Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 20 yildan ortiq vaqt davomida hokimiyat tepasida qolmoqda. Endi uning qarshisida —o‘zi hal qilishiga to‘g‘ri kelgan vazifalardan eng murakkabi paydo bo‘lgan. Yakshanba kuni Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Muxolifatdagi olti partiya birlashgan va o‘z boshqaruvidagi ko‘p yillar mobaynida murvatlarni burab qotirib, avtoritar tizim qurgan va barcha hokimiyatni o‘z qo‘lida to‘plab, bu bilan mamlakatni og‘ir iqtisodiy inqirozga olib kelgan amaldagi prezidentni ag‘darish uchun yagona nomzodni tanladi.
Quyida bu saylov haqida bilish kerak bo‘lgan asosiy ma’lumotlar keltiriladi.
Bu saylovlar nima uchun tarixiy deb atalmoqda?
Bu ko‘p yillardan buyon nafaqat Turkiyani, balki butun mintaqani haqiqatan ham o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan birinchi saylov, chunki muxolifatda birinchi marta muvaffaqiyat qozonish uchun real imkoniyat yuzaga kelgan.
XX asrda Usmoniylar imperiyasi qulashidan keyin Otaturkning islohotlari amalga oshirilib, Turkiya shariat huquqlari bekor qilingan, davlat esa diniy institutlarga qaram bo‘lmagan milliy davlatga aylangandi.
Rajab Erdo‘g‘anning 20 yillik boshqaruvi davrida Turkiya otaturkchilikdan voz kechib, konservativ va diniy g‘oyalarga qayta boshladi. Erdo‘g‘anning o‘zi bir necha bor Otaturkning islohotlarini tanqid qildi — unga ayniqsa davlat dindan ajratilgan dunyoviylik tamoyili yoqmagan. Buning o‘rniga Erdo‘g‘an Turkiyaning islomiy o‘ziga xosligini mustahkamlash tarafdori edi.
Turkiya avtoritarizm yildan yilga kuchayib bormoqda, bu yerda norozi odamlarni ommaviy hibsga olish va jinoiy ta’qib qilish mumkin.
Bo‘lajak saylovlar nafaqat Turkiya uchun, balki butun mintaqa uchun ham muhimdir.
Amaldagi prezidentning mamlakat ichidagi muxoliflari u Turkiyada yangi sharqona mustabid tuzum qurayotganini aytishsa, Erdo‘g‘an tashqi siyosatda mintaqadagi ta’sirini kengaytirish uchun barcha ishni qilmoqda. Anqara Rossiya, Eron va Qatar bilan aloqalarni rivojlantirdi, Suriya va Liviyadagi manfaatlarini harbiy vositalar orqali belgiladi va himoya qildi.
Rossiyaning Ukraina bilan urushi davomida Erdo‘g‘an shaxsan vositachi rolini o‘ynashga harakat qildi: u tomonlarning muzokaralarini tashkillashtirdi, Volodimir Zelenskiy bilan ham, Volodimir Putin bilan ham muloqotni davom ettirdi, mohiyatan mojaroning ikki tomoniga ham ta’sirini saqlab qolgan yagona yetakchi sifatida ko‘rsatishga urindi.
NATO a’zosi hisoblangan Turkiya Finlandiya va Shvetsiyaning alyansga qo‘shilishida muammo tug‘dirdi va bu bilan o‘zining ta’siri faqat Qora dengiz mintaqasi va Yaqin Sharq bilan cheklanib qolmasligini namoyish etdi.
Erdo‘g‘an nega yutqazishi mumkin?
Ikkita asosiy sabab va bitta qo‘shimcha omil mavjud.
Birinchi sabab — iqtisodiyot. Qachondir mamlakatni dunyoning yetakchi iqtisodiyotlaridan biriga aylantirishni va’da qilgan prezident uchun bu ulkan muvaffaqiyatsizlikdir. Qolaversa, Turkiyadagi inqiroz inson qo‘li bilan yaratildi.
2021 yil kuzida lira kursi pasaya boshlaganida, Erdo‘g‘an nazoratidagi Markaziy bank prezidentning ko‘rsatmalari bo‘yicha harakat qila boshladi. Erdo‘g‘anning pul-kredit siyosati bo‘yicha qarashlari esa bazaviy iqtisodiy qonunlar va sog‘lom aqlga zid kelishi ma’lum bo‘ldi. Yakunda inflatsiya so‘nggi 24 yillikdagi rekord darajaga yetdi, amalda barcha narsaning narxi ko‘tarildi. Va azaldan Erdo‘g‘anning tarafdorlari bo‘lganlar ham undan yuz o‘gira boshladi.
Ikkinchi sabab — birlashgan muxolifat. Olti partiya Erdo‘g‘anga qarshi yagona nomzod ko‘rsatish maqsadida birlashdi. Va jamoatchilik fikrini o‘rganish so‘rovlari esa prezident mashhurlik bobida asosiy muxolifi Kamol Qilichdoro‘g‘liga yutqaza boshlayotganini ko‘rsatdi.
Saylov kuni belgilanishi ortidan Turkiyada dahshatli fojia ro‘y berdi. Va bu ham ovoz berish natijalariga ta’sir ko‘rsatadigan omil edi.
Tabiiy ofatlar siyosatchilar irodasiga bo‘ysunmaydi, ammo Erdo‘g‘anning boshqaruvi davrida gullagan korrupsiya va qarindosh-urug‘chilik tabiiy ofat ko‘lamlariga ta’sir qildi. O‘n minglab kishilar halok bo‘ldi, millionlab kishilar boshpanasiz qoldi.
Erdo‘g‘an buning barchasida «binolarni qurishda xavfsizlik standartlariga rioya qilmagan» quruvchilarni aybladi. Zudlik bilan o‘nlab quruvchilar qo‘lga olindi. Ammo muxolifatdagilar fikricha, bu fojiaga sabab — amaldagi mavjud qoidalar va keng tarqalgan korrupsiyadaligi, demakki, javobgarlik hukumat va shaxsan Erdo‘g‘anning zimmasida ekanini aytdi.
Turkiya hukumati ba’zida qurilish amnistiyasi berib keladi — ya’ni amalda xavfsizlik normalari sertifikatlarisiz ishlagan quruvchilarni jarimalardan ozod etadi. Bunday amnistiyalar 1960-yildan buyon qo‘llana boshlagan, so‘nggisi 2018 yilda e’lon qilingan. Erdo‘g‘anning tanqidchilari anchadan buyon bunday amnistiyalar zilzila ro‘y bergan taqdirda ulkan falokatga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirishardi.
So‘nggi zilzila o‘n millionlab saylovchilar yashaydigan janubi-sharqdagi 11 ta provinsiyani qamrab oldi, bu hududlar aholisi esa azaldan Erdo‘g‘anni qo‘llab kelardi.
Erdo‘g‘anga qarshi chiqayotgan kim?
74 yoshli Kamol Qilichdoro‘g‘li halol, xotirjam, ammo korrupsion sxemalarni payqash qobiliyatiga ega bo‘lgan qat’iyatli byurokrat reputatsiyasiga ega. Ammo Erdo‘g‘anda bo‘lgan birorta saylovda yutqazmaganlik tajribasi unda yo‘q. Uning alyansdagi ayrim hamkorlari ham u bu kurashda g‘olib bo‘la olishiga shubha qilishgan.
G‘olib birinchi turda aniqlanishi uchun nomzodlardan biri 50 foizdan ortiq ovoz yig‘ishi talab etiladi. So‘nggi so‘rovlarning ko‘rsatishicha, Erdo‘g‘anni saylovchilarning 43,7 foizi, Qilichdoro‘g‘lini esa — 49,3 foizi qo‘llab-quvvatlaydi. Agar bu raqamlar real bo‘lib chiqsa, ikkinchi tur bo‘lib o‘tishi muqarrar.
Poygaga Muharram Injye qo‘shilganida Qilichdoro‘g‘lining tarafdorlari tashvishga tusha boshlagandi — 2018 yilgi prezidentlik saylovlarida Erdo‘g‘anga qarshilik qilgan bu nomzod o‘shanda 30 foiz ovoz to‘plagandi. Birlashgan muxolifat Injye Erdo‘g‘andan norozi qatlamning ovozlarining bir qismini o‘ziga olishidan xavfsiragandi, ammo saylovlarga uch kun qolganida u o‘z nomzodini qaytarib olishga qaror qildi.
