Yiliga 59 kilogramm loviya
Kamroq go‘sht iste’mol qilish ekologok o‘zgarishlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qanday qilib? Gap shundaki, go‘sht uchun tobora ko‘proq hayvon boqilishi, tuproq sifati yomonlashuvi, o‘rmonlar kesilishi va karbon gazlar ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun dunyo go‘sht o‘rnini bosuvchi mahsulotlar haqida ko‘proq o‘ylayapti. Shunday mahsulotlardan biri loviya. Xo‘sh, nega odamlar ko‘proq loviya yeyishi kerak?
Loviyalar oqsilga boy, yetishtirishga qulay va hatto tuproqni yaxshilashga xizmat qiladi. Eng muhimi u go‘shtlardan arzon va shuning uchun ham dunyoda loviyaga qiziqish ortib boryapti. Bu qiziqish 2028 yilgacha loviya iste’moliga talabni 2 barobar oshirib yuborishi kutilyapti. Shunday bo‘lsa ham hali loviyaning ahamiyatini tushunib uni ko‘p iste’mol qilish ommalashmagan. Masalan, AQShda bir kishi o‘rtacha 3,5 kilogramm, Buyuk Britaniyada 5,44 kilogramm va Ruanda, Brundi kabi mamlakatlarda 59 kilogramm iste’mol qilinadi. Loviya va dukkaklilarning ommalashmagani sababi to‘g‘ri pishirish yo‘llarini hamma bilavermasligida ham bo‘lishi mumkin.
“Beans: A History” kitobi muallifi Ken Albala hozir dunyoda turli kompaniyalar go‘sht o‘rnini bosuvchi oqsillar haqida qayg‘urayotganini aytadi.
“To‘g‘ri, hech kim sevib iste’mol qilayotgan hamburger yoki tovuq oyoqchalaridan voz kechishni istamaydi. Lekin loviyaning har tomonlama foydasi uchun shunday qilsa bo‘ladi”, – deydi u.
Yerni yaxshilaydi va oqsili ko‘p
Insoniyatning yutug‘i bu – loviya mavjud bo‘lgan va uni bugun qayta ixtiro qilish shart emasligida. Lekin go‘shtga bo‘lgan talab sabab loviyani oshxona va restoran menyularidan doimiy o‘rin olishini ta’minlash qiyin. Our World in Data ma’lumotiga ko‘ra, dunyo qishloq xo‘jaligi yerlarining 77 foizida mol, tovuq va cho‘chqa yetishtiriladi. Va shuning o‘zi dunyodagi 37 foiz oqsilni ta’minlab beradi. Loviyada esa teskarisi: qishloq xo‘jaligi yerlarining 23 foizida yetishtiriladigan loviya dunyodagi oqsilning 63 foiziga to‘g‘ri keladi.
Loviya uchun mol, tovuq va qo‘y go‘shtiga qaraganda kamroq yerdan foydalaniladi
100 gramm oqsil uchun foydalaniladigan yer kvadrat metrda
Pol Nyunxem, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini himoya qilish markazining dunyoda ochlikka barham berish bo‘yicha ijrochi direktorining aytishicha, loviyani xarid qilishga ko‘proq odamning qurbi yetadi.
Cornell Cooperative Extension kompaniyasining sabzavot bo‘yicha mutaxassisi Margi Lund esa dukkaklilar, ya’ni loviya, no‘xat va yasmiq tuproq sifatini oshirishiga urg‘u beradi. “Loviya o‘simliklari azotni tuproqqa qaytaradi va bu tabiiy o‘g‘it vazifasini bajaradi. Loviya bug‘doy yoki karam bilan almashlab ekilganda, tuproq unumdorligi oshiradi”, – deya tushuntiradi u.
Masalan, USDA’ning o‘simlik yetishtirish hisobotida qayd etilishicha, AQShda 2021-2022-yillarda loviyani almashlab ekish hisobiga dalalar 10 foizga qisqartirilgan bo‘lsa ham, hosil 23 foizga oshgan.
O‘zbekiston va loviya
Bir chashka loviya iste’mol qilinsa, bu o‘rtacha 15 gramm protein yoki tavsiya etilgan kunlik miqdorning 30 foizini tashkil qiladi. Soya loviyasi esa dukkakli ekinlar bo‘yicha eng oqsilga boyi hisoblanib, uning 1 stakanidan kunlik protein miqdorining 63 foizini (31,3 gramm) olish mumkin.
Turiga qarab 1 stakan loviyadagi oqsillar
Umuman qadimgi dunyodan loviyalar insoniyat tarixida keng tarqalgan bo‘lgan. Masalan loviyaning fava deb ataladigan turini qanday tayyorlash Misr iyerogliflarida ham bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, insoniyat tarixida loviyaning mingdan ortiq turi bo‘lgan va madaniyatlar almashinuvi sabab ularning aksari yo‘qolib ketgan. Hozirda 250ga yaqin loviya navi bor.
“Loviya qanday bo‘ladi?” loyihasi xodimlaridan biri Pol Nyunxem o‘zining keyingi 10 yildagi tasavvurini “har bir inson kuniga ikki yoki uch marta o‘ziga mos keladigan loviya oladigan dunyo” deb ta’riflaydi va bu dunyoga katta ta’sir ko‘rsatadi.
“Biz oziq-ovqat yetishtiradigan tuproq va atrof-muhit sifati, shuningdek, o‘z salomatligimiz va ovqatlanishimiz uchun ham qayg‘urgan bo‘lamiz. 10 fevralni Butunjahon dukkaklilar kuni deb ham nomlashdi”, – deydi u.
O‘zbekistonga keladigan bo‘lsak, o‘zbeklar orasida loviya iste’moli u qadar ommalashmagan. Go‘sht xavfsizligi masalasi O‘zbekistonda kun tartibida emasligi uchun ham, go‘sht mahsulotlari o‘rnini bosuvchilar haqida targ‘ibot ham deyarli yo‘q. Lekin butun dunyoda go‘shtga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish va shu orqali ekologiyani yomonlashuvdan asrash uchun harakat qilinayotgan bo‘lsa, bu tendensiya yaqin yillar ichida O‘zbekistonga ham kirib kelish ehtimolini paydo qiladi.