qabul qila oladi. 2022 yil noyabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 6 mln 400 ming nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bir necha yil oldin o‘sha vaqtdagi XTV 2026 yilgacha o‘quvchilar soni 7,5 mlnga yetishini prognoz qilgandi. Ya’ni bizda taklifga nisbatan talab ortib ketmoqda, maktablar yetishmovchiligi hanuzgacha dolzarb muammo bo‘lib turibdi. Agarda holat davom etaversa, O‘zbekistonni yana qanday ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlar kutib turibdi? Bu muammo nimalarga ta’sir qiladi, sizningcha?
Komil Jalilov:
– Yaqinda O‘zbekiston PIRLS tadqiqotlarida qatnashgandi. Uning natijalari e’lon qilindi. Mazkur tadqiqot boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini, ya’ni o‘qigan matnini qay darajada tushunishini tekshiradi. Shu tadqiqotlarda 57 ta mamlakat qatnashgan bo‘lsa, O‘zbekiston 49-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston qayd etgan o‘rtacha ball tadqiqotda belgilangan o‘rtacha balldan anchagina past. Tadqiqotda qatnashgan possovet davlatlari orasida biz eng oxirgi o‘rindamiz. Ya’ni biz bilan bir xil tarixiy sharoitga ega Rossiya, Qozog‘iston, Gruziya singari davlatlar yuqori o‘rinlarda.
Tahlilda bu natijalarga nimalar ta’sir qilgani ham taqdim etilgan. Shularga qaraydigan bo‘lsak, unda maktablardagi resurslar yetishmovchiligi ham o‘quvchilarning natijasiga ta’sir qilgani yozilgan. Masalan, bizda 2-3 smenali maktablar bor, maktablarda resurslar yetishmovchiligi ham bor. Ya’ni sinfda o‘quvchilar soni ko‘pligi, maktab kutubxonalarida kitoblarning bor-yo‘qligi, umuman maktabdagi resurslar yetishmovchiligi o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasiga xohlaymizmi yoki yo‘q, o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Yaqin istiqbolda buning ijtimoiy oqibatlari kuchli bo‘ladi. Ya’ni biz inson kapitali bo‘yicha ancha orqada qolamiz, orqada qolyapmiz ham.
Jahon banki hisobotiga ko‘ra, bizdagi o‘quvchilarning 12 yili: 1 yil maktabgacha tayyorlov va 11 yil majburiy o‘rta ta’limi haqida gapirsak, shuncha yil ta’lim oladigan o‘quvchini sifat koeffitsiyentiga ko‘paytirsa, ta’lim oluvchilarning 2,9 yili yo‘qqa chiqarkan. Ya’ni 12 yil maktabda o‘qigan o‘quvchini sifatga korreksiya qiladigan bo‘lsak, 9 yil ta’lim olgandek bo‘lar ekan. Agar resurslar yetishmovchiligi yoki boshqa muammolar hal qilinmasa, bu orqada qolish yanayam kengayib, ko‘payib boraveradi, menimcha.
Zamonaviy ta’lim nimani talab qiladi? Oddiygina maktab ta’limini olsak, unda yillar davomida o‘rganib qolingan frontal ishlash bor. Ya’ni o‘qituvchi doskaning oldida turib mavzuni tushuntiradi, nari borsa 1-2 nafar o‘quvchini yoniga chaqiradi, qolganlari esa yuzma-yuz o‘tirib tahsil oladi. Bu ko‘proq ma’lumotni yetkazish usuli hisoblanadi, qandaydir leksiya shaklida buni qo‘llash qulay. Lekin o‘quvchida tahliliy fikrlash, guruh bo‘lib ishlash, XXI asr ko‘nikmalari deymiz-ku, shularni rivojlantiraman desangiz, frontal usul noqulay metoddir. Chunki bu ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun o‘quvchilarning o‘zi ko‘proq ishlashi kerak, o‘qituvchi esa fasilitator vazifasini bajarishi, ya’ni ta’lim jarayonining boshqaruvchisi bo‘lishi kerak. Buning uchun esa o‘quvchilar guruhlarda juft bo‘lib ishlashi, loyihalar, taqdimotlar qilishi kerak bo‘ladi.
Sinfda deylik 45 nafar bolaga zichlab partalarni qo‘yib chiqishgan bo‘lsa, guruh bo‘lib loyiha, taqdimotlar ustida ishlashga imkon ham bo‘lmaydi. Partalarni sudrab, vaqt yo‘qotish uchun hech kimning hafsalasi yo‘q. Shuning uchun ham eng oson yo‘li – doskaning oldida turib mavzuni tushuntirib, frontal ishlash usuliga o‘tib olishadi. Va bu narsa ta’limning sifatiga baribir ta’sir qiladi. O‘quvchiga XXI asrda o‘z o‘rnini topishi uchun kerak bo‘ladigan ko‘nikmalar rivojlanmay qolib ketaveradi.
Otabek Bakirov:
– Avvalambor, adashmasam, 2017 yildan 2018 yilga o‘tar o‘quv yilida yana 9 yillik majburiy, 3 yillik kasb malaka sistemasidan 11 yillik ta’lim tizimiga o‘tishni boshlaganmiz. Mening nazarimda, yana o‘sha jarayonga qaytganimizdayoq biz 2019 yilda, 2020 yilda qanday resurs yetishmovchiligiga duch kelishimiz, umuman yaqin 5-10 yilda bizni qanday muammolar kutishini o‘ylashimiz, bunga baho berishimiz kerak edi.
Juda ko‘p tadqiqotlarda oxirgi 10 yillarda maktablar yetishmovchiligi masalasi haqida yangi davrga kelganda gapirilyapti deyilyapti, haqiqatan ham shunday, buni tan olish kerak. Lekin bir narsani bilishimiz kerak, 2002 yildan to 2016-2017-yillargacha O‘zbekiston avval 9 yillik majburiy ta’lim va 3 yillik akademik, kasb-hunar ta’lim tizimiga o‘tgan edi. Ya’ni maktablar qurilgani yo‘q, lekin mingdan ortiq akademik litsey va kasb-hunar kollejlari qurilgandi. Maktablarga bo‘lgan yuklamaning bir qismini yuqori sinflarda kollej yoki akademik litseylar tizimiga ko‘chirgan edik.
Ya’ni 1 mln 200 ming nafar ortiqcha yuklama 3 ta sinfga taalluqli yuklama hisoblanadi. Misol uchun, hozirgi kunda kichik sinflarda bir yilda 750 minggacha o‘quvchi bo‘ladigan bo‘lsa, yuqori sinflarda 400-450 minggacha o‘quvchi mavjud. Va biz buni oldindan prognoz qilishimiz kerak edi, ya’ni 11 yillik ta’limga qaytishimizning oqibatlarini hisob-kitob qilishimiz lozim edi. Buning iqtisodiy oqibatlarini ham ko‘z oldimizga keltirishimiz zarur edi.
Endi nima bo‘lyapti? 2019-2020-yillarga kelib, haqiqatan bir vaziyatga duch keldik. 10-11-sinfdagilar maktabni to‘liq tamomlash sikliga o‘tgandan keyin o‘quvchilar yuklamasi maktablarda haddan tashqari ortib ketganini ko‘rdik. Ayniqsa, shaharlarda, viloyatlar markazlarida. Chunki 2017-2019 yillarda nafaqat maktablar 11 yillik tizimga qaytdi, balki ichki migratsiya jarayonlari ham kuchayib ketdi. Juda ko‘p ota-onalar, ishchi kuchi, mehnat resurslari qishloqlardan shaharlarga, xususan, Toshkent shahriga, viloyat markazlariga ko‘chishni boshladi. Bu o‘z-o‘zidan yirik shaharlarda davlat ta’lim sistemasida mavjud yuklamadan ham ko‘proq yuklamani bera boshladi. Biz shu narsalarni oldindan prognoz qilib, oldindan oqibatlarini o‘ylaganimiz yo‘q.
E’tibor bering, 2016-2017-yillarda bu muammo, ya’ni ortiqcha yuklama masalasi ko‘tarilmagandi. 2020-2021-yillardan boshlab bu muammo aniq ko‘rina boshlandi. O‘shanda yechimlar haqida o‘ylanganda biz xususiy maktablar tizimini rivojlantirish va unga rag‘bat berish orqali ko‘rishni boshladik. Bu xususiy maktablar tizimining kengayishi, rivojlanishi ma’lum bir yuklamani oladi. Ayniqsa, yuqori daromadga ega qatlamdagi ota-onalarning farzandlarini ta’limga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi, lekin biz faqat shu urg‘u bilan to‘xtab qoldik-da. Agar xotiram aldamayotgan bo‘lsa, o‘tgan yilda mavjud maktablarning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib qo‘shimcha maktab binolarini qurish orqali 60 ming nafar qo‘shimcha o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lgan korpuslar qurildi. Bizda yiliga busiz ham 200 ming o‘quvchi yuklamasi ortib boryapti-da, biz qo‘shimcha o‘quvchi korpusini qurish orqali 60 ming darajadagi yuklamani olyapmiz, xolos. Ya’ni yuklamani kamaytirmayapmiz, bunga ulgurolmayapmiz.
