CNN: Ukraina Rossiya harbiy samolyotini Patriot tizimidan urib tushirdi

Jahon 16:46 / 19.05.2023 17226

Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi Amerikaning Patriot zenit-raketa kompleksi yordamida kamida bitta Rossiya harbiy samolyotini urib tushirdi. Bu haqda CNN Pentagon va AQSh Kongressi vakillariga tayanib xabar berdi

Rossiya samolyotlari asosan front chizig‘i orqasidan hujum qiladi, shuning uchun Ukraina ularni NASAM kabi qisqa masofali tizimlar bilan urishi qiyin. 

AQSh rasmiylariga ko‘ra, Ukraina harbiylari Patriot zenit-raketa kompleksidan qachon, qanday va qanday maqsadlarda foydalanishini o‘zi hal qiladi. 

Biroq Kongressga ko‘ra, g‘arb qiruvchi samolyotlarining Kiyevga topshirilishi Ukrainaga ballistik raketalarni tutib olishga mo‘ljallangan qimmat Patriot o‘q-dorilarini sarflamasdan, Rossiya samolyotlarini yo‘q qilishni osonlashtiradi. 

16 may kuni Kiyevga raketa hujumi paytida Ukrainaga topshirilgan Patriot zenit-raketa majmuasi shikastlangan, biroq o‘z ishini davom ettirmoqda, dedi AFP'ga AQSh Mudofaa vazirligi vakili. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, havo hujumidan mudofaa tizimiga “tushgan snaryad” tufayli yetkazilgan zarar hali ham o‘rganilmoqda. Amerika rasmiysi aynan qanday snaryad ekanligini aniqlashtirmadi. 

Avvalroq, Ukraina Harbiy-havo kuchlari vakili Yuriy Ignat AFP'ga bergan izohida Patriot tizimi “ishlayotgani” va u bilan “hammasi yaxshi” ekanini ta’kidlagan edi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Kiyevdagi Patriot "Kinjal" gipertovushli raketasi tomonidan berilgan “yuqori aniqlikdagi zarba” natijasida yo‘q qilinganini ma’lum qilgandi. 

Bungacha Ukraina Qurolli kuchlari Ukraina havo hujumidan mudofaa vositalari kechasi Kiyevga otilgan barcha 18 ta raketani, shu jumladan oltita "Kinjal"ni urib tushirgani haqida xabar bergan edi.

Ko‘proq yangiliklar: