Tbilisiga Rossiyadan to‘rt yil ichidagi birinchi samolyot uchib keldi

Jahon 17:01 / 19.05.2023 6540

«Azimut» aviakompaniyasi samolyoti 2019 yildan beri birinchi marta Rossiyadan Gurjistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri reysni amalga oshirdi. Uni Tbilisi aeroportida namoyishchilar kutib oldi

19 may, juma kuni Moskvadan uchgan «Azimut» aviakompaniyasining samolyoti Tbilisi aeroportiga qo‘ndi. Bu 2019 yildan beri Rossiyadan Gurjistonga birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri reysdir. 

Samolyot qo‘nishidan oldin politsiya Tbilisidagi Shota Rustaveli aeroportini o‘rab oldi va kutish zalini yopdi. 

Ertalab Tbilisi markazida Rossiya bilan havo qatnovining qayta tiklanishiga qarshi namoyishchilar to‘plandi va avtokolonna bilan aeroport tomon harakatlandi. Ular avtomobillarga Yevropa Ittifoqi va Ukraina bayroqlarini yopishtirishdi. Gurjiston muxolifati tarafdorlari aeroportda norozilik namoyishi o‘tkazdi. Samolyot Moskvadan qo‘ngach, ular politsiya kordonini buzib o‘tishga harakat qilishgan. Politsiya bu urinishlarni to‘xtatdi. 

2019 yildan beri Moskva tomonidan Rossiyadan Gurjistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar taqiqlangan. 2023 yil 10 mayda Vladimir Putin bu taqiqni bekor qildi. Shu kuni Gurjiston fuqarolari uchun viza rejimi ham to‘xtatildi. 

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili Putinning qarorini «Rossiyaning navbatdagi provokatsiyasi» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarning qayta tiklanishi va vizaning bekor qilinishi «Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuzni davom ettirayotgan va bizning hududimizni egallab olgan bir vaqtda, qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan narsa». «Gurjiston xalqining qarshiligiga qaramay, Rossiya Tbilisiga istalmagan parvozni amalga oshirdi», — deb yozdi Zurabishvili Twitter'da. 

Ko‘proq yangiliklar: