Elektron pochtamga yuborilgan navbatdagi maktubni o‘qir ekanman xayolimga agar u mahoratli rejissyorning qo‘liga tushsa yaxshi film qilsa bo‘lar ekan degan o‘y keldi. Hodisa haqiqatdan ham juda qiziqarli bo‘lib, unda maktub egasi bundan ancha yillar avval boshidan o‘tkazgan voqealarni yozgan ekan.
Ma’lum bo‘lishicha, u 20 yilcha avval Rossiyaga ishlashga borib boy lo‘lilardan birining eski uyini buzayotganda tilla tangalar topib olgan. Biroq bu haqda uyning egasiga va sheriklariga aytmagan va tangalarni O‘zbekistonga olib kelgan.
«Katta tavakkal qilib tilla tangalarni O‘zbekistonga olib ham keldim. Biroq o‘shanda qilayotgan ishim noto‘g‘riligini, birovning haqi birovga buyurmasligini o‘ylamabman. Oxir-oqibat hamqishloqlarim oldida yuzim shuvit bo‘ldi, uyatga qoldim. Oradan qariyb 20 yil o‘tgan bo‘lsada tanishlarim o‘sha ishimni hanuzgacha betimga solishadi», deydi u maktubda.
«2004 yil uch nafar hamqishlog‘im bilan uch-to‘rt so‘m ishlab kelish maqsadida Rossiyaga jo‘nadik. O‘shanda hech birimiz rus tilini tuzuk bilmaymiz. Ish topib berar degan umidda bir qancha hamqishloqlarimiz savdo-sotiq bilan shug‘ullanadigan Chelyabinsk shahri tomon yo‘l oldik.
Manzilga yetib borganimizdan so‘ng hamqishloqlarimiz bir necha kun mehmon qilishdi. Biroq ma’lum bo‘ldiki, ularning hech birida bizbop bo‘sh ish o‘rni yo‘q ekan.
«Ukalar, bu yerdagi bozorlarda bir nechtadan quruq va ho‘l meva, sabzavotlar bilan savdo qiluvchi do‘konlarimiz bor. Biroq ularga sizlarni ishga ololmaymiz. Bizga rus tilini yaxshi biladigan odam kerak. Shu uchun mahalliy sotuvchilarni ruslardan olganmiz. Xafa bo‘lmaysizlar, endi», deyishdi ular.
Hamqishloqlarimiz bizga ijaraga arzonroq uy topib berishdi. Yotoq-joy muammosi hal bo‘lgach shahar chetida joylashgan mardikor bozoriga chiqa boshladik.
O‘sha paytlarda hali yurtdoshlarimiz yoppasiga ish izlab Rossiyaga bormas, bizga o‘xshaganlar kam edi. U yoq-bu yoqlarda faqat tojikistonliklar ishlab yurardi.
Bizga har kun ish bo‘lar, ish haqi ham yomon emasdi. Kimnidir ishi bir kunda tugar, ertasi kuni yana mardikor bozoriga borardik. Kimnidir ishi esa 3-4 kun davom etardi.
Ana shunday kunlardan birida teridan tikilgan pidjak kiygan, bo‘yniga yo‘g‘on tilla zanjir osgan bir kishi keldi. U bobosidan qolgan eski uyni buzish kerakligini, agar narxini kelishsak shu ishni bizga qildirishini aytdi.
Rangi bug‘doyrang bo‘lgani uchun uni avvaliga kavkazlik deb o‘yladik. Keyin bilsak u rossiyalik lo‘lilardan ekan. Lo‘li bilan narxni kelishdik, pulni ish tugagach beradigan bo‘ldi.
Lo‘lilarning boyi haqida eshitgandik, tirigiga ilk bor duch kelib turibmiz. U bizni vahimali xorij mashinasiga o‘tqazib olib ketdi. Buziladigan uy shahar chetrog‘ida ekan. O‘sha kunning o‘zida ishni boshlab yubordik.
Ish boshlaganimizdan so‘ng lo‘li uy 150 yillik tarixga ega ekanini, katta bobosidan meros qolganini aytib berdi. «Katta bobom juda katta boy bo‘lgan. Mabodo devor orasidan nimadir chiqib qolsa men bexabar qolmay» dedi lo‘li. Uning bu gapini hazilga yo‘ydik.
O‘n kuncha ishlab uyning tomini buzdik, navbat devorlarga keldi. Uyning bir qismi yog‘ochdan, boshqa qismi pishiq g‘ishtdan tiklangan ekan. Yog‘ochdan bo‘lgan qismini osongina buzdik. G‘ishtli devorlarni buzish biroz mashaqqat bo‘ldi.
Ana shunday kunlardan birida qo‘limdagi lom bilan devorni yiqitganimda g‘ishtlar orasidagi kovakdan xumcha chiqib qoldi. Sheriklarimdan yashirib uni ochib ko‘rsam tilla tangalar ekan. Xumchani o‘sha zahoti oyoq ostidagi g‘isht bo‘laklari orasiga yashirdim.
Tuni bilan uxlamadim. Tilla haqida lo‘liga aytsammi, aytmasammi deb o‘zim bilan o‘zim olishib chiqdim. Nafsim g‘olib keldi va boylik topganim haqida sheriklarimga ham, lo‘liga ham indamayman degan qarorga keldim.
Bir-ikki kun shu tarzda ishladim va tilla tangalarni nima qilib bo‘lsa ham O‘zbekistonga olib kelish haqida o‘ylay boshladim. O‘sha paytda qozoqlar Chelyabinskdan Toshkentga avtobusda odam tashir, o‘sha bilan ketishni reja qildim.
Lo‘li har kun bizga tushlik olib kelar, qilgan ishlarimizni tekshirib chiqar, mabodo boylik chiqmayaptimi deb hazillashib qo‘yardi. Unga hech narsa chiqmadi deganimda yuzim qizarib ketar, biroq na lo‘li, na sheriklarim shubhalanmasdi.
Tillani qanday qilib olib ketsam deb yurgan paytimda lo‘li tushlik bilan birga olib keladigan qatiqning idishiga ko‘zim tushib qoldi. Sheriklarimga sezdirmay bitta tilla tangani idishga solib ko‘rdim, og‘zidan bemalol o‘tib ketdi. Topag‘onligimdan quvonib ketdim, tangalarni kefirning ichiga solib olib ketaman. Yo‘lda hech kim undan shubhalanmaydi.
Ertasi kuni lo‘li kelganda unga uyga borib kelmoqchi ekanimni, shunga ish haqimni berishini so‘radim. U ish haqimning yarmini berdi.
«Mana shu pul senga yo‘lkiraga va uyingdagilarga sovg‘a-salom olishga yetadi. Qaytib kelib ishni tugatasan, keyin ish haqingning hammasini olasan» dedi u.
O‘sha kuni tushdan keyin tillalarni oldim va ishdan vaqtliroq chiqdim. Uydagilarga u-bu narsa, yo‘lda yeb ketish uchun oziq-ovqat ham oldim. Ular orasida uchta idishda qatiq ham bor edi.
Tunda qatiqlardan birini bo‘shatdim. Ichiga tangalarni soldim. So‘ng tepasida joy qolgandi ozroq qatiq quyib yubordim. Uning ichida tilla tanga borligini hech kim taxmin qilmasdi. Ertasi kuni Chelyabinsk-Toshkent avtobusiga chiqib oldim va O‘zbekistonga jo‘nadim.
Non va kolbasani parrak qilib kesib oldim va qatiq idishlari bilan yelim paketga solib qo‘ydim. Rossiyadan Qozog‘istonga o‘tish oson kechdi. Qo‘limdagi yegulik solingan yelim paket hech kimda shubha uyg‘otmadi. Toshkent yaqinidagi bojxona maskaniga yetib kelguncha yo‘lda ham hech qanday muammo bo‘lmadi.
Qozog‘iston tomonda chegaradan o‘tishda navbatda turar ekanman, tillani sezib qolishsa-chi, deb biroz hayajonlanardim.
Qozog‘iston bojxonachilaridan tinch o‘tib oldim. Navbat O‘zbekiston tomonga keldi. Sumkamga kiyimlar va sovg‘a-salom joylangan. Qo‘limdagi yelim paketda tanga solingan qatiq idishi, non bo‘laklari va parrak qilib kesilgan kolbasa turibdi.
Bojxona tekshiruvidan o‘tar ekanman sumkamni apparatdan o‘tkazishdi, ichini ochib ko‘rishdi, unda hech narsa yo‘q. Qo‘limdagi yelim paketni ko‘rsatar ekanman bojxona xodimining ko‘ziga qaramaslikka harakat qildim.
Bojxona xodimi kesilgan kolbasa bo‘laklari, non va qatiq idishiga qaradi-da, qayerdan kelyapsiz, dedi. Rossiyadan degandim, o‘tavering, dedi. O‘sha paytda yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi va yengil nafas oldim.
Uyga yetib kelganimdan so‘ng tilla haqida hech kimga indamadim. Na ota-onam, na xotinim u haqda xabardor bo‘lishmadi. Shundan so‘ng uning bir donasini tortib ko‘rgim keldi.
O‘sha paytlarda elektron tarozilar endi chiqqan va faqat qishloq markazidagi do‘konda bor edi. Tangalardan birini oldim va do‘konga chiqdim. Tush paytida hech kim yo‘q ekan, tangani tarozi ustiga qo‘ydim.
Shu paytda do‘konga Chelyabinskka birga borgan sherigimning ukasi kirib qolsa bo‘ladimi?! U tarozi ustidagi tangani ko‘rdi va «qayerdan oldingiz?» dedi.
O‘sha paytda bir muddat tilim kalovlanib qoldi va unga nima deb javob berishni bilmasdim. Bobomdan qolgan desam bobom kambag‘al o‘tganini va bunday tilla tangani umrida ko‘rmaganini hamma biladi.
Sotib oldim desam, bunga ham ishonmaydi. O‘zi kunim o‘tmay Rossiyada mardikor bo‘lib yuribman. Topib oldim desam ham ishonmaydi, tilla tanga ko‘chada tushib yotadigan narsa emas.
Shu paytda bir bahona qolgan edi xolos: «Rossiyada xo‘jayin ish haqimga bir dona tanga berdi». O‘shanda tillalarni egasiga, lo‘liga bermaganim bir xato, sherigimning ukasiga xo‘jayin ish haqiga berdi deyishim ikkinchi xato bo‘ldi.
Sherigimning ukasi do‘kondan indamay chiqib ketdi. Men ham tillani olib borib stomatolog vrachga sotib yubordim. Ko‘p o‘tmay unga ikkinchi tangani ham sotdim.
Ana shunday kunlardan birida eshik taqillab qoldi. Chiqsam ikki nafar ichki ishlar xodimlari turishibdi. Ularni ko‘rib yuragim shuv etdi. Nariroqda turgan IIB mashinasining orqa o‘rindig‘ida kimdir o‘tiribdi. Bekorga xavotirlanmagan ekanman, mashinadan Chelyabinskda bizga uyini buzdirayotgan lo‘li tushib keldi.
IIB xodimlari bilan o‘rtamizda qisqa savol-javob bo‘ldi. «Faloncha Falonchiyev sizmi? Yaqinda Rossiyadan keldingiz». Tasdiq ma’nosida bosh irg‘itdim. «Tilla tangalarni olib chiqing». Indamay olib chiqdim.
Lo‘li ularni sanab ko‘rdida «Nechtasini sotding» dedi? Ikkitasini sotganimni aytdim, biroq u ishonmadi.
IIB xodimlari tillalarni kimga sotganimni so‘rashdi va meni o‘zlari bilan birga stomatolog vrachning ishxonasiga olib borishdi. Men mashinada qoldim, o‘zlari ichkariga kirib ketishdi. Ko‘p o‘tmay vrach bilan qaytib chiqishdi.
Tillalar hali ham vrachning qo‘lida ekan, lo‘li ularni qaytarib oldi. IIB xodimlari menga vrachni pulini qaytarishimni aytishdi. Shundan so‘ng o‘sha yerning o‘zida tillalarni Rossiyadan O‘zbekistonga qanday qilib olib kelganim haqida so‘rashdi, hammasini aytib berdim.
Hikoyani eshitib lo‘li afsus deganday bosh chayqardi:
«O‘zbeklar har doim halol bo‘lishadi deb o‘ylardim. Biroq oralarida senga o‘xshagan birovning haqidan qo‘rqmaydiganlari ham bor ekan. Bobomdan qolgan uyni xohlasam buldozer bilan ham tekislab tashlardim. Biroq eski uyning qay bir burchagida boylik bor degan gumonda uni senlar yordamingda qo‘lda buzdirdim. Esingda bo‘lsa ish boshlaganlaringda «boylik chiqsa aytinglar» deb uqtirgandim. O‘shanda xo‘p deganding, biroq lafzingda turmading. Agar tillani topgan zahoting menga xabar berganingda seni quruq qo‘ymasdim. Endi esa ish haqingdan ayrilding, vrachdan qarz bo‘lib qolding. Kamiga mahallangda sharmanda bo‘lding. Menga rahmat ayt, IIB xodimlariga tillalarni qaytarib olsam senga ish ochmasliklarini iltimos qilgandim. Aks holda o‘g‘irliging uchun javobgarlikka ham tortilarding».
Lo‘li gapirar ekan boshimni egib turardim xolos. Birozdan so‘ng IIB xodimlari «Kerak bo‘lib qolsang chaqiramiz» deyishdi va lo‘lini olib qaytib ketishdi. Men gardanimda vrachga berishim kerak bo‘lgan qarz bilan qoldim.
Uyga qaytsam qilgan ishim allaqachon qishloqda ovoza bo‘lgan, hamma ustimdan kulardi. Hodisa tafsilotlarini eshitgan tanishlar esa «Lo‘li mard ekan, boshqasi bo‘lganda qamatib ham yuborardi» deyishdi.
Meni bir savol qiynardi, lo‘li tillalarni topganimni va O‘zbekistonga olib kelganimni qayerdan bildi? Sherigimni ukasi do‘konda tangani torganimni ko‘rgandi, uning oldiga jo‘nadim.
Ma’lum bo‘lishicha, sherigimning ukasi do‘konda tilla tortayotganimni ko‘rgach ishlari bilan chalg‘ib o‘sha hodisani unutib yuborgan.
Oradan ikki hafta o‘tib akasi uydagilariga telefon qilganida tilla tortganim esiga tushadi. Shunda u akasiga «Sherigingga xo‘jayin ish haqini tilla bilan to‘labdi. Sen ham pul o‘rniga tilla ol» debdi.
Ukasidan tilla haqida eshitgan sherigim ertasi kuni lo‘li tushlik olib kelgan paytda «Xo‘jayin, sherigimizga ish haqiga tilla beribsiz, bizga ham shunday qiling. Pul o‘rniga tilla tanga bering» deydi. Ana shu paytda lo‘li hushyor tortadi va Toshkentga qarab uchadi.
Keyin Toshkentdagi lo‘li tanishlari orqali IIBga murojaat qiladi. Toshkentga uchishdan avval u sheriklarimga «Toshkentga ish bilan boryapman, manzilini beringlar, ish haqining qolganini berib kelaman» deb ism-sharifim va manzilimni yozib olgan ekan. Bu tafsilotlarni bir necha oydan so‘ng qishloqqa qaytgan sherigim aytib berdi.
O‘shanda bu voqea men uchun juda katta saboq bo‘ldi. Shundan so‘ng minba’d birovning narsasiga hatto u ko‘chada tushib yotgan bo‘lsa ham tegmayman deb ont ichdim. Hozircha ontimni buzmadim.
Biroq o‘tgan yillar mobaynida birgina o‘ylamasdan qilingan ish tufayli o‘g‘ri degan tavqi la’natdan qutulmadim. Hodisadan xabar topganlar oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, hanuzgacha uni yuzimga solishadi. Eslab ustimdan kulishadi».
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.