“Mening yo‘lim” loyihasining 2023 yilgi mavsumi 7 aprel kuni yakunlanib, g‘oliblar e’lon qilindi. Mavsumda 8 milliondan ziyod fuqaro (aniqrog‘i, sim-karta) ishtirok etgan, 10 317 ta taklif kelib tushgan.
“Mening yo‘lim” loyihasidan maqsad – tuman (shahar) budjetlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun rejalashtirilgan mablag‘larning kamida 50 foiz qismi fuqarolar fikri asosida yo‘naltirish. 2023 yilda loyihaga ajratilgan mablag‘ 2 barobarga oshirildi.
Qishloqlar g‘oliblik uchun qattiq kurashdi
“Mening yo‘lim” loyihasiga takliflar qoldirish va ovoz berish jarayonlari “Ochiq budjet” portalida amalga oshirildi. Portal ma’lumotlariga tayansak, shaharlarda kam ovoz bilan g‘olib bo‘lgan loyihalar bilan bir qatorda, qishloqlarda 10 ming va hatto 40 mingdan ziyod ovoz yig‘ib ham g‘olib bo‘la olmagan loyihalarni ko‘ramiz.
Masalan, Toshkent shahri Yashnobod tumani Munavvar SMP ko‘chasini ta’mirlashga oid tashabbus 178ta ovoz bilan g‘olib bo‘lgan. Toshkentdan uncha uzoq bo‘lmagan Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidan qoldirilgan loyiha esa 15 142 ta ovoz bilan ham g‘olib bo‘la olmagan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov Toshkent shahrida hatto 2 ta ovoz bilan g‘olib bo‘lgan loyihalar ham borligiga e’tibor qaratdi.
“Toshkent shahrida hattoki 2 ta ovoz olgan loyiha (Yakkasaroy tumani Rakatboshi 1-tor ko‘cha – tahr.) ham g‘olib bo‘lgan. Umuman olganda, yo‘llari ancha ravon bo‘lgan poytaxtda 15 ta loyiha 100 tadan kam ovoz yiqqan bo‘lsa-da, g‘olib bo‘la olgan.
Yo‘llari abgor, chekka qishloqlarda minglab, o‘n minglab ovoz yig‘a turib mag‘lub bo‘lgan tashabbuslar soni esa yuzdan ziyod. Farg‘onada Nihol qishlog‘i deyarli 44 ming ovoz to‘plab, Jizzaxda Xonaqoh qishlog‘i va Qashqadaryoda Chuvilloq qishlog‘i 19 mingdan ziyod ovoz to‘plab yutqazgan.
Xususan, men tug‘ilgan Yo‘lamatol qishlog‘i ko‘chalarini ta’mirlash bo‘yicha tashabbus ham 4 mingdan ko‘p ovoz yiqqan bo‘lsa-da, kuchli kurashda yutqazdi”, – deb yozdi u.
Tumanlar, qishloqlarga yaqinlashgan sari bunday misollarni ko‘p uchratish mumkin. Masalan, Kasbi tumanidan Yangihayot ko‘chasi – 26 584, Denov tumani Bunyodkor ko‘chasi – 12 589, Vobkent tumani Shakaravon – 10 444, G‘ijduvon viloyati Yurqand qishlog‘i – 13 743, Baxmal tumani Mustaqillik ko‘chasi 17 695, Asaka tumani “Qadim” MFY Boy ko‘chasi – 11 873ta ovoz bilan mag‘lub bo‘lgan.
Hududlar miqyosida quyiga – shahardan tuman markaziga, tumandan qishloqlarga tushgan sari ovozlar soni oshib, g‘olib bo‘lish ehtimoli pasaya boraveradi. Chunki qishloqlarda abgor yo‘llar shaharlarga qaraganda karrasiga ko‘p. Mablag‘ esa mahalliy budjetlardan ajratiladi. Bu – kambag‘al va yo‘llari abgor hududlarga kamroq, nisbatan o‘ziga to‘qroq va yo‘llarining ko‘proq qismi asfalt qilingan shaharlarga ko‘proq mablag‘ ajratiladi degani. “Mening yo‘lim” loyihasi abgor hududlardagi yo‘llarni ta’mirlashga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojni ko‘rsatib berdi.
“Mablag‘ ajratganda hududlarning asfaltlantirish darajasini inobatga olish kerak”
Kun.uz'ga ayni masala yuzasidan murojaat qilgan xatirchilik Husniddin Toshmatov o‘zi yashaydigan mahalla yo‘lini ta’mirlash uchun qoldirgan tashabbusi 2000dan ziyod ovoz yig‘ib mag‘lub bo‘lganini aytadi.
“Menimcha, loyihalarga pul ajratilishini mahalliy budjet mablag‘lariga bog‘lab qo‘ymaslik kerak. Ahvoli og‘ir, abgor, hatto 10 foiz yo‘llari ham asfaltlashtirilmagan hududlarga respublika budjetidan ham pul ajratish kerak.
Mahallamda 25 ta ko‘cha bor – ikkitasi asfalt qilingan, bu hatto 10 foiz ham emas. Ammo shaharlarda, tuman markazlarida aksar ko‘chalar asfaltlashtirilgan. Mablag‘ ajratganda hududlarning asfaltlashtirish darajasini ham inobatga olish kerak deb o‘ylayman.
Biz 2000dan ziyod ovoz bilan ham g‘olib bo‘la olmadik, shaharda 100ta ovoz yig‘gan loyihalar ham yutyapti – chunki yo‘llar unchalik abgor emas, aksar yo‘llar ta’mirlangan. Umuman, shaharlarni “Mening yo‘lim” loyihasidan ham chiqarish masalasini o‘ylab ko‘rish kerak. Ahvoli og‘ir hududlarga e’tibor qaratilishi kerak. Mahallalardagi aholi sonini ham inobatga olish kerak deb o‘ylayman”, – deydi u.
Murojaatchi 2000 dan ziyod ovoz to‘plagan loyihalar ham moliyalashtirilishidan umidvor. “Tashabbusli budjet”ning so‘nggi mavsumlarida prezident tashabbusi bilan shunday qilib kelinmoqda. Xususan, 2023 yil 1-mavsumida ishtirok etib, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 1 309 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratilgan edi.
"G‘olib loyihalarni aniqlash mexanizmlari takomillashtiriladi" — IMV
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda ayrim loyihalarning dastlab g‘olib bo‘lgani va keyinchalik yetarli ovoz to‘play olmagan loyihalar g‘oliblar ro‘yxatidan chiqarilgani yuzasidan izoh berdi.
“Xizmat tekshiruvi davomida ovoz berish bosqichi yakunlari shuni ko‘rsatdiki, ayrim tuman va shaharlarda g‘olib loyihalar texnik sabablarga ko‘ra noto‘g‘ri aniqlanganligi ma’lum bo‘ldi”, – deyiladi bayonotda.
Ma’lum qilishicha, kamchiliklar 20 daqiqa ichida bartaraf etilgan hamda yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib loyihalarning manzilli ro‘yxati axborot portalida e’lon qilingan.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, raqobat mavjud bo‘lmagani sababli kam ovoz to‘plab, g‘olib bo‘lgan tashabbusli loyihalar ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqilgan va kelgusida g‘olib loyihalarni aniqlash mexanizmini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga oid topshiriq berilgan.