Senatning 3 may kungi yalpi majlisida tadbirkorlarning bank hisobvaraqlariagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga doir qonun ma’qullandi.
Qonun bilan, tadbirkorlik sub’yektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik yoki olib qo‘yganlik yoxud ortiqcha undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarmaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanyapti.
Xususan, bu huquqbuzarlik uchun aybdorga BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha (6,6 mln so‘mdan 13,2 mln so‘mgacha) miqdorda ma’muriy jarima kiritilyapti.
Tadbirkorlarning pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmaslik holati aybdor tomonidan unga ma’muriy jazo qo‘llangandan keyin ham sodir etilsa, jinoyatning toifasiga qarab BHMning 200 baravaridan 600 baravarigacha (66 mln so‘mdan 198 mln so‘mgacha) jarima yoki 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Senat raisi Tanzila Norboyeva bugungi kunda bunday huquqbuzarlik uchun jazo yo‘qligini aytdi.
“Mamlakatimizda 530 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yektlari faoliyat olib bormoqda. Agar ularda mehnat qilayotganlar soni inobatga olinsa, qonunchilikdagi mazkur o‘zgartishlar millionlab kishilarning manfaatlariga bevosita va bilvosita daxldor ekanini tushunish qiyin emas. Kiritilayotgan mazkur normalar birinchi navbatda, soliq organlari, banklar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga katta mas’uliyat va javobgarlik yuklaydi”, – dedi Norboyeva.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, shu yil mart oyida Toshkentda soliqchilar foyda solig‘idan avansni noqonuniy tarzda hisoblab, tadbirkorlar hisobidan ortiqcha mablag‘ yechib olgan edi. Bu keskin e’tirozga sabab bo‘lishi ortidan, 5 nafar mulozim, xususan Soliq qo‘mitasining departament boshlig‘i va poytaxtning bosh soliqchisi jazoga tortilib, ortiqcha undirilgan pullarni qaytarish choralari ko‘rilgan edi.