Injye poygada paydo bo‘lishi va undan chiqishi saylovchilar kayfiyatini qanchalik o‘zgartirganini baholash qiyin: jamoatchilik so‘rovlari u saylovlarda qatnashishdan bosh tortishini e’lon qilishidan oldin o‘tkazilgan va endi, bu so‘rovlarni o‘tkazgan Konda kompaniyasi qayd etishicha, Qilichdoro‘g‘lini qo‘llovchilar soni yanada oshgan. «Agar u 51 foiz olsa, men hayron bo‘lmayman», - degan kompaniya menejyeri Bekir Agirdir.
Erdo‘g‘an g‘alaba qozonsa nima bo‘ladi?
Keskin saylovoldi kurashidan va tanqidlardan omon chiqqudek bo‘lsa, Erdo‘g‘an so‘nggi yillarda qotirilgan murvatlarni bo‘shatishi dargumon. Aksincha, uning tanqidchilari hisoblashicha, Erdo‘g‘an g‘alaba qozongudek bo‘lsa, umrining oxiriga qadar hokimiyatda qolish uchun barcha ishni qiladi.
U so‘nggi yigirma yillikda foydalangan strategiyadan kelib chiqilsa, u shu yo‘lida davom etishini kutish mumkin: ya’ni qatag‘onlarni davom ettirish va «Islom birdamligi» kartasini chiylab, dunyoviylik tamoyillaridan uzoqlashish. Agar bu ssenariy amalga oshsa, Turkiya NATO bo‘yicha hamkorlaridan ham uzoqlashishda davom etadi. Yevropa esa — Turkiyaning eng yirik savdo hamkori ekani inobatga olinsa, og‘ir vaziyatdagi mamlakat iqtisodiyoti uchun G‘arb bilan qarama-qarshilikni chuqurlashtirish emas, balki ularni bartaraf etish ancha muhimroqdir.
Ayni vaqtda G‘arb Turkiya mintaqada qanchalik muhim rol o‘ynayotganini tushunib turibdi. Shuning uchun, hatto Erdo‘g‘an saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatish va g‘alaba qozonish uchun o‘z ma’muriy resurslarini ishga solsa ham, g‘arb yetakchilari uning legitimligini shubha ostiga olib bayonot berishi dargumon. Katta ehtimol bilan NATO hozirgi strategiyasiga amal qilishda davom etadi — Erdo‘g‘an bilan muloqot qilish yo‘llarini izlash harakatlarini. Va ko‘pi bilan — u qadar shovqin ko‘tarmasdan — unga Turkiyada inson huquqlari buzilayotgani to‘g‘risida eslatib turishlari mumkin.
Erdo‘g‘an Stokholmni Erdo‘g‘an terrorchilar deb ataydigan kurdlarni Turkiyaga berishdan bosh tortayotgani tufayli Shvetsiyaning NATOga a’zolik arizasini bloklashda davom etayotgani o‘zaro munosabatlar holatini og‘irligicha qoldirmoqda. Bunga parallel ravishda turklar yetakchisi Rossiya prezidenti bilan birgalikda atom elektr stansiyasini ochib berdi.
Biroq, Erdo‘g‘an mamlakatni yolg‘iz boshqarishi avvalgi yillardagiga qaraganda qiyinroq bo‘lishi ehtimoli bor — uning partiyasi xuddi shu kuni bo‘lib o‘tayotgan parlament saylovlarida yutqazishi mumkin. Bu saylov natijasi ham mamlakat kelajagi uchun muhim.
Parlament saylovlari nimasi bilan ahamiyatli?
Turkiya parlamenti 2016 yil voqealaridan keyin o‘z vakolatlari va ta’sirining bir qismini yo‘qotgan, o‘shanda Erdo‘g‘an bu voqealarni davlat to‘ntarishiga urinish deb atagan, muxolifat esa — prezidentning o‘zi tomonidan nazorat qilingan davlat to‘ntarishi deb baholagan.
Ammo bu voqealarning mamlakat hayotiga ta’siri faqat ommaviy tozalashlar boshlangani, jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgani, ommaviy axborot vositalari yopilgani, e’tiroz bildiruvchilar panjara ortiga yuborilgani bilangina bog‘liq emasdi.
Eng asosiysi — Erdo‘g‘an konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni o‘ylab topdi, bu uning hokimiyati kuchaytirilishi, parlament esa prezident va hukumat harakatlari ustidan nazoratni to‘liq yo‘qotishiga olib keldi.