Ko‘pchilik o‘ylaydiki, bu tizim yaqin 5 yillikning muammosi, 5 yildan keyin, misol uchun, 2027 yilga borib turib, yana muvozanatga qaytamiz deb o‘ylashi mumkin. Men bunday deb o‘ylamayman. Hali bizda demografik dividend 2030 yilning o‘rtalarigacha davom etsa kerak deb o‘ylayman. Chunki hozirda yiliga 920 ming nafar bola tug‘ilayotgan bo‘lsa, 2030 yilga borib maktablarga 1-sinfga chiqayotgan bolalar soni 750 ming emas, 920 ming bolaga ko‘payishi va shuncha yuklama berishi mumkin degani. Ya’ni bu o‘z-o‘zidan so‘rilib ketadigan jarayon emas. Biz kamida 10-15 yillik yuklama ortib borishini hisobga olgan holda infratuzilmaga ko‘proq pul tikishimiz kerak.
11 yillik ta’lim – aslida 9 yillik ta’lim bo‘lib chiqyapti. Resurslar yetishmovchiligi oqibatida yuzaga kelayotgan sifatsizlik sabab 3 yilni havoga sovuryapmiz. Ya’ni bu yerda nafaqat maktab yetishmovchiligi bilan bog‘liq bo‘lgan masala, balki resurslarni to‘g‘ri, samarali ishlatmayotganimiz bilan bog‘liq muammo ham ko‘tarilyapti-da.
Komil Jalilov:
– Mana shu yerda qo‘shimcha qilmoqchi edim. Vaqtida sovet ittifoqidan meros qolgan 11 yillik ta’lim tizimi bor edi, keyin biz juda katta mablag‘ va kuch sarflab, to‘liq 9+3 tizimiga o‘tgan edik, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylari tarmog‘i butun respublikani qamrab olgandi. Har bir hududdagi o‘quvchilar soni hisobga olinib qurilgandi. Undan keyin 11 yillik tizimga qaytamiz deganda, bu jarayonni qo‘pol bo‘lsa ham aytaman, “burgaga achchiq qilib, ko‘rpani kuydirish”ga o‘xshataman. Nimaga? Chunki ayrim kasb-hunar kollejlarida bo‘lgan ko‘ngilsizliklar, o‘quvchilar o‘rtasidagi janjallar rezonans berib, 9+3 tizimidan voz kechishga olib kelindi. Lekin buning ilmiy tahlili qilinmadi. Xo‘sh, qaytsak nima bo‘ladi-yu, qaytmasak nima bo‘ladi? O‘quvchilar o‘rtasidagi janjallar, muammolarni bu tizimni butunlay barbod qilmasdan ham yechish mumkinmidi, degan bir savolni qo‘ymadik-da, yechimni shu tizimdan voz kechib, hammani maktabga qaytarishda deb bildik. Buning oqibatida maktablarga yuklama ortdi.
Orada juda ko‘p kasb-hunar va akademik litsey binolari nima bo‘ldi? Ular maktabga berildimi, ta’lim binosi sifatida ishlatilyaptimi? Bu ham o‘rganilishi kerak bo‘lgan masala. Chunki bu binolar ham ta’lim muassasasi sifatida qurilgan obektlar edi, ularning taqdiri nima bo‘ldi? Qanchasi ta’lim muassasasi sifatida ishlatilyapti-yu, qanchasi profilini o‘zgartirdi? Bu ham bir tahlil qilinishi kerak bo‘lgan narsa.
Yana bir narsa, Otabek aka juda to‘g‘ri fikrni ko‘tardilar – resurslarning noto‘g‘ri taqsimlanishi yoki samarasiz ishlatilishi. Jahon banki hisobotida O‘zbekistonning boshqa davlatlarga nisbatan YaIM yoki jami davlat xarajatlari ulushi nuqtayi nazaridan olsangiz, ta’limga anchagina pul ajratayotgani qayd etilgan. Lekin ta’limga ajratilayotgan pulning 81 foizi oylikka ketar ekan-da. Ya’ni boya biz tilga olgan kapital, resurslarni rivojlantirish, binolar yoki boshqasiga juda kam mablag‘ qolyapti. Juda ko‘p qismi oyliklarga ketib qolyapti. Ammo shunda ham o‘qituvchilarimiz juda katta oylik olib, yaxshi yashab ketayotgani ham yo‘q.
- Intervyuning to‘liq qismini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchilar:
Mirvohid Mirrahimov
Shohruz Abdurayimov
Montaj ustasi:
Shohruz Abdurayimov