Aprel oyi boshida tijorat banklarida ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilgan edi.
Unga ko‘ra, bank karta egalarining quyidagi operatsiyalari shubhali deb baholanadi:
- mijozning bank kartasidan bank mobil ilovasi orqali bir vaqtdan ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida BHMning 500 baravariga (165 mln so‘m) teng yoki undan oshadigan umumiy summada pul mablag‘larini bir yoki bir nechta bank kartalariga yoxud elektron hamyonlarga o‘tkazilishi;
- Mijozning bank kartasiga bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddatda BHMning 500 baravariga teng yoki undan oshadigan umumiy summada pul mablag‘larining bir yoki bir nechta bank kartalaridan yoxud elektron hamyonlardan kelib tushishi;
- 5 ta va undan ortiq bank kartasidan (elektron hamyondan) bank mobil ilovasi orqali bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida xorijiy elektron hamyonga pul mablag‘larining o‘tkazilishi (yoki kelib tushishi);
- 1 ta bank kartasi (elektron hamyondan) bank mobil ilovasi orqali bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 5 ta va undan ortiq xorijiy bank kartasiga yoki xorijiy elektron hamyonga pul mablag‘larining o‘tkazilishi (yoki kelib tushishi).
Shubhali deb baholangan operatsiyalarga oid ma’lumotlar vakolatli davlat organi bo‘lgan Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentiga beriladi.
Jamoatchilik faollari bu yangilik e’lon qilinishi bilan bu onlayn omonatchilar ham shubha ostiga olinishi yoki bir jismoniy shaxs o‘z kartasidan boshqa kartasiga 165 mln so‘mdan ko‘p mablag‘ o‘tkazishiga ham shubha bilan qaralishi borasida xavotir bildirdi.
Markaziy bank yangi qoidalar jismoniy shaxslarning omonatlari elektron hamyonlariga yoki bank kartalariga qaytarilishi, shuningdek, tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarga tatbiq etmasligi haqida bayonot berdi.
Shunday bo‘lsa-da, qoidalarga muvofiq, banklar 165 mln so‘mdan ortiq operatsiyalar haqida departamentga ma’lumot berishi kerak.
MB raisi Mamarizo Nurmurodov 4 may kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani doirasida Kun.uz muxbiriga bu yangi tartib haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yangilik Pul yuvishga kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi xalqaro guruh (FATF) tavsiyalari asosida joriy etilgan.
“FATF talablariga ko‘ra, shubhali operatsiyalar bo‘yicha bank tizimida ichki nazorat talablariga asosan, nazorat olib boriladi. Bu qanaqa operatsiya bo‘lishidan qat’i nazar. Masalan, siz bilan bizning valuta ayirboshlash operatsiyamiz bo‘ladimi yoki boshqa amaliyotimizmi, doimiy ravishda bankning ichki nazoratida bo‘ladi. Bu aytilgan 165 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan kartadan kartaga o‘tkazmalar ham. Bu yerda faqat jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq xatarlar bo‘lgan taqdirdagina departamentga beriladi. Bu departamentga berildi degani o‘sha shaxsga nisbatan jinoiy ish ochildi degan narsani bildirmaydi. Faqat shubhali toifaga mansub bo‘lgani uchun departamentga beriladi”, – dedi u.
Nurmurodov bu umume’tirof etilgan tavsiyalar ekani, nafaqat O‘zbekiston, balki jahondagi boshqa davlatlar ham FATF talabalaridan kelib chiqib faoliyat yuritishini qayd etdi.
“FATQ tomonidan biz bilan o‘tkazilgan monitoring jarayonida shunaqa tavsiyalar berilgan. Biz buni shu jarayonda inobatga olganmiz. Buni hech qanaqa aholining omonatidagi o‘zgarishlar yoki pul o‘tkazmalari bilan bog‘lash to‘g‘ri emas”, – dedi regulyator rahbari.