Shu vaqtning o‘zida, Erdo‘g‘an qonunlar bilan bir xil kuchga ega farmonlar chiqarish huquqiga ega bo‘ldi — buning uchun unga parlamentning ma’qullashi ham kerak bo‘lmay qoldi. O‘sha vaqtda bu ustunlik unga unchalik zarur ham emasdi, chunki parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinlar uning partiyasiga tegishli edi. Ammo bunday imkoniyat unga endi asqatishi mumkin - agar u o‘z o‘rnida qolsa, lekin parlamentni boy bersa.
600 o‘rinlik parlamentga kirish uchun, partiya 7 foizlik barerdan o‘tishi talab etiladi. Yoki, mamlakatdagi hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, shu chegaradan o‘ta oladigan alyans tarkibida bo‘lish kerak.
Muxolifatdagi alyans o‘zaro kelishmovchiliklarni saylov arafasida hal etishga muvaffaq bo‘ldi, ammo ovoz berish jarayonidan keyin ham kelishish oson kechmaydi. Qilichdoro‘g‘lining partiyasi ko‘p yillardan buyon Turkiya Kamol Otaturk boshlab bergan yo‘ldan yurishi — ya’ni din davlatdan ajratilishi kerak deb hisoblaydi. Va Qilichdoro‘g‘lining o‘zi ham o‘z e’tiqodi to‘g‘risida gapirishdan bosh tortib kelgan. Ammo saylov arafasida, o‘ziga ko‘proq tarafdorlarni jalb etish maqsadida u bu mavzuda ham to‘xtaldi. Uning ittifoqchisi, milliy «Saodat partiyasi» rahbari Meral Akshener esa o‘z saflarida rebrending o‘tkazdi va o‘z partiyasini o‘ng markazchi deb atay boshladi. Asosiy savollardan biri — kurdlar rebrendingga ishonishadimi va Akshener ham kirgan alyansni qo‘llaydimi?
Erdo‘g‘anning asosiy raqibi Qilichdoro‘g‘li va uning tarafdorlari bu saylovlarga parlament respublikasiga qaytish va prezident vakolatlarini cheklash va’dasi bilan keldi. Ammo buning uchun alyans parlamentdagi 600 o‘rindan 400 tasini qo‘lga kiritishi kerak bo‘ladi. Ijtimoiy so‘rovlar asosida esa parlament tarkibi qanday ko‘rinish olishini taxmin qilish oson emas.
Parlament vakolatlarining bir qismini boy berganiga qaramay, unda hamon Erdo‘g‘anning hayotini qiyinlashtirish uchun ta’sir kuchi saqlanib qolgan.
Qilichdoro‘g‘li g‘olib chiqsa nima bo‘ladi?
Unga juda murakkab yuzaga kelgan mamlakat boshqaruvi qoladi.
Muxolifat ushbu vaziyatni o‘zgartirish bo‘yicha takliflar aks etgan 250 sahifali hujjatni e’lon qilgan, ammo undagi ko‘p bandlar kelajakni aniq bashorat qilish uchun juda abstrakt (mavhum) ko‘rinadi.
Qilichdoro‘g‘lining va’dalari tashqaridan kuzatuvchilar uchun jozibali ko‘rinishga ega: huquq va erkinliklar uchun kurash, korrupsiya va qarindosh-aymoqchilikdan xalos bo‘lish, NATO bo‘yicha ittifoqchilar bilan kelishmovchiliklarni hal qilish, erdo‘g‘ancha noan’anaviy iqtisodiy va moliyaviy siyosatdan voz kechish, siyosiy mahbuslarni ozod etish.
Xalqaro siyosatdagi tendensiyalar aniqroq. Masalan, muxolifatdagi koalitsiya allaqachon F-35 zarbdor qiruvchilari muammosini hal etish istagi haqida signal yo‘lladi. Erdo‘g‘an qachonlardir 100 ta jangovar samolyot sotib olishni va bu qiruvchilarni ishlab chiqaruvchi xalqaro konsorsiumning bir qismi bo‘lishni xohlagan. Ammo u rossiyaliklarning S-400 zenit-raketa tizimlarini sotib olgach, konsorsiumga yetakchilik qiluvchi AQSh Anqaraga F-35 dasturida ishtirok etishga ruxsat bermadi.
Turkiya rossiyaliklarning S-400 tizimlaridan voz kechsagina, dastur a’zoligini tiklashi mumkin. Rossiyaning ayrim nashrlari allaqachon Qilichdoro‘g‘li S-400 tizimlarini Ukrainaga berib yuborishidan xavfsiray boshladi.
Muxolifat nomzodi g‘alaba qozongan taqdirda Turkiya uchun yirik savdo va investitsiya hamkori hisoblangan Yevroittifoq bilan munosabatlarni yaxshilashni rejalashtirmoqda.
Yevropa Turkiyada inson huquqlari bilan bog‘liq ishlar qanday holatda ekanidan xabardor, lekin ayni vaqtda hozirgi prezident bilan qanday munosabat o‘rnatish borasida yakdil fikrga ega emas. BBC ning Yevroittifoqdagi suhbatdoshi aytishicha, Germaniya boshchiligidagi guruh samarali hamkorlik — muvaffaqiyat garovi deb bilsa, Fransiya bosh bo‘lgan boshqa guruh qat’iy yondashuv zarur degan fikrda. Rajab Erdo‘g‘an bu qarama-qarshilikdan xabardor va ular orasida manyovrlar qiladi.
Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Ukrainaga Rossiya bosqini boshlanganidan keyin ham Vladimir Putin bilan muntazam muloqot qilib turgan kam sonli dunyo yetakchilaridan biri sanaladi. Va g‘arb Ukrainadagi mojaroni hal qilish uchun kichik bo‘lsa-da, bunday imkoniyatga egaligini yodda tutadi.
Agar Qilichdoro‘g‘li g‘alaba qozona olsa ham, baribir G‘arb bilan ayrim kelishmovchiliklar saqlanib qolishi mumkin — masalan, Suriya masalasida.
So‘nggi yillarda Erdo‘g‘an va Bashar Asad o‘rtasida haqorat va ayblovlar almashinuvi kuzatilgan, ular bir-birini «terrorchi» va «o‘g‘ri» deb atashgan. Ammo buni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan jiddiy omil bor — qochqinlar.
Turkiyada hozirda to‘rt millionga yaqin suriyalik qochqinlar istiqomat qiladi, Anqaradagilar esa ularni vataniga qaytarishdan mamnun bo‘lgan bo‘lardi. Ammo buning uchun Asad bilan muloqot qilish zarur. Qilichdoro‘g‘li esa bunday qadamni tashlashga tayyor.
Agar hukumat o‘zgarsa, Turkiyaning Rossiya bilan o‘zaro aloqalari qanday kechadi?
Vladimir Putin va Rajab Erdo‘g‘an o‘rtasida hamisha alohida munosabatlar bo‘lgan. 2015 yilga qadar ularni do‘stona deb atash mumkin edi, ammo qator mojarolardan keyin ikki yetakchi o‘rtasiga sovuqchilik tushirdi: goh Turkiya Rossiya bombardimonchi samolyotini urib tushirar, goh Rossiya elchisi Turkiyada otib o‘ldirilar, goh ikki mamlakat avvaliga Suriyada, keyin Liviyada barrikadaning ikki tomonida paydo bo‘lardi. Ammo bu ikki siyosatchi har safar bir-biri bilan kelisha oldi.
O‘zaro tushunmovchiliklar hech qachon ishga xalal bermagan: Turkiya rossiyaliklardan S-400 zenit-raketa majmuasini sotib olgan, «Turkiya oqimi»ni ochishgan, Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi esa shu kunlarda Turkiyaning O‘rta Yer dengizi sohillarida atom elektr stansiyasi qurilishini yakunladi.
Putin Ukraina bilan urush boshlaganida, Turkiya NATOning Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llamagan yagona mamlakati bo‘ldi, garchi Erdo‘g‘an o‘z chiqishlarida urushni qoralagan bo‘lsa ham.
Rossiyaga barcha tomondan sanksiyalar yog‘ilganida va u izolyatsiyada qolganida, ikki asosiy hamkori — Xitoy va Turkiya u bilan muloqot qilishda davom etdi. Ammo Xitoy — Putin teng shartlar asosida gaplashishi mumkin bo‘lgan mamlakat emas.
Turkiya esa — butunlay boshqa masala. Bu, qanchalik paradoksal ko‘rinmasin, Putin G‘arb bilan qandaydir aloqa o‘rnatishi mumkin bo‘lgan dunyodagi yagona mamlakatdir. Erdo‘g‘an g‘alla kelishuvi tuzishga yordam berdi, Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni davom ettirmoqda, o‘z hududida gaz habi tashkil etilishi g‘oyasiga ishtiyoq bilan qaraydi. Va, albatta, Turkiya Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tishda ham yordam bermoqda — bu esa NATO bo‘yicha hamkorlarining noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.
Urush boshidayoq Anqara mojaroni hal qilishda vositachilik xizmatini taklif etib, Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinch muzokaralarni tashkillashtirgandi, keyinroq asirlar almashinuvi jarayonida ishtirok etdi. Va bu Erdo‘g‘anga Putin bilan ham, Volodimir Zelenskiy bilan ham qo‘l siqib ko‘rishishiga xalal bermayapti.
Qilichdoro‘g‘lidan vaziyat bo‘yicha qarashlarini so‘rashganida, u shunday javob qaytargan: «Rossiya — bizning muhim qo‘shnimiz va vaziyat talab qilganda mintaqadagi hamkorlik bo‘yicha sheriklarimiz. Albatta, mintaqada tinchlik va barqarorlik saqlanishi uchun birgalikda harakat qilsak ham, ayrim masalalarda turlicha qarashlarga ega bo‘lishimiz mumkin. Men o‘zaro munosabatlarimizni o‘zgartirish uchun qandaydir sabab bor deb o‘ylamayman».
Bu ibora ortida asosiy narsa yotibdi — Turkiyaning yangi rahbariyati NATOda muhimroq rol o‘ynab, shu bilan birga Rossiya bilan yaqin hamkorlikni saqlab qolmoqchi.
Ammo saylovga tom ma’noda ikki kun qolganida Qilichdoro‘g‘li o‘z tvitterida rus tilida Rossiyaga murojaat qilib, «turk davlatidan qo‘lini tortish»ga chaqirdi.
«Aziz rus do‘stlar, kecha bu mamlakatda fosh qilingan montajlar, fitnalar, Deep Fake kontenti va yozuvlari ortida siz turibsiz. 15 maydan keyin ham do‘stligimizni davom ettirmoqchi bo‘lsangiz, Turk davlatidan qo‘lingizni torting. Biz hamon hamkorlik va do‘stlik tarafdorimiz», — deya yozgan nomzod.
Gap prezident Erdo‘g‘an o‘z tarafdorlariga ko‘rsatgan videoyozuvlar haqida bormoqda. Videoda Kamol Qilichdoro‘g‘li barchani saylovga borishga chaqirayotgani aks etgan, bir soniya o‘tib esa kadrda terrorchi deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasi yetakchisi ko‘rinish beradi. Jurnalistlar videoni tahlil qilib, yozuv haqiqiy emas degan xulosaga kelishgan — u maxsus montaj qilingan.
Kremldagilar feykka aloqador emasligini bildirib, aksincha, «Turkiya bilan ikki tomonlama munosabatlarni juda va juda qadrlashi»ni bildirgan.
Ekspertlarning kutilmalariga ko‘ra, Qilichdoro‘g‘li saylangudek bo‘lsa, Anqara Shvetsiyaning NATOga kirishiga to‘sqinlik qilishni bas qiladi. Va agar shu bilan bir vaqtning o‘zida Turkiya S-400 tizimlaridan voz kechsa va raketaga qarshi mudofaa arxitekturasini NATO standartlari bo‘yicha quradigan bo‘lsa, bu butun Yevropadagi vaziyatni jiddiy darajada o‘zgartiradi. Birinchi navbatda — bunday yangilikka rozi bo‘lishi dargumon Rossiya uchun.
Putinda ta’sir vositalari mavjud: bu gaz ta’minoti ham, yaqinda ochilgan «Aqquyu» AES ham, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi ham va turistlar oqimi ham. Va Qilichdoro‘g‘li chiqish yo‘lini izlashiga to‘g‘ri keladi — albatta, hech kim AESdan voz kechmaydi.
Ammo Qilichdoro‘g‘li g‘alaba qozongan taqdirda, dastlabki vaqtlarda asosiy ichki muammolar bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keladi. Erdo‘g‘an tez-tez xalqaro «yutuqlar» bilan o‘z reytingini ko‘tarishni yoqtirardi — oxirgi vaqtlarga kelib esa o‘z prezidentlari jahon nashrlarining birinchi sahifalarida necha marta ko‘rinish berishi turklarni qiziqtirmay qo‘ydi. Mamlakat aholisi uchun eng muhimi — zarur oziq-ovqat mahsulotlarini yana arzonroq narxlarda sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishdir.