Ukraina Storm Shadow raketalarini qo‘llashni boshladi. Bu qurol frontdagi vaziyatga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Jahon 18:11 / 19.05.2023 23926

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Ukraina Storm Shadow raketalarini jangda qo‘llashni boshlaganini tasdiqladi.

U 18 may kuni norvegiyalik hamkasbi Born Arild Gram bilan qo‘shma matbuot anjumanida jurnalistlarning Ukraina frontida shunday raketalardan foydalanilayotgani haqidagi savolga shunday javob qaytardi: «Aytishim mumkin bo‘lgani shuki, tushunishimcha, raketalarni Ukrainaga jo‘natganimiz haqida e’lon qilganimizdan keyin ular ishlatilgan. Boshqa tafsilotlarni keltira olmayman».

Avvalroq Rossiyadagi manbalar Ukraina qurolli kuchlari Storm Shadow raketalari bilan Luhanskka zarba yo‘llagani haqida xabar bergan, internetda shu raketalarga mansubligi aytilgan parchalar aks etgan kadrlar paydo bo‘lgandi.

Bu raketalar frontda nimani o‘zgartirishi mumkin?

Harbiy ekspert Lyuis Peyj The Telegraph nashridagi kolonkasida shu haqda yozdi.

Buyuk Britaniya 11 may kuni Ukrainaga uchish masofasi kamida 250 kilometrni tashkil etuvchi Storm Shadow raketalarini taqdim etganini e’lon qildi – bu Kiyev urush boshidan buyon g‘arblik hamkorlaridan olganlari orasida eng uzoqqa boruvchi quroldir. 12 may kuni kechqurun front chizig‘idan 80 kilometrdan ortiqroq masofadagi Luhansk o‘qqa tutildi – va anneksiya qilingan «LXR» rasmiylari zarbalar Storm Shadow raketalari bilan berilganini xabar qilishdi (Ukraina QK buni tasdiqlamagan). Harbiy ekspert Lyuis Peyj The Telegraph nashridagi kolonkasida Ukrainada uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalar bo‘lishi frontdagi vaziyatga qanday o‘zgartirish kiritish mumkinligi haqida yozdi. Quyida uning matni tarjimasi juz’iy o‘zgartirishlar bilan keltiriladi.

«Buyuk Britaniya yana barcha ittifoqchilardan ildamroq chiqdi — London ukrainlarga o‘zining maqtalgan Storm Shadow raketalarini topshirdi, bu Kiyevda shu vaqtgacha berilgan qurollar orasida eng uzoq masofaga boradiganidir. Darhaqiqat, bu burilish nuqtasi, lekin, asalida bir qarashda ko‘ringanidek emas. Storm Shadow’ning o‘zi jang maydonidagi kartinani o‘zgartira olmaydi, xuddi Buyuk Britaniya Ukrainaga avvalroq bergan kam sonli Challenger II tanklari kabi.

Challenger — eng zo‘r tank emas. U ishlab chiqilgan paytidayoq o‘zining ishonchsizligi bilan mashhur bo‘lgan — uni ko‘p yillik sinovlardan keyingina britan armiyasiga qabul qilishgan. U eksport model sifatida ham muvaffaqiyat qozona olmagan: Ummon loyihalash vaqtida 38 tank xarid qilgan, ammo shundan keyin ularni boshqa hech kim sotib olishni istamagan. Challenger uchun NATOning barcha a’zolarida qo‘llanadigan standartdagi snaryadlar emas, alohida namunadagi o‘q-dorini ishlatish talab etiladi.

Ukrainaga yuborilgan 14 ta Challenger tanklari Buyuk Britaniya uchun sezilarli yo‘qotish emasdi. London allaqachon 120 ta eski mashinani foydalanishdan olgan, qolganlarini Challenger III darajasigacha takomillashtirish rejalashtirilgan. Ukrainlar bo‘lajak qarshi hujumida britanlarning eskirib qolgan tanklaridan foydalanishi ham mumkin — ammo ularga nemislar ishlab chiqargan va Yevropaning boshqa mamlakatlaridan yetkazib berilgan Leopard tanklari ko‘proq asqatadi.

Bunda eng muhimi Challenger yetkazib berishning o‘zi edi: tanklar yuborilgani emas, g‘arbda ishlab chiqarilgan mashinalar yuborilgani fakti. Bu esa ehtiyotkor nemis siyosatchilarini o‘zlaridagi Leopard tanklarini yuborish va Germaniyadan shunday tanklarni sotib olgan boshqa mamlakatlarga tanklarni Ukrainaga yuborishga rozilik berishga undadi.

Storm Shadow bilan ham deyarli shunday holat. Buyuk Britaniyadagilar raketa Fransiya bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgani va uning qandaydir ilg‘or qurol ekanini aytib yurishni yoqtirishadi. Ammo bu mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aslida Fransiya uni deyarli yolg‘iz o‘zi ishlab chiqargan, undagi britanlarga oid yagona qism — jangovar kallakdir (uning ham bir qismiga fransuzlar aralashgan).

Xuddi Challenger kabi, Storm Shadow raketalari ham hech qachon yorqin reputatsiyaga ega bo‘lmagan. Xususan, 2003 yildayoq jangovar kallaklar beton konstruksiyaga chuqur kirganida portlamay qolishi ma’lum bo‘lgandi. Bombani zararsizlantirish bo‘yicha mutaxassislar o‘shanda yangi «mo‘jiza-qurol» qo‘llanganidan keyin hududni portlovchi qurilmalardan tozalash bilan bog‘liq murakkab vazifa bilan to‘qnashgandi.

Storm Shadow raketasining yana bir kamchiligi shundaki, u tovush tezligida harakatlanmaydigan raketa — shuning uchun uni oddiy havo hujumiga qarshi mudofaa vositalari bilan ham urib tushirish mumkin. Bunday raketalar jang maydonidagi vaziyatni jiddiy darajada o‘zgartira olmaydi, chunki Ukraina qurolli kuchlari Rossiya tomonidan nazorat qilinadigan havo kengligiga chuqur kirib borishi oson bo‘lmaydi.

Ammo bu muhim emas. Asosiysi shundaki, kimdir Ukrainaga 250 kilometr masofaga harakatlana oladigan raketa berib, pretsedent yaratdi, bu esa g‘arbning boshqa mamlakatlariga bosim hosil qiladi va ularni bundan o‘rnak olishga undaydi. Endi bu ish siyosiy va diplomatik jihatdan ancha osonlashdi: xususan, Fransiya Buyuk Britaniya ortidan shunday raketalarini berishi haqida e’lon qildi.

Ukrainlar anchadan buyon AQSh tomonidan ishlab chiqarilgan ATACMS raketalarini so‘rab keladi. Hozirda ularda HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan uchirish uchun GMLRS raketalari bor, ular 85 kilometr masofadagi nishonga zarba bera oladi. HIMARS uchun yaqinda yetkazib berilgan SDB raketalari maksimal 140 kilometrgacha bora oladi. ATACMS raketalari esa HIMARS tizimidan uchirilganida 300 kilometrgacha yetib borishi mumkin.

ATACMS raketasining yana bir ustunligi shundaki, bu raketa tovush tezligidan bir necha barobar yuqori tezlikda uchadi, bu esa uni urib tushirishni ancha qiyinlashtiradi.

Fevral oyida Pentagonning oliy martabali vakili Lora Kuper AQShda mavjud bo‘lgan ATACMS raketalari Ukrainaga yetkazib berish uchun yetarli miqdorda emasligini aytgandi. Ammo Vashington uni o‘z zaxiralaridan olishi shart emas: boshqa mamlakatlarga bunga qarshi emasligini bildirishi kifoya. Masalan, ATACMS Polsha va Ruminiya armiyasida bor.

Ukrainaliklar uzoq masofaga boruvchi qurollardan qanday foydalanishi (masalan, Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berishi) borasida xavotirlar endi o‘rinsiz, chunki, nima bo‘lganda ham Kiyev endi britaniyalik ittifoqchilardan Storm Shadow raketasini olib bo‘ldi. Bu raketalar u qadar kuchli bo‘lmasa ham».

 ATACMS raketasi qo‘llanishi. Foto: Jo Yong Hak/South Korean Defence Ministry/AFP

Aslida Storm Shadow – unchalik kuchsiz raketa emas 

Britaniyaning Mudofaa tadqiqot instituti (RUSI) harbiy eksperti Jyek Uotling qanotli raketalarning Ukraina uchun ahamiyati haqida yozdi.

Uning fikricha, Ukraina qabul qilib olgan Storm Shadow qanotli raketalari o‘z-o‘zidan urushda burilish yasay olmaydi, ammo uning qo‘llanishidan bo‘ladigan samara faqatgina uzoq masofadagi nishonlarga zarba berishdagina emas.

Doktor Uotling britan-fransuz qo‘shma mahsuloti bo‘lgan Storm Shadow raketasini ishlab chiqarishda qo‘llangan texnologiya uni radarlarga ko‘rinmas qilishiga, bu esa rossiyalik zenitchilar uchun yangilik bo‘lishi, raketaning jangovar kallagi alohida himoyalangan nishonlarga zarba berishga mo‘ljallanganini eslatadi.

Uotlingning qayd etishicha, ukrainlarga o‘tgan yilda yordam bergan HIMARS raketalari zarbalariga rossiyaliklar ma’lum darajada moslashishgan: logistika tugunlari front chizig‘idan 120 km masofaga olib ketilgan, qo‘mondonlik punktlari himoyasi kuchaytirilgan va bu raketalarning hech bo‘lmaganda bir qismini urib tushirishni o‘rganib olishgant.

Ammo endilikda, 250 km masofaga harakatlanuvchi Storm Shadow paydo bo‘lgach, ular yana moslashishiga to‘g‘ri keladi.

«Ammo ruslar uchun Storm Shadow effekti, shunchaki nishonlar yo‘q qilinishidan ko‘ra sezilarli darajada ko‘proq bo‘ladi», - deya yozgan ekspert.

Birinchidan, Uotlingning fikricha, radarlar payqashi qiyin bo‘lgan Storm Shadow boshqa zarbalar va chalg‘ituvchi vositalar bilan birga qo‘llanishi: kamikadze dronlar, GMLRS raketalari, HARMS antiradar raketalari rossiyalik zenitchilarni chalkashtirib tashlab, o‘z uchar apparatlariga zarba berishga ham majbur qilishi mumkin.

Ikkinchidan, rossiyalik ofitserlar endi qo‘mondonlik punktlarida o‘zlarini xavfsiz seza olishmaydi, bu esa ularning qarorlariga ta’sir qilmay qolmaydi.

Raketalar ukrainlarning Rossiya hududidagi nishonlarga zarba bermaslik va’dasi bilan berilgan. Ammo rossiyaliklar bunga qattiq umid bog‘lay olmaydi - va o‘z hududidagi harbiy obektlar himoyasini kuchaytirishga qo‘shimcha resurslar jalb etib, bu bilan ukrainlar uchun muhim bo‘lgan boshqa nishonlar himoyasini zaiflashtirishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: