Shifokor osteoxondroz alomatlarini sanab o‘tdi 

Jamiyat 21:04 / 08.05.2023 25664

Aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan va uzoq vaqt bir joyda o‘tirib ishlaydigan aksariyat kishilarning umurtqa pog‘onasi va bo‘yin sohasida kuchli og‘riqlar paydo bo‘ladi. Bu osteoxondroz alomati bo‘lishi mumkin. Bu haqda oliy toifali shifokor Ra’no Nosirova ma’lumot berdi. 

— Yillar o‘tgani sari inson umurtqa pog‘onasining harakatchanligi hamda qayishqoqligi kamayib boradi, — dedi mutaxassis. — Odam kam harakat qilganda statik yuk ortib, umurtqa pog‘onasini tutib turuvchi mushaklar tonusi susayadi. Oqibatda ular orasidagi disklarning oziqlanishi buziladi. Bu esa osteoxondroz paydo bo‘lganidan darak. 

Shifokor so‘zlariga ko‘ra, kasallik, asosan, bo‘yin, ko‘krak, bel va dumg‘aza suyaklarida kuzatiladi. Uning ikki xil ko‘rinishi bo‘lib, birlamchi osteoxondroz ko‘proq yoshi katta insonlarda uchraydi. Xastalik payti disklarda degenerativ o‘zgarishlar sodir bo‘lib, bunda disk suyuqligi va ozuqasi kamayadi. 

Ikkilamchi osteoxondrozga turli yuqumli kasalliklar, umurtqa pog‘onasidagi shikastlanishlar va haddan tashqari jismoniy zo‘riqish holatlari sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, jismoniy mashqlar va sport bilan shug‘ullanmaydigan insonlar ham osteoxondrozga moyil. 

«Kasallik asosan og‘riqlar bilan namyoon bo‘ladi. Bo‘yin umurtqasi osteoxondrozida barmoqlarda uyushish, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, bosh aylanishi, bo‘yin, bosh va qo‘llarda og‘riq hamda quloqlarda shovqin kuzatiladi. Ko‘krak qafasi osteoxondrozida bemor qiyin nafas olish, bel og‘rig‘i, ko‘krak qafasida yonish yoki siqilish hissidan aziyat chekadi. Belda uchraydigan bunday xastalikda esa oyoqlar va pastki bel og‘rib, barmoqlar uyushadi», dedi Nosirova. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyasiga ko‘ra, kasallikka to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun albatta shifokor ko‘rigidan o‘tish lozim. Osteoxondrozning oldini olish va undan xalos bo‘lish uchun badantarbiya mashg‘ulotlarini kanda qilmaslik, suvda suzish, kamharakatlilikdan va bir joyda uzoq harakatsiz o‘tirishdan saqlanish kerak.

Ko‘proq yangiliklar: