O‘zbekistonlik bokschilar Toshkentdagi JChni birinchi o‘rinda yakunladi

Sport 19:20 / 14.05.2023 51642

Toshkentda o‘tkazilgan boks bo‘yicha jahon chempionatining oxirgi kunida O‘zbekiston boks jamoasi yana 2 ta oltin va 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. 

Dastlab Oybek Jo‘rayev (-54 kg) chempionlik uchun ringga ko‘tarildi. Ammo u qozog‘istonlik Mahmud Sabirxan bilan jangda yutqazdi va kumush medal bilan kifoyalandi.

Abdumalik Xalokov (-57 kg) esa finalda kubalik Siyedel Xorta ustidan g‘alaba qozondi va oltin medalga ega chiqdi. U 2 yil muqaddam Serbiyada o‘tgan dunyo birinchiligida kumush medalni qo‘lga kiritgandi.

Toshkentdagi jahon chempionatida debyut qilgan Ruslan Abdullayev (-63,5 kg) ham musobaqani oltin medal bilan yakunladi. U finalda mo‘g‘ulistonlik Chinzorig Batarsuxdan ustun keldi.

Saidjamshid Jafarov (-71 kg) esa kutilmaganda final jangida yutqazib qo‘ydi. Qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenovga qarshi jangda unga tajriba yetishmadi va u ham kumush medal bilan kifoyalandi.

13 may kungi final bahslarida qatnashgan o‘zbekistonlik uch bokchsi – Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-67 kg), Hasanboy Do‘smatov (-51 kg) va Bahodir Jalolov (+92 kg) o‘z janglarida g‘alaba qozonishgandi. Yarimfinal bahslarida yutqazgan A’loxon Abdullayev (-75 kg) va Lazizbek Mullojonov (-92 kg) jamoa hisobiga bittadan bronza medallarni taqdim etishgandi.

4 nafar bokschi Shodiyor Meliqo‘ziyev (-48 kg), Mujibillo Tursunov (-60 kg), Jasur Yo‘ldoshev (-80 kg) va Shohjahon Abdullayev (-86 kg) musobaqani medalsiz yakunlashdi.

Ma’lumot uchun, turnir chempionlari – 200 ming, kumush medal sohiblari – 100 ming, bronza egalari – 50 ming AQSh dollari pul mukofoti bilan taqdirlanishdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston boks jamoasi turnirda 5 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza – jami 9 ta medal olib, medallar soni bo‘yicha ham, sifati bo‘yicha ham birinchi bo‘ldi. Qozog‘iston 4 ta oltin va 1 ta kumush medal bilan ikkinchi o‘rinda qoldi.

Shuningdek, O‘zbekiston jamoasi jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi natijasini yangiladi. Go Sport ma’lumotiga ko‘ra, bungacha O‘zbekiston jamoasining eng yaxshi natijasi 2019 yilgi Yekaterinburgda bo‘lib o‘tgan JChda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda O‘zbekiston vakillari 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritishgandi.

Ko‘proq yangiliklar: