2023 yil 1 iyundan boshlab, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirish va taqdim etish tartibi bekor qilinadi.
Bu – yangi tahrirdagi konstitutsiyani ro‘yobga chiqarishga doir prezident farmonida belgilandi.
1 iyundan boshlab, shuningdek, chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarining faoliyat ko‘rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar ham olib tashlanadi.
Eslatib o‘tamiz, kartadan kartaga pul o‘tkazmalariga hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha talab prezidentning fevral oyidagi farmonida ko‘zda tutilgandi. Farmonga ko‘ra, bu tartib 1 maydan kuchga kirishi kerak edi.
Bu tartibning ishlashi amalda millionlab fuqarolarning kartadan kartaga o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlar soliq organlarida to‘planishini, bu esa bank sirlari daxlsizligi qo‘pol va tizimli ravishda buzilishini anglatar edi.
Bu noqonuniy talabni joriy qilishga urinib kelgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu nima uchun kerakligi haqida biror marta izoh bermadi.
Kun.uz bu mavzuni atroflicha yoritib bordi. 1 maydan e’tiboran kuchga kirgan yangi konstitutsiyada bank sirlari daxlsizligi bo‘yicha normaning kuchaytirilgani amalda taklif etilgan o‘zgarishni konstitutsiyaga qarshi qilib qo‘ygan edi.