Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi sobiq bosh maslahatchisi Husan Ravshanovga qo‘llangan qamoqqa olish ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u qo‘yib yuborilgan. Bu haqda uning advokati Abdumalik Abdullayev feysbuk sahifasi orqali xabar berdi.
«Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 2023 yil 4 maydagi ajrimiga asosan Husan Ravshanovni qamoqqa olish ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, 1-sonli tergov hibsxonasidan ozod etildi.
Yashnobod tuman sudi sudyasi jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlash haqida ajrim chiqarish vaqtida JPK 396-moddasiga muvofiq ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi noto‘g‘ri tanlangan, degan to‘xtamga kelib ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqida ajrim chiqardi», deyiladi xabarda.
Bu o‘zgarish Ravshanovning rafiqasi Sevara Ravshanova sayyor qabulda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga murojaat qilishi ortidan ro‘y berdi. O‘shanda murojaatchi bosh prokuror qabulida ichki ishlar va prokuratura xodimlari uni «koptok qilishayotgani», turmush o‘rtog‘ining ishi qachon sudga oshishi haqidagi oddiy ma’lumotni advokatlarga ham aytishmayotganini bildirib, eriga nisbatan qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasi o‘zgartirilishida amaliy yordam so‘ragandi.
Bosh prokuror ushbu murojaatni shaxsan nazoratga olishi, yon daftarchasiga ariza tafsilotlarini yozib olganini, yordam berishga harakat qilishini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi sobiq bosh maslahatchisi Husan Ravshanov 2023 yil 3 fevral kuni JPKning 227-moddasi tartibida ushlanib, 5 fevral kuni qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan edi.
Unga, go‘yoki Facebook'da begona ism-sharif bilan akkaunt ochib, adliya xodimlarini korrupsiyada ayblash orqali tuhmat qilishda ayblov ilgari surilgan.
Sevara Ravshanova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Facebook’dagi «Sanjar Karimov» nomli akkaunt turmush o‘rtog‘iga tegishli emasligini ta’kidlagan. U umr yo‘ldoshi uchinchi shaxslar fitnasi qurboni bo‘lganini da’vo qilgan.