O‘zbekiston Tojikistondan elektr energiyasini import qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi 

O‘zbekiston 13:27 / 18.05.2023 7261

Joriy yil 12 mayda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va «Barki Tochik» OAJ o‘rtasida 2023 yil may-sentabr oylarida jami 1 285,0 mln kVt/soat hajmda elektr energiyasini import qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Respublikada energetika va suv resurslari muvozanatini saqlash, iste’molchilarini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlanish, shuningdek, kuz-qish mavsumiga elektr uskuna va jihozlarni sifatli tayyorlash maqsadida, 2018 yildan boshlab Tojikiston Respublikasidan elektr energiyasini import qilish ishlari qayta yo‘lga qo‘yilgan.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» ma’lumotiga ko‘ra:

  • 2018 yil aprel-sentabr oylarida 1 480,9 mln kVt/soat hajmda;
  • 2019 yil aprel-oktabr oylarida 1 425,1 mln kVt/soat hajmda;
  • 2020 yil may-sentabr oylarida 566,7 mln kVt/soat hajmda elektr energiyasi import qilingan.

«Barki Tochik»ning 2020 yil 13 iyuldagi xatiga asosan Vaxsh daryosining suvi 50 foizga kamayganligi va buning natijasida Nurek gidroelektr stansiyasi suv omborida suv sathining 2019 yilga nisbatan 10 metrga pasayganligi sababli 2020 yil 16 iyuldan boshlab O‘zbekistonga elektr energiyasini yetkazib berish qisman to‘xtatilgan edi.

Shundan so‘ng:

  • 2021 yil may-sentabr oylarida 1 143,6 mln kVt/soat hajmda;
  • 2022 yil aprel-sentabr oylarida 823,2 mln kVt/soat hajmda elektr energiyasi import qilindi.
Ko‘proq yangiliklar: