O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 4 may kungi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Bu qaror iqtisodiyotda narxlar o‘sishining yanada sekinlashishiga yordam beruvchi pul-kredit sharoitlarini ta’minlash, shuningdek, mart oyidagi asosiy stavka pasaytirilishining yalpi talab va taklifning muvozanatlashuviga ijobiy ta’sirlarini davom ettirishga qaratilgan, deyiladi regulyator tarqatgan relizda.
Ta’kidlanishicha, yillik inflatsiya darajasi mart va aprel oylarida ham pasayishda davom etdi hamda mos ravishda 11,7 va 11,0 foizga teng bo‘ldi. Ushbu pasayishda mavsumiy omillar va o‘tgan yildagi yuqori baza effekti ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Inflatsiyaning uzoq muddatli va barqaror omillarini ifoda etuvchi bazaviy inflatsiyada ham mart oyida sezilarli pasayish dinamikasi kuzatilib, yillik 12,9 foizgacha sekinlashdi (2022 yil dekabr oyida 13,8 foiz). Bunda, bazaviy inflatsiyaning umumiy inflatsiyaga hissasi o‘tgan yilning oktabr oyidan buyon birinchi marta 10 foiz banddan kamroqni tashkil etdi.
Ayni paytda, bazaviy inflatsiya darajasining umumiy inflatsiyadan yuqoriligi iqtisodiyotda ma’lum bir inflyatsion xatarlarni saqlanib qolayotganini ifodalaydi.
Kelgusi 12 oy uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari ham pasayish tendensiyasiga qaytdi va mos ravishda 14,4 va 14,1 foiz darajasida shakllandi. Bunda, aholining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha javoblar medianasi – 11,5 foizgacha va tadbirkorlik sub’yektlariniki – 11,4 foizgacha pasaydi.
Joriy yilning yanvar oyida iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalar keskin oshib, aholi va tadbirkorlarning iqtisodiy vaziyat hamda narxlar bo‘yicha xavotirlari oshganini namoyon qilgan edi. Kutilmalarning pasayishi va uzoq muddatli trendiga yaqin shakllanishi inflyatsion jarayonlarning sekinlashuvi bo‘yicha umumiy tendensiyalarning kelgusida ham davom etishi borasidagi mulohazalarni kuchaytirmoqda.
Tashqi moliyaviy sharoitlarning qat’iylashib borayotgani jahon va mintaqaviy moliya bozorlarida tebranuvchanlikning kuchayishida namoyon bo‘la boshladi.
Xalqaro bank tizimida yuzaga kelayotgan xatarlarga nisbatan tezkor javob choralari qo‘llanilishiga qaramay, kreditlash shartlarida qat’iylik va kelgusi xatarlar bo‘yicha noaniqliklarning yil oxirigacha saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.
O‘tgan yildagi yuqori darajadagi transchegaraviy pul o‘tkazmalari, joriy yilda davlat budjeti xarajatlarining oshishi, shu jumladan, ish haqi va nafaqalarning oshirilishi iste’mol talabi o‘sishini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘lmoqda. Bu, o‘z navbatida, kelgusi choraklarda iqtisodiy faollikning yuqori bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Pul bozorida nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlanib qolinmoqda. Yanvar-aprel oylarida UZONIA indeksi to‘liq foiz koridori doirasida, asosiy stavka pasaytirilishidan so‘ng esa 13 foiz atrofida shakllandi.
Tijorat banklari depozit bazasining o‘sish sur’atlarida jadallashish kuzatilmoqda. Aprel oyi yakunlari bo‘yicha milliy valutadagi muddatli depozitlar qoldig‘i o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga oshdi.
Iqtisodiyotni kreditlash sur’atlarining o‘sishi, asosan milliy valutada ajratilgan kreditlar hisobiga, tezlashdi. Tijorat banklari tomonidan yanvar-aprel oylarida ajratilgan kreditlar hajmining 1,3 barobarga o‘sishida aholiga berilgan avtokreditlar, mikroqarzlar va iste’mol kreditlarining yuqori sur’atlarda oshganligi asosiy omil bo‘ldi.
Ushbu tendensiyalar, o‘z navbatida, iqtisodiyotda dollarlashuv darajasining pasayishida ham o‘z aksini topib, depozitlar bo‘yicha dollarlashuv darajasi – 30,6 foizgacha, kreditlar bo‘yicha esa – 44,3 foizgacha pasaydi.
Jahonda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2023 yilning II yarmida global iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarining sekinlashishi kutilmoqda. Global inflatsiya kutilganidan ko‘ra sustroq pasayishda davom etadi.
Ayni paytda, xizmat ko‘rsatish sohasidagi narxlarda barqaror o‘sish tendensiyalari kuzatilmoqda. Aksariyat mamlakatlarda bazaviy inflatsiyaning yuqoriligicha qolayotgani, qat’iy global moliyaviy sharoitlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishi bo‘yicha ehtimollarni kuchaytirmoqda.
Jahon xomashyo bozorlarida yuqori tebranuvchanlik yuzaga kelib, asosiy eksport tovarlari narxlari bo‘yicha noaniqliklar ortmoqda.
Tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilayotgan kreditlar hajmining keskin o‘sishi qarz yukini oshirishi orqali moliyaviy va makroiqtisodiy barqarorlik bo‘yicha xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligini inobatga olib, Markaziy bank tomonidan makroprudensial siyosat choralarini qo‘llash orqali kreditlar o‘sishini muvozanatlashtirish choralari ko‘riladi.
Joriy yilning I choragi dastlabki natijalari, iqtisodiyotda aksariyat ko‘rsatkichlar makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida shakllanayotganligini tasdiqlamoqda.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha real YaIM o‘sishi dastlabki prognozlardan ko‘ra yuqoriroq bo‘lishi bo‘yicha ehtimollar ortmoqda.
Yil yakuni bo‘yicha inflatsiya darajasining prognoz diapazoni
8,5-9,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. Inflyatsion kutilmalar dinamikasi, pul bozoridagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari, asosiy mahsulotlar taklifi bo‘yicha vaziyatning barqarorlashib borayotgani, inflatsiyaning mazkur prognoz koridori o‘rtasida shakllanishi bo‘yicha ishonchni oshirmoqda.
Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining yalpi talab, narxlar darajasi va inflyatsion kutilmalarga ta’sirini baholashda davom etadi. Bunda, qabul qilinayotgan qarorlar inflatsiyaning prognoz koridori doirasida shakllanishini ta’minlashga qaratiladi, deyiladi Markaziy bank tarqatgan axborotda.
MB boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 15 iyunga belgilangan.